O‘zbekiston | 15:00 / 28.05.2019
74242
3 daqiqa o‘qiladi

Ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. O‘zbekistonda «Volkswagen» avtomobillari ishlab chiqariladi

O‘zbekiston va Germaniya prezidentlarining muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi, deb xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Axborot almashish va uni himoya qilish, parnik gazlari chiqarilishini kamaytirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish, «Volkswagen» kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish to‘g‘risida va boshqa hujjatlar imzolandi. Prezident ushbu kelishuvlar, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Germaniyaning "Integra GmbH" va "Vamed Engineering GmbH" kompaniyalari hamkorligida Toshkent shahrida Yadroviy tibbiyot va nurli terapiya markazini tashkil etish bo‘yicha bitim xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.

Ommaviy axborot vositalari uchun o‘tkazilgan brifingda prezidentlar muzokaralar an'anaviy do‘stlik, ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tgani, muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.

– Joriy yil yanvar oyida Berlin shahrida o‘tgan uchrashuvimizning mantiqiy davomi bo‘lgan bugungi muzokaralar natijalaridan to‘la mamnunman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlari – siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarga doir masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining bugungi holati muhokama qilinib, kelgusi ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilab olindi.

– O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda o‘sish ro‘y berayotganini ko‘ryapmiz va bunga hurmat bilan qaraymiz. Katta delegatsiyadan iborat ushbu tashrifimiz ham hamkorlikni kengaytirishga intilishimiz va qo‘llab-quvvatlashimizdan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida va Yevropa ittifoqi doirasidagi aloqalarga doir keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilganimizdan, ularning natijalaridan mamnunmiz, – dedi Frank-Valter Shtaynmayyer. 

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy munosabatlar rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan Germaniya tashkilotlari va vakillariga minnatdorlik bildirdi.

GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning mamlakatga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

 

Mavzuga oid