O‘zbekiston | 08:46 / 14.05.2019
9895
3 daqiqa o‘qiladi

Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ta'sis etildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan boshlang‘ich ustav kapitali miqdori 25 milliard so‘m bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi  ta'sis etildi.

Farmonga muvofiq quyidagilar Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilangan:

mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda – XMI va XHMT) mablag‘larini jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish;

aholining arzon uy-joylarga o‘sib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish;

shu jumladan, ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va ularni investorlar orasida joylashtirish;

ipoteka krediti tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish, ipoteka bozorini rivojlantirishning zamonaviy uslublari va vositalarini tatbiq etish, ipoteka krediti va ipoteka qimmatli qog‘ozlar bozorida xavflarni kamaytirish va likvidlikni oshirish;

ipoteka krediti va qayta moliyalashtirish sohasida, shu jumladan, xorijiy ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda metodologik va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqishda ishtirok etish.

Kompaniya tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) Kompaniya aksiyadorlar mablag‘larini hamda XMI va XHMTning qarz mablag‘larini, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali mahalliy va xalqaro kapital bozorlaridagi uzoq muddatli resurs mablag‘larni jalb etadi;

b) Kompaniya jalb qilingan mablag‘larni Kompaniya tomonidan o‘rnatiladigan malakaviy talablarga mos keluvchi tijorat banklariga kredit resurslarini ajratish yo‘li bilan qayta moliyalashtiradi;

v) tijorat banklari Kompaniya tomonidan belgilangan shartlarda qarz oluvchilarga ipoteka kreditlarini taqdim etadi;

g) tijorat banklari ipoteka kreditlari, ipoteka shartnomalari bo‘yicha talab huquqlaridan yoki garov xatlari bo‘yicha huquqlardan Kompaniya foydasiga voz kechadi;

d) Kompaniya tijorat banklari bilan huquqlari avval Kompaniyaga o‘tkazib berilgan ipoteka kreditiga xizmat ko‘rsatish shartnomasini yoki garov xatlarini ishonchli boshqaruvga berish shartnomasini tuzadi;

ye) tijorat banklari qarz oluvchilar va ipoteka beruvchilar tomonidan kredit shartnomalari va ipoteka shartnomalarining Kompaniya foydasiga lozim darajada bajarilishini ta'minlaydi.

Kompaniya tomonidan ipotekani qayta moliyalashtirishning qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shakllari ham tatbiq etilishi mumkin.

Mavzuga oid