Ummon ko‘rfazida tankerlarga kim hujum qildi?
13 iyun kuni Ummon ko‘rfazi hududida Saudiya Arabistonidan Singapur va Tayvanga yo‘l olgan ikki tankerda portlashlar yuz berdi.
AQSh mudofaa vazirligi ushbu portlashlardan keyin bu hujumda eronliklarni ayblab video tarqatdi. Pentagonning tasdiqlashicha, hujumdan 8 soat vaqt o‘tib tankerlardan biriga yaqinlashgan eronliklar kateridagi harbiylar undan portlamay qolgan minani yechib olgan.
Shu kuni bu hududda harakatlangan ikkita tanker - yaponlarning va norveglarning kemalari qutqaruv signalini yo‘llagan, amerikalik harbiylar yordamga yetib kelgandi.
AQSh harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, videoda Yaponiyaning «Kokuka Kareyjyes» tankeri bortiga o‘rnatilgan minani ko‘rish mumkin.
Norvegiyaning «Front Altair» tankeri ekipaji ham ko‘rfazdagi hujum haqida ma'lum qilgandi.
Kemalar ekipaji a'zolari («Kokuka Kareyjyes»dan 21 kishi, «Front Altair»dan 23 kishi) evakuatsiya qilindi va hodisa oqibatida hech kim jabrlanmadi.
AQSh ushbu hujumlarda Eronni aybladi. Eron bu ayblovlarni qat'iyan rad etdi.
May oyida ham Fors ko‘rfazida, BAAning hududiy suvlarida turgan bir necha neft tankerlariga hujumlar uyushtirilgandi. AQSh bu hujumlarda ham Eronni ayblagan va hududdagi harbiylari sonini ko‘paytirishga kirishgandi. Ammo hozirga qadar Eronning hujumlarga aloqadorligi bo‘yicha dalillar keltirilmagandi.
Portlashlar haqida nimalar ma'lum?
AQSh tomoni bayonotiga ko‘ra, amerikaliklarning ushbu hududdagi harbiy kemasi norvegiyaliklar kemasidan mahalliy vaqt bilan soat 6:12da, yaponlar tankeridan esa soat 7:00da signal qabul qilgan.
Ikki tanker ham bortda portlash bo‘lgani haqida xabar bergan. Amerikalik harbiylar zudlik bilan voqea joyiga yo‘l olishgan.
«Beynbrij» voqea hududida eronliklar katerini payqaganini ma'lum qildi, keyinroq amerikaliklar bu katerdagi eronliklar «Kokuka Kareyjyes» tankeridan portlamay qolgan minalarni yechib olayotganini ko‘rsatuvchi dalil sifatida yuqoridagi videoni namoyish etishdi.
CNN agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, eronliklar shu kuni amerikaliklarning dronini urib tushirishga uringan. Xabarda aytilishicha, «yer-havo» tipidagi raketa MQ-9 rusumli droniga tegmasdan suvga qulagan, bu dron eronliklar kemasi tankerlarga yaqinlashib, minalar yechib olinayotganini tasvirga olgan.
«Kokuka Kareyjyes»ni boshqaruvchi BSM Ship Management kompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, tanker Eron qirg‘oqlaridan 30 km masofada turgan vaqtda yong‘in boshlangan va evakauatsiya ishlari amalga oshirilgan. Bu kema Saudiya Arabistonidan Singapurga metanol olib ketayotgandi.
«Front Altair» esa BAAdan Tayvanga mazut tashiyotgan bo‘lgan. Portlashdan keyin mazut dengizga to‘kilgan.
Reaksiya
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo tankerlarga hujumlarda Eronni aybladi.
