O‘zbekiston | 23:23 / 03.06.2019
20740
2 daqiqa o‘qiladi

Shanxayda o‘zbek gilosi sotila boshlandi

Xitoyning Shanxay shahridagi mevalar ulgurji bozori Shanghai Huizhan Fruit & Vegetable Market Management’da o‘zbek gilosi sotila boshlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. 

Shu munosabat bilan bozorda O‘zbekistondan 30 tonna hajmda o‘zbek gilosining ilk eskport partiyasini qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Gilos Farg‘ona viloyatidan Shanxay va qo‘shni provinsiyalar – Chjetszyan va Tszyansuda sotish uchun yetkazilgan. Marosimga O‘zbekistonning Shanxaydagi bosh konsulligi vakillari bilan bir qatorda 200 dan ko‘proq odam, jumladan Shanxay bojxona ma'muriyati, tadbirkorlar va jurnalistlar tashrif buyurishgan. 

“Shanxay aholisi yurtingiz gilosini birinchi marta ta'tib ko‘radi. Shu munosabat bilan, Xitoyda o‘zbek mevalari assortimenti faqatgina kengayib borishi va bizga qovun, uzum, limon va boshqa mahsulotlar yetkazilishiga umid qilib qolaman”, deb aytgan ulgurji bozor bosh menejyeri o‘rinbosari Lin Yeta.

Xitoy kompaniyasi o‘zbek gilosining ilk sinov partiyasidan keyin uning importi hajmini Xitoyda ommalashgan Tmall internet-do‘konida sotish uchun oshirishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid