Jamiyat | 08:10 / 19.06.2019
34271
3 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent» avtovokzaliga yana 68 ta Yutong avtobusi olib kelindi

“Toshkent” avtovokzaliga Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 68 ta Yutong avtobusi olib kelindi. 

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda so‘zga chiqqan Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamov, Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan va boshqalar O‘zbekistonda aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta'kidlab o‘tishdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Toshkent” avtovokzali tubdan rekonstruksiya qilinib, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlandi. Mehmonxona, ona va bola, tibbiyot xonalari, savdo do‘konlari, ayollar va erkaklar uchun alohida namozxonalar tashkil etildi. Avtovokzalda 31 perron va 80 avtobus uchun joy mavjud. Vokzalda bir vaqtning o‘zida 2 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Avvalroq 100 ta avtobus olib kelingandi. 51 yo‘lovchiga mo‘ljallangan ushbu avtobuslarda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar muhayyo qilingan: yumshoq o‘rindiqlar tepasida havo deflektori, individual yoritish chiroqlari, konditsioner, karnay joylashgan, telefonni quvvatlash qurilmasi mavjud. Yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlash uchun kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Hozirda “Toshkent” avtovokzalidan Samarqand, Buxoro, Yangiyer, Zomin, Jizzax, Qarshi, Qorako‘l, Gagarin, Termiz, Urganch, Denov kabi 11 shaharlararo va Qozog‘istonning Taraz, Turkiston, Ushkunur, Olmaota shaharlariga xalqaro yo‘nalishlarda muntazam avtobus qatnovlari amalga oshirilmoqda.

Tez kunlarda Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Qozog‘istonning yana boshqa shaharlariga xalqaro avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirgan.

Tadbirda “Uzautotrans Service” MChJ korxonasi va Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida haydovchi hamda texnik xodimlarning malakasini oshirish borasida ilmiy-texnik hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.

 

Mavzuga oid