«Bu baho razvedka ma'lumotlariga asoslangan bo‘lib, avvalroq eronliklarning bu hududda amalga oshirgan hujumlari va bu safargi hujumda qo‘llangan qurollar va uslub o‘xshashdir. Mintaqada bunday murakkab amaliyotni amalga oshirish uchun kerakli resurslarga ega bo‘lgan boshqa guruhlar yo‘q», dedi Pompeo.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jyeremi Hant Londondagilar amerikalik hamkasblarga ishonishini ma'lum qildi. Qirollik harbiy-dengiz floti hududdagi pozitsiyalarini kuchaytirish maqsadida Fors ko‘rfaziga 100 nafar maxsus jangchini yubormoqda.
Eronning javobi
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy AQSh Yaqin Sharqdagi barqarorlikka jiddiy tahdid solayotganini ta'kidladi. U bu haqdagi bayonotida Ummon ko‘rfazidagi voqeani tilga olmadi.
Ruhoniy barcha tomonlarni 2015 yilda tuzilgan Eronning yadro dasturi bo‘yicha kelishuv shartlarini bajarishga chaqirdi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif esa tvitterida AQSh hech qanday dalillarsiz ayblov ilgari surayotganini aytdi.
Eron armiyasi esa Ummon ko‘rfazidagi voqeadan keyin hududga qutqaruv amaliyoti uchun vertolyot va kema jo‘natilganini ma'lum qildi.
Saudiya taxti valiahdi ham Eronni aybladi
Saudiya Arabistoni podshohligi valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon Asharq Al-Awsat nashri uchun bergan intervyusida Eronni Ummon ko‘rfazidagi tankerlarga hujum qilishda aybladi va xalqaro hamjamiyatni bu masalada «qat'iy pozitsiya» tanlashga chaqirdi.
«Erondagi rejim Yaponiya bosh vazirining Tehronga tashrifiga hurmatsizlik ko‘rsatdi, bosh vazir Erondaligida yaponlar tankeriga hujum uyushtirildi», deya Muhammad ibn Salmondan iqtibos keltirmoqda Reyter agentligi.
Valiahd shahzoda «podshohlik mintaqada urush bo‘lishini istamasligini, ammo hukumat o‘z xalqiga va suverenitetiga nisbatan har qanday tahdidga javob qaytarishi»ni aytib o‘tdi.
Tahlil. «Bi-bi-si»ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frank Gardner
AQSh harbiylari tomonidan tarqatilgan bu safargi video avvalgi sabablariga nisbatan ishonchli chiqqan.
Katta bo‘lmagan oq rangli kater - Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining harbiy-dengiz kuchlari tomonidan Fors ko‘rfazida foydalaniladigan katerlarga juda o‘xshash.
So‘nggi yillarda Eronning Fors ko‘rfazidagi qirg‘oqlari hududida (Kuvayt bilan chegaradan Pokiston chegarasigacha bo‘lgan hududlarni) mamlakat harbiy-dengiz floti o‘rnini aynan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kuchlari egallamoqda.
Bu tuzilma tezkor katerlardan iborat flotiliyaga ega. Bu katerlar minalar, raketalar, torpedolar va dronlar bilan jihozlangan.
Korpus kuchlari doimiy ravishda maxfiy amaliyotlar o‘tkazib, hujumlar uyushtiradi.
Ularning Fors ko‘rfazidagi katerlari AQSh Harbiy-dengiz kuchlari kemalariga bir necha bor yaqin kelgan va amerikaliklar to‘qnashuv xavfidan ogohlantirgan.
Eron o‘zining bu hujumlarga aloqadorligini rad etmoqda va bu hujumlar Eron va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishni istaydigan noma'lum kuchlar tomonidan uyushtirilganini ta'kidlamoqda.
Mavzuga oid
09:26 / 26.10.2024
RFning «soyadagi floti»: Greenpeace 192 ta eskirgan tankerni topdi
08:58 / 29.12.2022
Yirik kompaniyalar Rossiya tankerlari uchun urush xavfini qoplab bermaydi
19:27 / 12.08.2022
Xitoylik noma’lum xaridor Rossiya neftini sotib olish uchun 376 mln dollar sarfladi
23:07 / 03.11.2021