Iqtisodiyot | 09:13 / 22.06.2019
24981
10 daqiqa o‘qiladi

Soddalashtirilgan QQS – yashirin iqtisodiyot uchun taklif

Foto: 123RF

O‘tgan yili, QQS tizimi tovar aylanmasi bir milliarddan ortiq bo‘lgan korxonalarga qo‘llanishi boshlanmasdan oldin, bu haqida maqola yozgandim va bir xil ish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub'yektlarining turli tizim va stavkalarda soliqqa tortilishi raqobatga ta'sir qilishi va yashirin iqtisodiyotga olib kelishi mumkinligi haqida ham aytib o‘tgandim. Jumladan:

«Aslida soliq stavkalari yoki tizimlarining o‘zgarishi haqiqiy biznes raqobatida, erkin iqtisodiyotda tadbirkorlar uchun katta ta'sir o‘tkazmasligi kerak. Chunki bu o‘zgarishlar iqtisodiyotning barcha sub'yektlariga ta'sir qiladi, jumladan raqobatchi korxonalarga ham. Natijada, hammaning xarajati bir deyarli bir xil sur'atda o‘zgaradi va bu o‘zgarish narxlar belgilanishida bir xil aks etadi. Bu yerda yutadigan yoki yutqazadigan tomon faqat xaridor bo‘ladi, xolos.

Ammo bizning holatimizda bu o‘zgarishlar yanada og‘riqliroq yuz berishi haqiqatga yaqin bo‘lib turibdi. Sababi, QQS tizimiga o‘tganimiz bilan, baribir, «aylanma mablag‘lardan soliq», ya'ni «Yagona soliq»dan butkul voz kechganimiz yo‘q. Bir paytning o‘zida, bir-biridan keskin farq qiladigan ikki xil tizimning bo‘lishi vaziyatni yanada murakkablashtiradi, chalkashtiradi.

Bir korxonaning avvalgi va bugungi kundagi soliq yukini solishtirishdan ko‘ra, ayni bir paytdagi ikki korxonaning (ular raqobatchi bo‘lsa) ikki xil prinsipda ishlashi narxlar hosil bo‘lishiga, raqobatga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi va balki juda ko‘p korxonalarni moliyaviy qiyin ahvolga tushirishi, ularning raqobatga dosh bera olmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tasavvur qiling, ayni ish bilan shug‘ullanadigan ikki korxonaning biri QQS, boshqasi «Yagona soliq» to‘lasa? Va o‘sha soha uchun hisob-kitoblar «Yagona soliq» bo‘yicha ishlash soliq yukini sezilarli darajada kamaytirishini ko‘rsatsa? Biri bir yilda 900 million, ikkinchisi esa, 1,1 milliard so‘mlik aylanmaga ega bo‘lsa, deyarli bir xil ish yuritadigan korxonalarda farqli soliq yuklari bo‘lishi raqobatni o‘ldirmaydimi? Yoki ba'zi korxonalar belgilangan limitni saqlash uchun ba'zi aylanma mablag‘larni yashirish yoki keyingi yilga qoldirishga urinmaydimi? Yoki QQSdan qochish maqsadida ayni ta'sischi tomonidan alohida va bir nechta kichik korxonalarga bo‘linish holatlari ro‘y bermaydimi?»,deyilgandi.

O‘tgan olti oyga yaqin vaqt mobaynida barchasi amaliyotda sinalgani va mana shunday holatlar kuzatilgani shubhasiz. Bu yerda faqat «Yagona Soliq» va QQS to‘lovchisi solishtirilgan, ammo aslida «Soddalashtirilgan QQS» tizimida ham xuddi shunday farqlar yuzaga chiqadi.

Tushuntirish uchun, soddalashtirilgan QQS tovar aylanmasi uch milliarddan kamroq bo‘lgan korxonalarga nisbatan qo‘llanadi va korxona 20 foizli emas, birmuncha kamroq bo‘lgan (sohalarga qarab, 4, 6, 7, 8, 10 va 15 foizli) foizda QQS to‘lovchisi bo‘ladi. To‘g‘ri, soddalashtirilgan QQSda qabul qilingan tovar/xizmatlarning QQSini minusga hisobga olish imkoni yo‘q, ya'ni ba'zi korxonalar misolida aslida standart QQS samaraliroq bo‘ladi. Lekin boshqa tomonda, qarang, 3 milliarddan kam tovar aylanmasiga ega bo‘lgan korxona uchun ikki xil tizimdan birini tanlash imkoniyati bor, qaysi tizim «arzonroq» bo‘lsa, o‘sha QQS turiga o‘ta oladi. Ammo tovar aylanmasi 3 milliarddan ko‘proq bo‘lgan sub'yekt uchun bu imkoniyat yo‘q – u 20 foizli QQS to‘lashga majbur.

Natijada, bir xil sohada ishlaydigan, bir xil mahsulot ishlab chiqarib, bir xil narxda sotishi kerak bo‘lgan ikki korxonaning to‘layotgan solig‘i qariyb 10 foizga farqlanishini ko‘ramiz. O‘n foiz kamroq soliq to‘laydigan korxonada tovar narxlarini arzonlashtirish imkoni bo‘lmaydimi? Bo‘ladi. Natijada yirikroq korxonalar raqobatchisi sotayotgan narxda sota olmaydi. Moliyaviy zarar ko‘rishga majbur bo‘ladi. Xo‘sh, bunday vaziyatga tushib qolsangiz, siz nima qilasiz?

1.     Korxonani yopib yuboraman. Albatta, zararga kim ishlaydi? Natijada, bir ishlab turgan korxona yopiladi, u yerda ishlovchilar ishsiz qoladi.

2.     Hisobotlarda tovar aylanmasini 3 milliarddan oshirmaslikka harakat qilaman va men ham soddalashtirilgan QQSga o‘tib olaman. O‘z o‘zidan yashirin iqtisodiyot yuzaga kelyapti. Tadbirkor qonuniy ishlayotgan raqobatchisi bilan raqobatlashish uchun qonunni buzishga majbur bo‘lyapti.

3.     Korxonamiz tovar aylanmasi uch milliardga yaqinlashishi bilan yangi ochaman va yana, avval 4 foizli Yagona Soliq, keyin Soddalashtirilgan QQSda ishlayveraman. Bu yangi korxona ham aylanmasi uch milliardga yetguncha ishlaydi va yopiladi. Yangisi ochiladi.

4.     Bir nechta korxona ochib, navbati bilan unisida, bunisida ishlab, umumiy tovar aylanmani sochib yuboraman. Bu ham o‘sha uch milliardlik dovonga yetmasdan, kamroq soliq to‘lab, biznes qilishimga sharoit yaratadi.

Bu holatlar bugungi kunda sodir bo‘lyapti va e'tibor bering, tadbirkorlarning yuqori belgilangan stavkali soliqdan qochish, ko‘proq foyda qilishga harakat qilish uchun qaratilgan choralar emas bular. Gap bu yerda yuqori stavkalarda emas, farqli stavkalarda. Ya'ni tadbirkor ko‘proq foyda olib, noqonuniy boyish uchun emas, mana shu bozorda qolish uchun, ya'ni raqobatchisi bilan narx va xarajatlar siyosatida teng kelish uchun qilyapti.

Shuning uchun ham, menimcha, Soddalashtirilgan QQS, umuman Yagona soliqdan ham voz kechish va aytaylik, 20 foizli emas, 10-12 foizli QQSni joriy qilish maqbulroq bo‘lar edi.

Aslida Soddalashtirilgan QQS boshqa maqsadlarda joriy qilingan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilaman. Masalan, QQSli mahsulot sotib olmaydigan, import bilan shug‘ullanmaydigan, asosiy xarajatlarida QQS o‘rni deyarli yo‘q bo‘lgan kichik korxonalar bor edi. Ularga ham yuqori stavkali QQSning joriy qilinishi narxlarning to‘liq 15 foizga oshishiga sabab bo‘lardi.

Ammo buni boshqa yo‘llar bilan ham amalga oshirish mumkin edi. Masalan, ma'lum bir soha uchun umumiy tovar aylanmasidan qat'i nazar, alohida soliq stavkalari, boshqa bir soha uchun boshqa  stavka bo‘lsa, erkin raqobatni buzib qo‘ymaymiz, bir xil sohadagi tadbirkorlar uchun bir xil soliq tizimi joriy etilishi yetarli. Yoki birdaniga 20 foizli QQSni joriy qilmay, barcha uchun ozroq stavka belgilanishi ham narxlarning keskin oshib ketishiga sabab bo‘lmasdi. Soliqqa tortishning tovar aylanma hajmiga nisbatan katta farq bilan o‘zgartirish esa, aslida o‘sha kichik biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlashdan ham ko‘proq, katta bizneslar uchun «lazeyka»lar ochib berdi, xolos.

O‘ziga xos monopoliya yaratib olgan ba'zi sferalarga bu ta'sir qilmaydi, soliq oshdi, xarajat oshdi, deb istalgan paytda narxni oshirib olish imkoniyatiga ega ular. Ammo haqiqiy erkin va raqobat biznesida qatnashayotgan tadbirkorlar bunday murakkab tizimdan jabr ko‘rishdi va yuqoridagi yo‘llardan birini tanlashga majbur bo‘lishdi. Ularni kameral nazorat orqali «quvlab yurish» yoki biznes bo‘lib yuborilayotganini ta'sischilarning ismi bilan tekshirishga urinish ham baribir ish bermaydi – qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni yoki arzimagan maoshga o‘z pasportini berishga tayyor bo‘lgan qatlam bor ekan, shu tarzda davom etaveradi.

Ikki narsani to‘g‘ri tushunish va qabul qilish kerak. Birinchisi, tadbirkor – fe'lan jinoyatchi emas, u bir ishni boshlar ekan, avvaldan soliqdan qochishni niyat qilmaydi. Har tomonlama qonuniy ishlab, Davlat oldidagi majburiyatlarni bajarib, xotirjamlikda faoliyat yuritishni hamma xohlaydi. Ammo yuqorida tilga olingan holatlar tufayli, u ham xarajatlarni pasaytirishga, soliq oldida «jinoyatchi»ga aylanishga majbur bo‘lib qoladi.

Ikkinchisi, mabodo, mana shunday o‘zgarishlar tufayli, budjetga ko‘proq pul tushayotgan bo‘lsa, o‘zgarishlar o‘zini oqlaganini, muammolar paydo bo‘lmayotganini anglatmaydi. Soliq tizimining vazifasi budjetga ko‘proq pul tushirishdan tashqari, mamlakatda erkin va shaffof iqtisodiyot hosil bo‘lishiga harakat qilish, barcha uchun maqbul bo‘lgan tizimni yaratishdir. Soliq tizimi yoki stavkalari belgilanayotganda, qaysi variant budjetga ko‘proq pul tushirishi haqida o‘ylamasdan, qaysi holatda tadbirkorlik rivojlanishi haqida bosh qotirilsa, menimcha, samaraliroq bo‘ladi.

Chunki tadbirkorlik rivojlansa, budjetga ko‘proq pul tushadi aslida...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid