Ukraina saylovi: Timoshenko Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlamoqchi emas
«Batkishshchina» partiyasi yetakchisi, Ukraina prezidentligi uchun saylovlarda nomzod bo‘lgan va ikkinchi turga o‘ta olmagan Yuliya Timoshenko ikkinchi turda amaldagi prezident Petro Poroshenkoni ham va shoumen Vladimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.
«Men MSK qarori bilan ikkinchi turga o‘tgan nomzodlarning hech biri mamlakat rahbari sifatida oldinga qo‘yiladigan vazifalarni bajarishga qobil emas deb hisoblayman. Ular na urushni va na qashshoqlikni to‘xtata olishadi», degan Timoshenko.
Shu tariqa, Zelenskiy ikkinchi turda Timoshenko bilan birlashishi haqidagi taxminlar yo‘qqa chiqdi.
Saylovda ovoz berish jarayoni yakunlangach, rada deputati Mustafa Nayyem Timoshenko va Zelenskiy ikkinchi turda birgalikda harakatlanishga kelishib olishgani, unga ko‘ra Zelenskiy prezidentga aylansa, 2019 yilning oktyabrida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida Yuliya Timoshenko bosh vazirga aylanishi uchun yordam berishi kerakligi aytilgandi.
Timoshenko yana nimalar dedi?
Birinchi turda 13,39 foiz ovoz olib uchinchi bo‘lgan nomzod bor diqqatini «ikkinchi turda ovozlar soxtalashtirilmasligi uchun harakat qilishi»ni ta'kidladi.
U saylovlarni «maynabozchilik» deb atagan va natijalar bir nomzod foydasiga - amaldagi prezident Petro Poroshenko manfaatlari yo‘lida soxtalashtirilgani haqida gapirgan.
U natijalardan shikoyat qilar ekan, shu bilan birga sudga ham murojaat etmasligini qo‘shimcha qilib, sud tizimiga ishonmasligini ta'kidlagan. «Biz yo‘q narsadan umid qilmaymiz. Ukrainada sud tizimi yo‘q, shu tufayli saylov natijalaridan shikoyat qilish o‘rinsiz», degan Timoshenko.
U shuningdek, o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqib, aksiyalar o‘tkazishga ham chaqirmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, norozilik aksiyalari mamlakatda beqarorlik keltirib chiqarishi va ichki parokandalikka sabab bo‘lishi mumkin. «Biz bunday siyosat yuritmaymiz. Men saylovchilarning ovozini hurmat qilaman. Biz saylovlarni himoya qilishda davom etamiz», degan muxolif siyosatchi.
Ovoz berish jarayoni yakunlangan kechada Petro Poroshenko shtabi vakili Sergey Berezenko jurnalistlarga «saylovlar mutlaqo halol o‘tgani» haqida ma'lum qilgandi.
Xalqaro kuzatuvchilar ayrim hududlarda qoida buzilishlarini qayd etishdi, ammo bu qoida buzilishlari natijalarga ta'sir ko‘rsatmagan deb topildi. YeXHT kuzatuvchilari ham saylovlarni «erkin va raqobat muhitida» kechdi deb baholadi.
Mavzuga oid
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
10:42 / 08.11.2024
Zelenskiy Budapeshtda RFga yon bosmaslikka chaqirdi
09:08 / 08.11.2024
Zelenskiy: Kursk oblastidagi KXDR askarlari yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda
08:30 / 07.11.2024