O‘zbekiston | 15:30 / 27.05.2019
89930
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar to‘lash muddati uzaytirildi

Foto: KUN.UZ

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yo‘l harakati qoidabuzarliklari to‘g‘risidagi ayrim moddalariga tuzatishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
MJTKning 126-moddasi bo‘yicha birinchi bor qoidabuzarlik sodir etilganda jarimalar 25 EKIHgacha va ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda 40 EKIHgacha oshirildi. Ya'ni, tegishincha 25 va 20 baravar. Eslatib o‘tamiz, avtomobilning qoraytirilgan oynasi texnik reglamentga muvofiq bo‘lmaganda yoxud haydovchida maxsus ruxsatnoma mavjud bo‘lmaganda jarimalar qo‘llaniladi.
 
Svetoforning taqiqlovchi signalida yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida to‘xtash chizig‘ini bosib kirganlik va «qizil»da o‘tganlik uchun alohida javobgarlik belgilandi. Eslatib o‘tamiz, yangi qoidalarga ko‘ra svetoforning yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida to‘xtaganda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak. Qoidabuzarlik uchun ½ EKIH miqdorida jarima solinadi.
 
O‘z navbatida YHQni buzganlik uchun jarimalarni to‘lash muddati uzaytirildi. Endi u foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoki qayd etilmaganidan qat'i nazar, qaror chiqarilgan kundan e'tiboran 60 kundan kechiktirmay, uning ustidan shikoyat berilgan hollarda esa – shikoyat (protest) qanoatlantirilmay qoldirilganligi to‘g‘risida xabar berilgan kundan e'tiboran 30 kundan kechiktirmay jarimani to‘lash mumkin. Ilgari ushbu muddatlar faqat kamera obektivlari ostiga tushgan jarimalar bo‘yicha qo‘llanilar edi, qolgan hollarda esa qoidabuzar 15 kunda uni to‘lashi talab etilardi. 
 
Qonun 24.05.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid