Jahon | 16:41 / 28.03.2019
22459
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iz diasporasi Yoqutistondagi vaziyat bo‘yicha bayonot berdi

Foto: Vadim Skryabin / TASS

«Qirg‘iziston birligi» mintaqalararo jamoat tashkiloti raisi Abdug‘ani Shokirovning «Govorit Moskva» radiostansiyasiga intervyuda ma'lum qilishicha, Yoqutistonda muhojirlarga qarshi qabul qilingan choralar «juda qattiqdir».

Avvalroq, Yoqutiston rahbari Aysen Nikolayev bu yil 33ta iqtisodiy sohada mehnat migrantlarini ishga jalb qilmaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergani ma'lum bo‘lgandi.

Shokirovning ta'kidlashicha, bunday qaror Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi kelishuvlari, shuningdek, Rossiya qonunchiligiga zid keladi.

«U yerda [Yoqutiston] ishlayotgan kishilar allaqachon mahalliy sharoitlarga moslashib ketgan. Ish va yashash joyini o‘zgartirish qiyin», - dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, diaspora bu «nozik» masala bo‘yicha eng yuqori darajadagi rossiyalik amaldorlarga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, uning umid bildirishicha, ushbu vaziyat davlatlararo darajada ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Yoqutistonda migrantlarga qarshi norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tayotgani, O‘zbekistonda favqulodda ishchi guruh tuzilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid