Jamiyat | 09:00 / 30.06.2019
30001
19 daqiqa o‘qiladi

«Potemkin qishloqlari»​: Namunali uylar masalasi nega muammo bo‘lib qolmoqda?

Namunali uylarning talabga javob bermasligi haqidagi tanqidiy maqolalar kunda-kun ora matbuot yuzini ko‘ryapti. «Jamiyat»​ gazetasida Karim Bahriyevning namunali uylar islohotining o‘zini oqlamayotganiga qanday omillar sabab bo‘layotgani yoritilgan maqolasi e'lon qilindi. Quyida maqola havola etiladi.

Davlat va hukumat rahbarlari kam ta'minlangan aholi uchun, yoshlar uchun namunali uylar quramiz, deganda ko‘plar xursand bo‘ldi, umidlandi, ichda xursand bo‘lib yurishdi. Lekin bu sohada qator kamchiliklar bo‘ldi va bo‘lyapti. Bu haqda matbuot deyarli har kuni bong urmoqda. Ularning sarlavhalariga qarang: «Namunali uylarning «namunali»​ muammolari»​, «Navoiyda namunaviy uylarning naq elliktasi yaroqsiz ekani kunday ravshan bo‘lib qoldi...»​, «Toshkentdagi yangi uyning muammolari qachon hal etiladi?»​, «Samarqand aholisi namunali uylar sifatidan shikoyat qilmoqda», «Namunali uylarning ayanchli ahvoli»​ va hokazo. Bu sarlavhalarni to‘qimadik, mazkur maqola va feletonlarni bemalol o‘qishingiz mumkin: sarlavhani izlovchi saytlarga qo‘yib, topishni buyursangiz Internet topib beradi. Ularni takrorlamoqchi emasmiz. 

Nega bunday bo‘layotgani haqida mulohaza yuritamiz. Nima qilish kerakligi haqida fikr yuritamiz. Oldindan aytaman – bugungi har qanday muammoning ildizi mamlakatda tizimiy islohotlarni talab qiladi.

Suv soyga oqar

Xalqimizda: «Boy – boyga boqar, suv – soyda oqar»​, degan hikmat bor. Tasavvur qiling, siz rayon (tuman - tahr.) hokimisiz. Hukumat har tumanda namunali uylar qurilsin, deb qaror chiqaradi va ijrochi mas'uliyati hududingizda sizga yuklangan. 

Yashirib nima qildik: bu dunyoda har bir ishning tagi sarmoyaga, pulga borib qadaladi. Davlat bankka ularni qisman kreditlashni, moliyalashtirishni topshirgan, lekin bankning puli ham cheksiz emas, har kuni bir qaror chiqariladi – yosh oilalarga kredit, kichik tadbirkorlarga kredit, tovuq boqishga kredit, oilaviy pudratga kredit, ijodkorlarga uy ajratishga kredit, kam protsentga kredit, foizsiz kredit... Qolaversa, kredit bu – qarz va u o‘z muddatida qaytarilishi kerak. Banklarga berilgan kreditlarni qaytarmagani uchun ham jazo bor.

Hokim qarasa, boylarning puli bor, lekin uyi yetarli, kambag‘alning uy orzusi bor, lekin puli yo‘q. Tumanda u hatto boshlang‘ich pulini ham qarindoshidan qarz olmay yo ro‘zg‘orni boqib turgan mol-holini sotmay, to‘lolmaydi.

Hokim tumandagi badavlatlarning ro‘yxatini oladi va har biring bittadan namunali uy olasan, deydi. (Bu ham bizning «o‘ziga xosligimiz»​ – biznesni homiylikka zo‘rlash. Navro‘zga pul o‘tkaz, ko‘chani asfalt qilib ber, maktabni ta'mirlab ber va hokazo).

