Jamiyat | 11:40 / 25.04.2019
10975
10 daqiqa o‘qiladi

Avtofalokat sabab bir oyog‘idan ayrilgan yigit qismati

Men Abdullayev Javlonbek 1996 yilda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tug‘ilganman. Oilada kenja farzandman. Nihoyatda sho‘x, o‘yinqaroq edim. Do‘stlarim bilan chillak o‘ynashni, to‘p tepib mahallani boshga ko‘tarishni yoqtirardim. Dadam rahmatli esa ilmga qiziquvchan inson edi. Mening ilmli bo‘lishimni istab, tez-tez kitob va daftarlar olib kelardi. Besh yoshimdan boshlab rus va o‘zbek tili alifbosini o‘rgatdi. Dadam o‘rgatgan she’rlarini berilib yodlaganimni ko‘rsa, ich-ichidan sevinardi.

Bolalarning qiziqishlari deyarli bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Men ham ko‘pchilik o‘g‘il bolalar kabi futbolchi bo‘lishni orzu qilardim.

Bu voqea 14 avgust kuni sodir bo‘ldi. Dadam va onam bozor-o‘char qilgani ketishdi. Opam ham uyda nimadir ish qilayotgandi. O‘ynash uchun ko‘chaga chiqdim-u, chanqaganimni his qildim. Ariqdan muzdek suv ichgim keldi. Qishloqning suvi baribir boshqacha-da, to‘yib-to‘yib ichdim. O‘shanda uzoqdan nimadir kelayotganini payqadim, ha “Kamaz” ekan. Shoshib, devor tagiga o‘tishim kerakligini tushundim. Keyin... Nima bo‘ldi, tushunmadim. Mashina signalining qattiq ovozi, chang-to‘zon. Men “Kamaz” g‘ildiragi yonida yotardim. Yuzimni siypaladim, burnimdan ozgina qon oqibdi, qo‘llarim ham changga belanibdi. Shu payt qo‘shni ayollardan biri chiqib, “dod” deb baqirdi va “gup” etib yiqildi. Keyin yana bir ayol hushini yo‘qotdi. Bir necha qadam narida opamning yig‘lab yugurib yurganini ko‘rdim. Uni chaqirmoqchi bo‘ldim. Va qarshimdagi manzarani ko‘rib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Ro‘paramda oyog‘im, ha, mening oyog‘im tipirchilayotgan jonivordek harakatlanardi. Bir payt opam uni mahkam bag‘riga bosib, yonimga keldi. Og‘riqni his qilmadim, ammo oyog‘imni uning qo‘lida ko‘rib, hushimni yo‘qotdim.

Ko‘zimni ochib, yonimda dadam va onamni ko‘rdim. Ularga ayb menda emasligini, nima bo‘lganini tushunmay qolganimni tushuntirmoqchi edim, ammo ikkilandim. O‘rnimdan turay deb choyshabni ko‘targanda esa...hammasini tushundim. “Mening oyoqlarim qani?” deb baqirdim. Boyadan buyon tinmay labini tishlayotgan onam ho‘ngrab yig‘ladi, dadam esa yuzini kaftlari bilan to‘sdi.

Ikki oy deganda kasalxonadan uyga qaytdik. Xursandchilik oilamizni butunlay tark etgan edi. O‘sha damda ko‘zimga atrof-muhitdan tortib, menga qadrdon bo‘lgan buyumlar va odamlargacha begonadek tuyuldi. To‘pning ortidan yugurib yurgan bola uchun kun bo‘yi shiftga termulib yotish azob edi. Ahyon-ahyonda qo‘shni qizlarning arg‘imchoq o‘ynashganini yoki bolalar to‘p tepishayotganini eshitib qolardim. Deraza yoniga sudralib kelib, ularni kuzatardim. Havasim kelib, ko‘chaga chiqqim kelardi-yu, oyog‘im yo‘qligi yodimga tushib yana karavotimga borib yotardim.

Shu zaylda kunlar o‘tib boraverdi. Tengdoshlarim maktabga chiqib, Prezident sovg‘asini olib kelishdi. Kechga yaqin dadam ishdan qaytib, xonamga kirdi. Bir quchoq o‘quv qurollari va kitoblar olib kelibdi.

- Dada, men ham ertaga maktabga boramanmi?,- dedim quvonib.

- Ha maktabga borasan, yangi ochilgan maktabga,- deb kulib qo‘ydi. -Bu maktab uyimiz, o‘qituvchisi men, o‘quvchisi sen bo‘lasan, dedi.

Ertasidan boshlab, dars mashg‘ulotlarini o‘tadigan bo‘ldik. Do‘stlarim darslarni bir tilda o‘rganishsa, men bir vaqtda o‘zbek va rus tillarida o‘rgandim. Xullas, ko‘p o‘tmay uyimiz badiiy kitoblarga to‘ldi. Kunduz kunlari kitoblarni o‘qirdim, kechki payt esa dadamga so‘zlab berardim. Ammo baribir maktabga bormaganim alam qilardi.

