O‘zbekiston | 14:40 / 07.05.2019
15417
4 daqiqa o‘qiladi

Respublika Onkologiya markazi faoliyatidagi qator kamchiliklar keskin tanqid qilindi

Foto: parliament.gov.uz

2019 yil 7 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatida “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ijro etilishi holatini o‘rganish yakunlari ko‘rib chiqildi.

Markaz faoliyatida axborot resurslari va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan huquqini amalga oshirish uchun yaratilgan imkoniyatlar hujjatlar, bevosita joyiga chiqish orqali hamda fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazish vositasida o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, muayyan kamchilik va muammolar ham mavjudligi aniqlandi. Xususan, fuqarolarga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sharoit yaratish masalasiga markaz tomonidan yetarli e'tibor qaratilmagan.

Markaz tomonidan shu kungacha bemorlarni masofadan shifokor qabuliga yozish imkoniyati yaratilmagan. Markazda navbatni boshqarish bo‘yicha hech qanday tizim o‘rnatilmagan, “elektron navbat”, masofadan navbatni band qilib qo‘yish imkoni yo‘q.

Markazning veb-sayti qonun va hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga javob bermaydi. Markaz filiallarining veb-saytlari ham qoniqarsiz ahvolda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 4 apreldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandida markazda tashkil etilgan saraton profilaktikasi markazi - onkologik kasalliklar profilaktikasi va skrining tekshirishlar o‘tkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning yagona ma'lumotlar bazasini (kanser-registr) shakllantirish belgilangan. Biroq markazdagi yagona ma'lumotlar bazasi (kanser-registr) ishlari o‘z ahvoliga tashlab qo‘yilgan va bugungi kunda respublika bo‘yicha umumiy yagona elektron ro‘yxat mavjud emas.

Markazda ro‘yxatdan o‘tgan bemorlarning elektron kartalari joriy qilinmagan. Markazga qarashli ta'mirlanayotgan bino loyihasida esa, aloqa vositalari, shu jumladan, telefon va lokal tarmoqlarni o‘rnatish ko‘zda tutilmagan.

Markazning amalda ishlab turgan poliklinikasida esa, zarur axborot infratuzilmasi yaratilmagan. Mas'ul shifokorlarning xonalari lokal tarmoqqa ulanmagan, mavjud kompyuter vositalari va ulardagi dasturiy mahsulotlar ma'nan eskirgan, xizmat kompyuterlarining birortasida ham litsenziya asosidagi operatsion tizim va dasturlar o‘rnatilmagan.

O‘rganishlar davomida markazdagi mavjud 124 ta kompyuterning aksariyati nosoz holda bo‘lgani sababli, shifokorlar o‘z ehtiyojlari uchun olib kelgan shaxsiy kompyuterlardan foydalanib kelayotgani holatlari ham aniqlandi.

Ichki lokal tarmoqni ulash orqali axborot almashish imkoniyati filiallarda ham yetarli yaratilmagan. Masalan, Namangan filialida mavjud 28 ta kompyuterdan 6 tasi, Farg‘ona 2-son filiali 8 ta kompyuterdan 4 tasi ichki lokal tarmoqqa ulangan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib deputatlar markaz faoliyati bo‘yicha o‘zlarining jiddiy e'tirozlarini bildirib o‘tdilar. Jumladan, deputatlar tomonidan Onkologiya markazi va unga qarashli poliklinika o‘rtasida lokal tarmoq yo‘qligi, fuqarolar uchun onlayn maslahat, elektron navbatning tashkil etilmagani, bemorlar bilan navbat asosida ishlashda tizimli yondashuv shakllantirilmagani, tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqilmagani keskin tanqid qilindi.

Mavzuga oid