O‘zim shaxsan bilaman, bir sinfdoshimning ukasi, odamlardagi plandan oshgan tamakini, mayizni sotib boy bo‘lgan yigit, Sherali Jo‘rayevni olib kelib to‘ylar qilgan, hatto nabirasiga ham oldindan ikki qavatli uy solib qo‘ygan biznesmenni ikkita namunali uy olishga majburlashgan va u olgan. Bir kuni qarasam, shoshilib ketyapti: «Komissiya kelayotgan ekan, namunali uylarning oldiga gul va ko‘chat ekish kerak ekan, yana bir-ikki million xarajat, komissiya ketsa, suv yo‘q, gul ham quriydi... Shu uy ham boshga balo bo‘ldi»​, - dedi.

Qarorda yosh oilalarga degan-ku?! Boshqa bir biznesmenga kambag‘alroq, yoshroq jiyaningning hujjatlarini olib kel, unga rasmiylashtirib qo‘yamiz, uy baribir seniki-ku, deyishibdi. Hech yerda ishlashni istamaydigan, piyonista bir uzoq qarindoshiga rasmiylashtirgan ekan. Komissiya kelganda kiyintirib, o‘sha jiyanni yosh xotini va bitta bolasi bilan kirgizib ko‘rsatishgan ekan. Bir kuni jiyan: «Uy mening nomimda, chiqmayman»​, - deb turib olibdi. «Tog‘a»​ oxiri mast jiyani bilan mushtlashgan, kreditni to‘lash ham to‘xtagan, chunki jiyan pul topmaydi. Bank uyni qaytarib olish uchun sudga bergan. Yodingizdadir, jahon iqtisodiyotining oxirgi inqirozi aynan Amerikadagi ipoteka kreditlari tufayli yuzaga kelgandi.

Shunday qilib, bu uylarning ilk muammosi egalik masalasidir. Uylar egasini topishi gumon edi. Haqiqiy uyga muhtojlarda sarmoya yo‘q va bo‘lishi dargumondir.

Qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga...

Ikkinchi jihat – nepotizm va korrupsiya, ya'ni tanish-bilishchilik va tamagirlik. Yaxshi hokimlarimiz ham, halol amaldorlarimiz ham bor. Ayrimlarini uzoqdan bir-ikki ko‘rganman. Lekin tipik mansabdorimiz o‘z qarindoshlari va homiylari, ya'ni «cho‘ntaklari» manfaatini deydi va hukumatning har qanday ezgu qaroridan o‘zinikilarga biror manfaat chiqara oladi.

Deylik, hukumat «fermerlar yerlarini optimallashtirish»​ desa, u qaysar, to‘g‘riso‘z, halol fermerning yerlarini tortib olib, qarindoshinikiga qo‘shib beradi. Hukumat «kredit ajratilsin, har oila 100 donadan tovuq boqsin»​ desa, darhol tepaga: «kreditni uning o‘ziga bersak, boshqa narsaga ishlatib yuboradi, katakni ham o‘zimiz qurib beramiz, tovuqni ham naturada beramiz», - deb ko‘ndiradi. Keyin qarindoshiga o‘tkazdiradi bankdan millionlarni va bu «firma»​ kataklarni sifatsiz materialdan quradi va tovuqlarning ozg‘in va qarilarini arzonga olib, tarqatadi, lekin tovuq katakni «saroy»​ deb, tovuqlarni «golland tovuqlari»​ deb rasmiylashtiradi hamda otni kallasidek pulni «spisat»​ qiladi. 

Kreditni esa tovuqboqarlikni orzu qilgan xalq shaxsan to‘lashi kerak. Uning o‘zi tovuq olsa, yaxshisini olardi, katak qursa, sifatli qurardi. Bu sohadan ozgina xabari bor odam biladi: tovuq tuxumga kirgach, bolig‘lik davrida bir-ikki yil tuxum qiladi, keyin qilmaydi. Tovuqning oyog‘i tagi quruq bo‘lmasa, tuxum qilmaydi. U turli kasalliklardan vaqtida emlanishi kerak. Unga muayyan ozuqa berilishi kerak. Ishlab chiqarish masshtabida bu hamma qiladigan ish emas. O‘zi «natura»​da berilgan, pushti ado bo‘lgan tovuqlar tezda o‘ldi. Kredit elning bo‘ynida qoldi. Shu tariqa har bir yuqoridan kelgan ezgu tashabbus nepotizm «elagi»​ga tushadi.

