O‘zbekiston | 12:50 / 25.06.2019
76994
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud: Rashid Qodirov ishi kollegiya maslahatida

Bugun, 25 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida «Sud-huquq sohasidagi islohotlar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Oliy sud raisining jinoyat, fuqarolik, ma'muriy, iqtisodiy, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, AKT va axborot xavfsizligi boshqarmasi va matbuot xizmati boshliqlari ishtirok etishmoqda.

Oliy sud vakillaridan sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov ishi qanday ketayotgani bo‘yicha ma'lumot so‘raldi.

«Toshkent shahar sudida Rashidjon Qodirov ishi doirasida 13 kishi ishi ko‘rilyapti. Hozirda sud tarkibi maslahat xonasiga yig‘ilgan. Qaror tez kunda qabul qilinadi va e'lon qilinadi», deya O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ish yopiq tarzda ko‘rib chiqilayotgani, ayrim faktlarning sir tutilishi sababli hukm o‘qilayotgan kuni sud zaliga OAV xodimlari kiritilmaydi.

Oliy sud sobiq bosh prokurorga nisbatan chiqarilgan hukmni OAV orqali e'lon qiladi.

O‘z navbatida boshqa sobiq bosh prokurorlar Ixtiyor Abdullayev va Otabek Murodov bo‘yicha ham savollar berilgan. Oliy sud vakillari bu borada sud bo‘yicha vakolatga ega emasligi, bu ishlarni ko‘rayotganlar boshqaligini ma'lum qilishgan.

O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirov 2018 yil fevralida qo‘lga olingan edi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) va 210 (pora olish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘tgan yilning iyun oyida Bosh prokuratura sobiq bosh prokuror ishi bo‘yicha 24 shaxsga nisbatan ayblov e'lon qilinganini bildirgan edi . 2019 yil 7 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Rashidjon Qodirovga nisbatan yopiq sud jarayoni boshlangan.

Ayni vaqtda ish doirasida qo‘lga olinib, sud qilinayotganlarning rasmiy ro‘yxati yo‘q. 

2018 yil fevralida jinoyat ishi bo‘yicha bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari bo‘lmish Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ushlangani xabar qilingan. 

Prokuratura tomonidan turli vaqtlarda berilgan ma'lumotlarda ushbu ish doirasida Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, «Antibiotik» laqabli adliya maslahatchisi Mirag‘lam Mirzayev va unga yaqin bo‘lgan boshqa prokurorlar nomi tilga olingan.

Bosh prokuratura «Qodirov ishi» doirasida qo‘lga olinganlarga qiynoq qo‘llangani haqidagi xabarga munosabat bildirdi

Mavzuga oid