Bir kuni ijtimoiy ta’minot markazidan nogironlar aravachasini olib kelishdi. Onam ikkimiz rosa quvondik. Bu bilan ko‘chaga chiqish ancha qulay edi. O‘zimcha rejalar tuzdim. Futbol o‘ynayman, maktabga boraman, do‘stlarim bilan sayr qilsam ham bo‘ladi. Xonam burchagida savlat to‘kib turgan aravachaga qarab, quvonib ketardim. Ammo bu dadamga yoqmadi. Ishdan qaytib avval onamga, keyin menga baqirdi. “Aravachaning keragi yo‘q, mening o‘g‘lim unda o‘tirmaydi”, deb shaxt bilan ko‘tarib uni hovliga olib chiqib tashladi. Rejalarimning bari shamolda to‘zg‘igan changdek har yonga uchib ketdi. Dadamdan qattiq ranjidim, hatto, ertasi kuni tongda xonamga kirganida atayin o‘zimni uxlaganga solib yotaverdim.

- Mana senga qo‘ltiqtayoq, - dedi dadam ishdan qaytgach. – To‘g‘ri, boshida undan foydalanishga qiynalasan, ammo tez orada uning qulayligini anglaysan, - dedi.

- Futbol o‘ynasam ham bo‘ladimi? – dedim ko‘zlarimni katta-katta ochib.

- Bo‘ladi, faqat avval u bilan yaqin do‘st bo‘lishing kerak.

Shu kechadan boshlab, bir juft qo‘ltiqtayoqda yurishni mashq qildim. Bir yiqildim, ikki yiqildim... Xullas, u bilan do‘stlashish ishtiyoqi ustunlik qilib, unda bemalol harakatlanishni o‘rgandim. Dadam bundan juda xursand bo‘ldi va menga bitta qo‘ltiqtayoqning o‘zi yetarli ekanligini uqtirdi.

Beshinchi sinfdan boshlab maktabga qatnay boshladim. Uydagi mashg‘ulotlar menga ancha asqotdi. Yuqori sinflarni esa ixtisoslashtirilgan maktab internatida davom ettirdim. Undan keyin dadamning orzularini amalga oshirish uchun NamMTI qoshidagi 2-son akademik litseyining aniq fanlar yo‘nalishida tahsil oldim. O‘qish bilan birgalikda ingliz tilini ham o‘rganishga qaror qildim.

“Izlagan imkon topar”, deganlaridek ingliz tilini o‘rganishim u qadar qiyin kechmadi. Kursdosh do‘stlarim oradan birinchi bo‘lib, 6,5 balli IELTS sertifikatini olishga muvaffaq bo‘ldim.

O‘tgan yillarga nazar tashlab, ko‘nglim g‘ashlanadi. Boisi, men sabab oila a’zolarimning yuzidan kulgu, hayotidan xotirjamlik yo‘qoldi. Ularning hayotiga yana mazmun, xursandchilik olib kirishim kerakligini tushundim. Qachonki biror muvaffaqiyatga erishsam, ular quvonadi, faxrlanishadi. Bu istak meni sport mashg‘ulotlariga yetaklab bordi.

Avvaliga paraolimpiyaning og‘ir atletika, stol tennisi va futbol turlari bilan shug‘ullandim. Murabbiyim suzish sportidagi qobiliyatimni sezib, mashg‘ulotlarni Chimboy tumanidagi 16-BO‘SMda davom ettirishimni tavsiya qildi.

2015 yilning dekabr oyida sportdagi ilk g‘alabamni qo‘lga kiritdim. 3-dekabr – Nogironlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan XVI paraolimpiya suzish sport turi bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim.

G‘alabalar bir-biriga ulanib ketdi. Bilasizmi, menga g‘alaba emas, berilgan medal va diplomni ko‘zida yosh bilan qo‘lga olgan ota-onamning quvonchi muhimroq edi.

Hayot nihoyatda beshafqat deyishgani rost ekan. Oliygohga kirish imtihonlariga tayyorlanayotganimda, shumxabar oilamiz qaddini yana bukdi. Shifokorlar dadamning saraton xastaligiga chalinganini aniqlashdi. O‘qishni, sportni butunlay unutdim. O‘zimni men uchun qurbon qilgan inson uchun baxshida etishga qaror qildim. Ikki yil mobaynida akam ikkimiz dadamning boshida parvona bo‘ldik. U bizni uzundan-uzoq duo qilib, hayotdan ko‘z yumdi.

Men xuddi shu kuni azob, dard nima ekanligini his qildim. Go‘yo endi hayot oyog‘imni emas, yuragimni yulib olgandek bo‘ldi. Yana nimqorong‘u xonamga qamaldim. Menga endi hamma narsa begona edi.

Kunlar oylarga ulanib boraverdi. Bir kuni onam “Dadang sendan ranjiyapti. Axir, sen bizni xursand qilmoqchi eding-ku, esingdan chiqdimi?” deb koyib berdi. Shu orada tuman hokimligi ko‘magida ingliz tilini o‘rganish kursini tashkil etishim mumkinligi haqida eshitib qoldim. Imkoniyati cheklangan insonlar uchun ingliz tilini o‘rganish kursini tashkil etish uchun ruxsatnoma oldim. Avgust oyida esa Namangan davlat universitetining iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilindim. Hozirda o‘qish bilan birga sportning disk uloqtirish va suzish turlari bilan shug‘ullanaman. Imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizlarga ingliz tilini o‘rgataman, she’riyat bilan shug‘ullanaman. Bir so‘z bilan aytganda, endi mening to‘shakka mixlanishga, deraza ortidan odamlarni kuzatishga vaqtim yo‘q. Men eng faol yoshlardan biriman!

Javlonbekning so‘zlarini Nargiza MURODOVA oqqa ko‘chirdi.

Mavzuga oid