Mavzumizga daxldor yeri shundaki, namunali uylarni quradigan firmalar, tashkilotlar bu «yog‘li buyurtma»​ uchun sarf-xarajat qiladilar, bankdan olingan pullardan «otkat»​ chiqarishlari kerak, «tepa»​ga uzata turib, «o‘zim nega qarab turishim kerak»​ degan qaroqchilik mantig‘idan to‘g‘ri ko‘rinadigan yo‘lga o‘tadilar, ya'ni o‘zlarini ham unutmaydilar. Natijada ikki g‘isht devorning o‘rniga ─ bir g‘isht yupqa devor qo‘yiladi, lekin uch g‘isht deb hujjatlashtiriladi, ikki qatlam bo‘yoq surilmay, bir qatlam suriladi va to‘rt qatlam surildi, deb rasmiylashtiriladi, tunukasining millimetridan urib qolinadi va hokazo. Malakali quruvchilarni emas, bozordagi har xil ishni qilib yurgan malakasiz ishchilarni olib kelib, ishlatadi, lekin qog‘ozda haqni «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi»​ yo me'morning stavkasida yozib qo‘yadi.

Qimmat behikmat bo‘lmas, arzon beillat bo‘lmas...

Natijada biz so‘z yuritgan korrupsiya uchinchi muammoni – uylarning sifatsizligini keltirib chiqaradi. Bugungi hammamiz uy olganlardan eshitayotgan, matbuotda yozilayotgan muammolarning ildizlari shu yerdadir. Mana, mo‘tabar axborot agentligi xabarining sarlavhasi: «Mirziyoyev uylar qurilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga hayfsan e'lon qildi»​.

OAVdan iqtibos: «Hali ham odamlarimizning boshidan suv o‘girib ichsa arziydi. No‘noq, o‘z ishining ustasi bo‘lmagan quruvchi barpo etgan uyni ko‘rib, dili og‘risa-da, ko‘pchilik g‘ing degani yo‘q. Aslida «Qishloq qurilish bank»​ moliyalashtirib beradi. «Qishloq qurilish invest» ​injiniring kompaniyasi esa pudratchi qurilish tashkilotlarini yollab, uy-joy qurilishiga jalb etadi. Uy bitganidan keyin tezda egasiga topshirilishi lozim. Mashmashaning kattasi ana shundan keyin boshlanadi. Aniqroq aytsak, quruvchilar uy-joy sohibinikiga qo‘lini oyog‘iga olib, bo‘zchining mokisidek yugurib qoladi. Ularning maqsadi — qanday bo‘lmasin, uy egasiga «Hammasi joyida, uy-joyni qabul qilib oldik» ​, deya imzo chektirib olish. Bu ishga usta bo‘lib ketishgan. Qolgani hech kimni umuman qiziqtirmaydi»​.

Hukumat qarorlar qabul qiladi. 2018 yil 1 iyulidan 31 dekabriga qadar imtiyozli ipoteka krediti uch yildan iborat imtiyozli davr bilan ajratilishi belgilangan bo‘lsa, 2019 yil 1 yanvardan boshlab ushbu imtiyozli ipoteka kreditining (imtiyozli) davri ikki yildan iborat bo‘lishi belgilandi. Kreditni qaytarish muddati o‘n besh yildan yigirma yilgacha cho‘zildi. 2019 yilda mamlakatimiz qishloq hududlarida yana 15 mingdan ortiq uy-joy quriladi. Uning 10 mingdan ziyodi uy-joyga muhtojlarga, 600tasi yoshlarga, 1050tasi harbiylarga ajratiladi. Lekin bularning bari yangi islohotlarning taqdiri, izchilligi bilan bog‘liqdir.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qishloq hududlarida uy-joy barpo etish uchun shu kunga qadar banklar besh trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratgan. O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi «Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»​gi qaroriga ko‘ra, joriy yildan boshlab respublikamiz qishloq hududlarida namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi «Obod qishloq» ​dasturi bilan uyg‘un tarzda olib boriladi.

