Temur Musin: «Toshkentga tadbirkorlar, ish o‘rinlari, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish kerak emas»
Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi Temur Musin O‘zbekistondan tashqarida restoran biznesi bilan shug‘ullanishda davom etadi. U bu haqda Facebook’dagi sahifasida xabar berdi.
Ushbu haftada Majburiy ijro byurosi tadbirkorning ikki restorani - Chelsea (boshlang‘ich narxi - 4 mlrd so‘m) va Chinara's’ni (6 mlrd so‘m) sotuvga qo‘ygani ma'lum bo‘ldi.
Qanday sabablarga ko‘ra ushbu obektlar sotuvga qo‘yilgani hozircha ma'lum emas. Musinning o‘zi aytishicha, «vaziyat uchun mas'ul bo‘lganlarning barcha zanjirini» matbuot anjumaniga taklif qiladi va «sodir bo‘lgan barcha tartibsizliklar» uchun izoh berishni so‘raydi. «Shu bilan birga, biz jamoatchilikka qonunlarga rioya qilish, rahbarlarning o‘z xodimlari uchun mas'uliyati haqida ma'lumot beramiz», - deya ta'kidlab o‘tdi u.
«Haqiqatdan ham tadbirkorlikni sinf sifatida rivojlantirishni xohlayotgan prezident va biz, biznes o‘rtasida juda katta qatlam bor. Bu beparvo planktonlar massasini javobgarlikka chaqiramiz, kimdir yuqoridan pastga, kimdir pastdan yuqoriga. Biz toki bu korrupsioner, «hal qiluvchilar», populistlar, ishyoqmaslar, havaskorlar va boshqa to‘siqlarni olib tashlamas ekanmiz, mamlakatda hech narsa o‘zgarmaydi. Biz 25 yil davomida qo‘rqishdan charchadik, o‘ylashimcha, endi haqiqat uchun ochiq kurashish mumkin», - dedi Musin amaldorlar haqida.
Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, hech qayerga ketib qolmagan. «Shunchaki endi restoranlar mamlakatdan tashqarida rivojlanadi, bu yerda ish o‘rinlarini yaratish, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish kerak emas», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Caravan Group asoschisi.