Jamiyat | 22:04 / 01.04.2019
8141
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida AKT rivoji uchun 21 milliard so‘m ajratildi

Foto: AKT vazirligi

Xorazm viloyati hokimligi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish uchun 21 milliard so‘m ajratadi. Kun.uz Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovning «Hududlarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishda mahalliy davlat hokimlik organlari bilan hamkorlik munosabatlari» mavzuida respublika seminaridagi bayonotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida bo‘lib o‘tayotgan ushbu tadbirda AKT sohasida hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish, erishilgan natijalarni tizimdagi korxonalar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, soha xodimlarining kasbiy malakasi va bilim darajasini oshirish masalalari ko‘rilmoqda.

Foto: AKT vazirligi

Seminarning ochilishida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov so‘zga chiqishdi.

"Keng maqsadlarni ko‘zlagan mazkur seminar birinchi marotaba viloyat hokimligi bilan birga o‘tkazilmoqda, – dedi Shuhrat Sodiqov. – Seminar o‘zaro tajribalar almashish, yangi g‘oyalar tug‘ilishiga katta turtki beradi, deb o‘ylayman. Davlat rahbarining tashabbusiga asosan hududlarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, kasb-hunarga o‘rgatish, axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish maqsadida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil qilinyapti. Shunday markazlar, Namangan, Sirdaryo, kuni kecha Buxoro viloyatida ochildi. Xorazm viloyatida 2019-2020 yillar davomida ana shunday markazlardan 12 ta tashkil etiladi va bu markazlarda 11 mingdan ziyod xorazmlik yoshlar o‘qitiladi, 1061 ta maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi va sog‘liqni saqlash muassasalari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanadi, mazkur maqsadlar uchun qariyb 111 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan".

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov viloyatda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun mahalliy budjetdan 21 milliard so‘m ajratilishini aytdi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha hamkorlik yanada kuchayishiga umid bildirdi.

Seminar ishtirokchilari TATU Urganch filialidagi ishlar bilan tanishishdi. Xususan, AKT vaziri va Xorazm viloyati hokimi ishtirokida filialda sport majmuasi, Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar markazi, 200 o‘rinli talabalar oshxonasi ochildi.Talaba-yoshlar turizm, tibbiyot, tijorat, xavfsiz hudud, «Aqlli uy» singari innovatsion loyihalari taqdimotini o‘tkazishdi. Mutaxassislar «Aloqabank» bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan asalarichilik faoliyati haqida so‘zlab berishdi.

Foto: AKT vazirligi
Foto: AKT vazirligi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov vazirlik tomonidan TATU Urganch filialining Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar markaziga “Damas” avtomobilini sovg‘a qildi.

Vazirlik tomonidan Xorazm viloyat xalq ta'limi boshqarmasi bilan hamkorlikda Urganch shahridagi 30-maktabda kompyuter texnologiyalari, robototexnika, kibersport bo‘yicha maxsus to‘garak tashkil etilgan. AKT vaziri va viloyat hokimi mazkur to‘garakda bo‘lib, o‘quvchilar bilan suhbatlashishdi, ularga kitoblar sovg‘a qilishdi.

Foto: AKT vazirligi

Bundan tashqari, shu kuni Xiva shahrida Raqamli texnologiyalari o‘quv markazi ochildi, unda AKT vaziri hamda Xiva shahri hokimi ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari shahardagi Xiva aloqa tarixi muzeyi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Mavzuga oid