Jahon | 15:37 / 26.03.2019
11125
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lovchi samolyot xatolik tufayli boshqa mamlakatga qo‘ndi

Foto: Neil Hall/Reuters

25 mart kuni British Airways aviakompaniyasining samolyoti Germaniya o‘rniga Shotlandiyaga parvozni amalga oshirdi. Bu haqda «Bi-bi-si» xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, gap British Airways kompaniyasining havo kemasi haqida ketyapti. Uning yo‘lovchilari Dyusseldorfga parvoz qilishayotganiga amin bo‘lishgan. Biroq, qo‘nish jarayonidan so‘ng, uchuvchi layner Edinburgga yetib kelgani to‘g‘risida e'lon qilgan.

Reys samolyotni British Airways bilan lizing shartnomasi asosida boshqargan Germaniyaning WDL kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Hodisa uchuvchilar va London aeroportidagi dispetcherlik xizmatiga noto‘g‘ri parvoz rejasi berilgani sabab yuz bergan — xato yuz berganini samolyot Shotlandiyaga qo‘nib bo‘lganidan so‘nggina anglab yetishgan.

Samolyot ekipaji yo‘lovchilardan kimlar Dyusseldorfga uchishni istasa, qo‘llarini ko‘tarishni so‘rashgan. «Barcha qo‘l ko‘tardi», – deya hikoya qiladi 24 yoshli yo‘lovchi Sofi Kuk. 

Edinburg Dyusseldorfdan 844 kilometr masofada joylashgan. Samolyot Edinburg aeroportida ikki soat turib, so‘ng Dyusseldorfga uchib ketgan va bu yerga mahalliy vaqt bilan soat 13:00da qo‘ngan, holbuki u bu yerga soat 08:40da yetib kelishi kerak bo‘lgan.

British Airways kompaniyasidagilar yo‘lovchilarning har biri bilan bog‘lanib, ularning safari kechikkani uchun uzr so‘ragan.

Bundan oldin, Boeing milliardlab dollarlik shartnomadan mahrum bo‘lgandi.

Mavzuga oid