Light | 18:31 / 05.04.2019
88349
7 daqiqa o‘qiladi

Jahondagi eng yirik masjidlar

Musulmon olamida masjidlarning o‘rni beqiyos. Ular nafaqat ibodat, balki ma'rifat, saxovat, axborot almashinuvi markazlari hamdir. E'tiboringizga dunyodagi eng yirik* masjidlar yettiligini keltirib o‘tamiz. 

7. Shayx Zayd masjidi. Abu-Dabi, Birlashgan Arab Amirliklari

Masjid uning asoschisi va mamlakatning birinchi rahbari Zayd ibn Sulton Nahayyon sharafiga nomlangan. Qurilish ishlari 1996 yilda boshlanib, 12 yil davom etgan va rasmiy ochilishi 2007 yilning Ramazon oyida bo‘lgan. Masjid sig‘imi 40 mingdan ortiq namozxon uchun mo‘ljallangan. Shayx Zayd masjidi 82ta gumbaz, minglab ustun va qandillar hamda qo‘l mehnatida to‘qilgan dunyodagi eng katta gilam (bu gilamni ming nafar to‘quvchi bir yil davomida to‘qigan) bilan bezatilgan. Masjidning asosiy binosida diametri 10 metr, balandligi 15 metr, og‘irligi 12 tonna bo‘lgan qandil o‘z nurini sochadi. Masjid kunduzi quyoshda oq va tilla, kechqurun esa boshqa ranglarda yarqirab turadi. Umumiy maydoni 22 ming kv.m. va bu maydon ham poklik ramzi bo‘lgan asosiy bino singari oq marmar bilan qoplangan.

6. Hasan II masjidi, Kasablanka, Marokash

Foto: Shutterstock

Marokashning yirik Kasablanka (Dorul Biyzo) shahridagi Hasan II jome masjidi 1986-1989 yillarda qurib bitkazilgan bo‘lsada, o‘z faoliyatini 1993 yilda boshlagan. Masjid minorasining balandligi 210 metr bo‘lib, bu borada eng baland ko‘rsatkich sanaladi. Umumiy maydoni 9 gektarga yaqin bo‘lgan masjidda umumiy hisobda 105 ming kishi ibodat qila oladi. Qurilish va jihozlash uchun sarflangan 800 mln dollarning hammasi ixtiyoriy ravishda qilingan ehsonlardan jamlangan.

5. Istiqlol masjidi. Jakarta, Indoneziya

Foto: expedia

Dunyoning eng ko‘p musulmoni jamlangan davlatga mos bu yirik masjid qurilishiga 1949 yilda Indoneziyaning mustaqillikka erishishi turtki bo‘lgan. Avvaliga g‘oya, keyinchalik loyihaga aylangan bu tashabbusga 1961 yilda kirishilgan va davlat ko‘magi, ehsonlar va homiylar ko‘magida o‘z bag‘riga 120 ming kishini sig‘dira oladigan bu yirik masjid barpo qilingan.

4. Feysal masjidi. Islomobod, Pokiston

Foto: Wikipedia
Foto: muslim.uz

Dunyodagi eng katta masjidlar orasida to‘rtinchi o‘rindagi Feysal masjidi 90 metr balandlikdagi to‘rt minora bilan o‘ralgan. Uning qurilishi 1976 yilda boshlanib, 1986 yilda yakunlangan. Masjid umumiy sahni 5 ming kv. metrni tashkil etadi va 300 mingga yaqin namozxonni sig‘dira oladi. Loyihasi an'anaviy masjidlarni eslatmasligi tufayli qurilish jarayonida dastlab ko‘plab noroziliklar bo‘lgan. Ammo ko‘rinishidan badaviylar o‘tovini eslatuvchi masjid to‘liq qurib bitkazilganidan keyin undagi mahobat va qulayliklar barchaga manzur bo‘lgan.

3. Imom Rizo masjidi kompleksi. Mashhad, Eron

Foto: travelask.ru

Bu yirik kompleksni ko‘pchilik masjidlar qatoriga qo‘shmaydi. Shu bois, shia mazhabidagi musulmonlar uchun nihoyatda muqaddas sanalgan bu ziyoratgoh aksariyat ro‘yxatlarga kiritilmaydi. Ammo biz bu kompleksda muntazam ibodat qilib kelingani bois mazkur ro‘yxatga kiritdik.

