O‘zbekiston | 16:48 / 23.03.2019
7217
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston&QS: Universitetlarning xalqaro reytinglarga kirishiga oid kelishuv imzolandi

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Quacquarelli Symonds (QS) kompaniyasi o‘rtasida mahalliy universitetlarning WUR (World University Rankings – jahonning eng yaxshi universitetlari reytingi)ga kirishiga oid strategik kelishuv imzolandi. Kun.uz muxbiri shu haqida xabar berdi.

Prezidentning 2019 yil 26 fevraldagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi pozitsiyalarini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, “Ilm-fan – 2020” dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov hamda QS mintaqaviy direktori Zoya Zaytseva universitetlarning QS versiyasi bo‘yicha WUR’ga kirishini qo‘llab-quvvatlashga oid strategik kelishuvni imzolashdi.

Mazkur kelishuv doirasida QS Intelligence Unit metodologiyaga izoh berishda ko‘mak ko‘rsatadi, shu bilan birga, jamoa QS’ning ochiq va yopiq ma'lumotlaridan foydalanib, universitetlarning global, mintaqaviy va fanlar darajasidagi natijalarini ko‘rib chiqadi. Ushbu tahlil strategik va salohiyatli yutuqlar zonalarini belgilash imkonini beradi hamda asosiy ko‘rsatkichlar  bo‘yicha kuchli va zaif tomonlarni asoslab beradi.  

   

Natijalar Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining strategik yo‘nalishiga muvofiq taqdim etiladi.

QS World University Rankings — global tadqiqot va uning natijasida ilm-fan sohasidagi yutuqlar ko‘rsatkichlari bo‘yicha tuziladigan  jahonning eng yaxshi universitetlar reytingi. Reyting Britaniyaning Quacquarelli Symonds (QS) konsalting kompaniyasi metodikasiga muvofiq hisoblanadi va dunyoning eng nufuzli universtetlar reytinglaridan biri hisoblanadi.                               

Universitetlarning xalqaro reytinglarga kirishi oliy ta'lim muassasalarining rivojlangan ilmiy-tadqiqot salohiyatga ega muassasalarga aylanishini ko‘zda tutadi.

Universitetlarning ilmiy salohiyati Scopus ilmiy ma'lumotlar bazasini qo‘llovchi yetakchi reyting agentliklari tomonidan o‘lchanadi.

Ma'lumot uchun: Quacquarelli Symonds – ilm-fanga ixtisoslashgan Britaniya kompaniyasi. Kompaniyaga 1990 yilda Nunsio Kvakvelli tomonidan asos solingan.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid