Jamiyat | 17:20 / 29.05.2019
53464
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda kim ko‘zbo‘yamachilik qildi?

28 may kuni internetda Andijonda prezidentga ko‘zbo‘yamachilik qilingani to‘g‘risida xabar tarqaldi.

Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida «O‘zbekiston24» telekanali orqali «uy berildi» deb ko‘rsatilgan ayollardan biri Xurshida Tillayeva uy uchun minnatdorchilik bildirib intervyu berganidan keyin uydan chiqarib yuborilgani haqida aytilgan.

Kun.uz muxbiri ushbu mojaroli holat tafsilotlarini o‘rganish uchun Andijon shahrida bo‘ldi.

Aniqlanishicha, Xurshida Tillayeva oilasi buzilgach, Andijon shahri markazidagi Pushkin ko‘chasida keksa onasi Xalimaxon Tillayeva, singlisi va nogironligi bor ukasi bilan yashab kelgan.

Prezidentning Andijonga tashrifi vaqtida viloyat hokimligi Xurshida Tillayevaning onasi va oila uchun Andijon shahri chetida barpo etilgan mahalladan kottej berilgan (eski mahalla o‘rnida «Andijan city» ishbilarmonlik shaharchasi quriladi).

Ma'lum bo‘lishicha, ishxonasi ikki xonali kvartira uchun dastlabki to‘lovni amalga oshirgan Xurshida Tillayeva o‘zi va ikki farzandi uchun ham namunali uylardan alohida kottej berilishini istagan.

Shundan keyin u videomurojaat yo‘llab, o‘ziga berilgan uy tortib olinganidan shikoyat qilgan. 

Endi ma'lum bo‘lishicha, u onasi o‘rniga, uy o‘ziga emas, onasiga berilganini anglagan holda «O‘zbekiston 24» uchun intervyu bergan. Telekanal muxbiri esa intervyuni Xurshida Tillayevaning onasiga berilgan uyda emas, qo‘shni uyda s'yomka qilgan. Muxbir bu uy Xurshida Tillayevaga ham, uning onasiga ham berilmaganidan xabardor bo‘lganmi, yo‘qmi, bu savol hozircha ochiq. Shuningdek, hokimlik ham bu intervyu tayyorlanishi jarayonidan xabardor bo‘lganmi, yo‘qmi, bunisi noma'lum.

Ta'kidlash kerakki, Xurshida Tillayeva Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zi ham kottejli bo‘lish maqsadida xorijiy nashrlar uchun videomurojaat tayyorlaganini tan oldi va hali ham kottejli bo‘lishdan umid uzmayotganini qo‘shimcha qildi. U hozirda onasi Xalimaxon Tillayeva uchun berilgan uyda yashamoqda.

Vaziyat kartinasi shunday: hozircha kim ko‘proq ko‘zbo‘yamachilik qildi, kim kimni aldadi, bu bo‘yicha yakuniy xulosaga shoshilmaymiz.

Ayni vaqtda mazkur ayolning videomurojaati yuzasidan tuzilgan maxsus komissiya o‘rganish ishlarini olib bormoqda, yaqin vaqtlar ichida masalaga to‘la oydinlik kiritiladi.

Kun.uz muxbiri ham o‘z surishtiruvlari asosida tayyorlangan materialni taqdim etadi.

Mavzuga oid