Imom Rizo masjidi va umuman bu ziyoratgohga yiliga 15-20 million nafardan ortiq ziyoratchilar tashrif buyuradilar. Undagi yetti xonaqohdan har biri 100 ming nafargacha, kompleks umumiy hisobda 700 ming nafargacha namozxonni sig‘dira oladi.

2. Nabaviy masjidi (Masjid un-nabiy), Madina, Saudiya Arabistoni

Foto: Wikipedia

Madinai Munavvaradagi barcha musulmonlar uchun tabarruk masjid – Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambarning masjidi. Masjid qurilishida Rasulullohning (s.a.v.) shaxsan o‘zlari ishtirok etgan. Masjid ichida Payg‘ambar (s.a.v.) hamda Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Hattobning (roziyallohu anhum) qabrlari joylashgan. Masjid keyinchalik Hazrati Umar va Usmon (roziyallohu anhum) tomonidan bir necha bor ta'mirlanib, kengaytirib borilgan. Masjidning 105 metrli ikkita, 75 metrli to‘rtta minorasi, o‘zi ochib-yopiladigan 27ta tomi, 400dan ortiq ustunlari, 6800ta qandillari bor. Sahni 100 ming kv. metrdan ortiq bo‘lib, bir vaqtda 1 milliondan ziyod kishini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.

1. Masjid ul-harom. Makka, Saudiya Arabistoni

Eng ulkan, barcha musulmonlar talpinuvchi mo‘tabar masjid. Umumiy sahni 400 ming kv. metr bo‘lib, 1,1 mln nafar namozxonni sig‘dira oladi va bu ko‘rsatkich haj mavsumida 4 million nafarga qadar ortib ketadi. Ka'ba eshigi 280 kilogrammlik sof oltindan yasalgan. Har birining balandligi 90 metrdan ortiq to‘qqizta minorasi, to‘rtta bosh darvozasi, qirq bitta eshigi bor.

Qur'oni Karimda «Masjidul harom» iborasi bir necha ma'noda ishlatiladi. Gohida «haram» ma'nosida keladi. Makkai Mukarrama shahri atrofida belgilangan maxsus chegara bilan o‘ralgan, shahar va uning atrofidagi ma'lum joylarni o‘z ichiga olgan mintaqadir. Bu hudud, Payg‘ambarimizdan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Alloh taolo osmonlaru yerni yaratgan kunida harom qilingan. U Allohning hurmati ila qiyomat kunigacha haromdir: daraxti kesilmaydi, o‘simligi yulinmaydi, hayvonlari ovlanmaydi va urush qilib bo‘lmaydi. Ichida va atrofida yomonliklar va shariatda ko‘rsatilgan bir qancha ishlarni qilish harom bo‘lgan masjid degani.

Markaziy Osiyoda, xususan O‘zbekistonda ham bir qator yirik masjidlar joylashgan. Jumladan, 2018 yilda Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Turkiya bilan hamkorlikda qurib bitkazilgan masjid bir vaqtda 20 ming namozxonni sig‘dira oladi. Ostonadagi «Hazrat Sulton» masjidi esa 11 gektarlik hududda joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 17 ming kvadrat metrdan ortiq. Sig‘imi esa 5 ming kishini tashkil qiladi.

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi Markaziy Osiyoda eng yirik bo‘lishi va joriy yilda ishga tushishi kutilayotgan masjid o‘z bag‘riga 120 ming kishini sig‘dirishi mo‘ljallangan. Qatarlik homiylar ko‘magida 2009 yildan buyon qurilayotgan bu masjid bitganidan so‘ng dunyo yetakchilari safidan joy ola biladi.

«Hazrati imom» majmuasi O‘zbekistondagi eng yirik masjid hisoblansa, Andijon viloyati Asaka tumanidagi «Xolid ibn Valid» masjidi ham yirik masjidlar qatorida turadi.

*Juma, hayit namozlarida masjid asosiy binosiga qo‘shimcha yon-atrofdagi maydonlarda ham ibodat qilinishiga ko‘ra yirik masjidlar ro‘yxati turli manbalarda turlicha ko‘rsatilgan.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid