Putin nega Tergov qo‘mitasini saqlab qolmoqchi?
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tergov qo‘mitasi vakolatini kengaytirishni taklif qilmoqda: mamlakatdagi eng katta tergov organiga barcha turdagi –molekulyar-genetikdan daktiloskopik tekshiruvgacha bo‘lgan –ekspertizani o‘tkazish huquqi berilishi mumkin.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining o‘zi qonunga o‘zgartish tashabbusini ko‘rsatib, taklif etilayotgan loyiha parlamentga kiritildi. Agar prezidentning o‘zi qonunchilik tashabbusini bildirgani inobatga olinsa, parlament bu masalada ikkilanib o‘tirmay, yakdil qarorga kelishini taxmin qilish mumkin.
2011 yili tashkil etilgan mustaqil Tergov qo‘mitasi (TQ) prokuratura organlari tarkibida shakllangan bo‘lib, jinoyat ishlari va og‘ir ijtimoiy qilmishlarni tergov qilish bilan shug‘ullanadi.
Paydo bo‘lgandan buyon TQga rahbarlik qilayotgan Aleksandr Bastirkin va Bosh prokuror Yuriy Chayka o‘rtasida xufiyona kurash boshlangan.
Putin tashabbusiga sabab bo‘lgan to‘qnashuv haqida bir og‘iz: Rossiya Bosh prokurori o‘tgan yili TQ jinoiy ishlar bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazish huquqiga ega emasligi, uning huzuridagi Kriminalistika masalalari markazi xodimlari tibbiyot mutaxassislari emasligini qat'iy eslatgandi.
Prezident bu masalada Bastirkin tomonida turib, qo‘l silkitayotgan bo‘lsa, o‘tgan yili tarqagan gaplar o‘z tasdig‘ini topmagani oydinlashadi. Masalan, prezidentlik saylovidan oldin Rossiyada Federal tergov xizmati paydo bo‘lishi, TQ faoliyatiga nuqta qo‘yilishi bildirilgandi. Boshqa manbaga ko‘ra, qo‘mita Bosh prokuratura to‘liq nazoratiga qaytishi mumkin edi.
Mish-mishlar shunchalik aniq mazmunga ega bo‘lgandiki, RIA qo‘mita rahbari lavozimida ishlayotgan Bastirkinning RF Konstitutsion sudi Valeriy Zorkin o‘rnini egallashi haqida yozgandi.
TQ faoliyatining ko‘zga ko‘ringan eng mashhur tanqidchisi — Bosh prokuror Chaykani Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko qo‘llab-quvvatlagandi. U ayni qo‘mita tugatilishi haqida mish-mishlar tarqaganda prokuratura organlari nazorati kuchaytirilishi haqida qonun loyihasi tayyorlanayotgani aytgan.
«Barcha senatorlar tergov ustidan nazoratning prokuraturaga qaytarilishini ma'qullamoqda», — deb fikr bildirgandi u.
Bastirkinning yaqin sherigi, Tergov qo‘mitasi Moskva boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Aleksandr Drimanov ishi ham mish-mishlarga kuch bergandi. Gap shundaki, sobiq rahbar kriminal avtoritetlardan pora olganlikda ayblanib qo‘lga olingandi. Bu payt Bastirkinning o‘zi ta'tilda edi, ko‘pchilik uning ta'tildan ishxonaga qaytmasligini bashorat qildi.
Drimanov qo‘lga olinishi yana 3 oyga cho‘zildi. Bosh prokuratura esa nazoratning kuchayishi bo‘yicha qonun loyihasini haligacha Duma tasdig‘idan o‘tkazolmadi. Uni prezident emas, KPRF vakillari parlamentga kiritdi.
2018 yilda Rossiya Ichki ishlar vazirligi ham tugatilishi mumkin edi. Uning o‘rnida, Federal xavfsizlik xizmatini qayta tashkil etish orqali, yagona Davlat xavfsizligi vazirligi tuzilishi taklif etilgandi. Uning paydo bo‘lishi sharofati bilan Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakolatlari qirqilishi kutilgandi. Bu islohotlarning birontasi ham bo‘lmadi. Prezident ommaviy nutqlarida esa biznesga bosim o‘tkazmaslik chaqirishi bilan cheklanmoqda.
O‘tgan yilgi prezidentlik saylovlari mamlakatda huquq-tartibot organlari faoliyatini isloh etish uchun eng qulay payt bo‘lgandi. Prezident buni amalga oshirishga shoshilmadi. Kreml o‘zi uchun past samara berayotgan barqarorlik saqlanib qolinishini ma'qul ko‘rdi. O‘ylaymanki, ekspertiza faoliyatini Tergov qo‘mitasi ixtiyoriga topshirish ham shu barqarorlik kafolatlaridan biri sanaladi, ammo jamiyat va davlat ziyoni uchun xizmat qiladi.
O‘zbekistonda esa sud ekspertizasi faoliyatini muvofiqlashtirish Adliya vazirligi vakolatiga kiradi. Vazirlik rahbari Ruslan Davletov bu haqda quyidagi fikrni bildirgandi:
«Adliya vazirligi tergov va sud jarayonlarida manfaatdor tomon emas. Qolaversa, biz huquq amaliyotining qo‘llanishi ustidan monitoring olib boramiz. Demak, sud ekspertizasi Adliya vakolatida qolishi fuqarolik jamiyati qurmoqchi bo‘lgan demokratik davlat tuzilmasida tenglikni ta'minlashdagi eng oqilona yechim bo‘la oladi. Vazirlik timsoli Femida ham bejiz tanlanmagan».
O‘zbekistonda tergov ishi ham boshqacha tashkil etiladi. Jinoyat protsessual kodeksining 345-moddasida ta'kidlanganidek, jinoyat ishining tergovga tegishliligi belgilangan. Bunda dastlabki tergov prokuratura organlari, harbiy prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlarining tergovchilari tomonidan olib borilishi nazarda tutilgan jinoyatlar farqlantirilgan.
Mavzuga oid
19:46 / 06.11.2024
Putinning AQSh prezidentlik saylovi natijalariga munosabati ma’lum qilindi
11:10 / 04.11.2024
CNN: AQSh saylovlari Putinni Kiyev bilan muloqotga undamaydi
11:20 / 30.10.2024
OAV: Putinning soqchilari tasodifan uning harakatlanishini oshkor qilib qo‘ydi
10:40 / 30.10.2024