Biroq real hayotda kambag‘allar uchun qurilayotgan uylarda qurilish ishlari haligacha o‘lda-jo‘lda qolib ketmoqda. Bitish muddatidan tashqari, xalq bu uylarning sifatidan xavotirdadir. Mana, Past Darg‘om tumanidan bir uy talabgorining fikri:

— O‘zimiz ertaga yashaydigan uyning qurilish jarayonlarini kuzatar ekanmiz, devordagi g‘ishtlarning butunidan ko‘ra, singan, darz ketganlari ko‘p ekani hayron qoldirdi bizni. Eng yomoni, ayrim devorlar qiyshiq ekani hozirdan ko‘zga tashlanib qolgan. Fisht terish tartib-qoidalariga umuman rioya qilinmagan. Devorlar burchaklari orasida bir necha santimetrli ochiq joylar qolgan. Bu joylar sement qorishmasi bilan to‘ldirilishi kerak emasmi? Tag‘in deng, sement qorishmasining o‘zi, qo‘lga olsangiz, uvalanib ketadi. Erta bir kun kuchsizgina yer qimirlashi ham bu devorlarni yiqitib yuborishidan qo‘rqyapmiz... Qoidaga ko‘ra, terilayotgan g‘ishtlar orasiga metall simlar qo‘yilishi kerak. Ammo bunday simlarni har joyda bir dona uchratasiz, xolos. Quruvchilar «biz materialning borini ishlatamiz-da»​ desa, qurilish korxonasining ish yurituvchisi «quruvchilarning esidan chiqqandir» ​deydi. Xullas, bizning uylar qurilishida ochiq-oydin mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Qurilishdagi mas'uliyatsizlik va sustkashlikdan norozilar soni ortib bormoqda.

Bir yilda namunali uylarni sifatsiz qurgan 17ta pudrat tashkilotining ishi sudga oshirilgan. Arzon va qulay bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida bir qator jiddiy kamchiliklar, jumladan, qurilish qoidalari buzilishi, qurilish-montaj ishlari sifatsizligi, loyihalardan chetga chiqish aniqlangan.

Ko‘zbo‘yamachilikdan so‘zbo‘yamachilikka...

Bu holatning korrupsiya va mas'uliyatsizlik barobarida yuzaga kelayotgan yana bir ildizi ko‘zbo‘yamachilikdir. Xalqaro siyosiy adabiyotda «Potemkin qishloqlari» ​degan ibora bor. Bu ibora Yekaterina Ikkinchi davrida davlat rahbarining ko‘zini quvontirish uchun knyaz Potemkin podsho o‘tadigan yo‘llarda tezda barpo qilgan «obod qishloqlar»​ edi. Yekaterina Ikkinchi kechda dam olishga yotganda ortdagi «obod qishloq»​ tezda ko‘chirilib, podsho o‘tadigan yangi marshrutda tiklab qo‘yilardi. Izvosh tuynugidan u xushchaqchaq odamlarni, samovarlarda qaynayotgan choylarni, balalayka chalib, raqs tushayotgan xonimlarni, dalalarda toza kiyimlarda «ishlayotgan» ​dehqonlarni ko‘rib quvonardi.

Toshkentdan Bo‘stonliqqa tomon borsangiz – Bo‘stonliq go‘zal tabiatli, dam oladigan, xorijiy mehmonlar tez-tez boradigan joy – yo‘l chetida qurilgan «namunali uylar»ga ko‘zingiz tushadi. Qishloq aslida huv olisda, odatda chashmalar, soylar atrofida dunyoga keladi, chunki suv – hayot manbai. Lekin namunali uylar hamma viloyatlarda shovqinli katta trassalar atrofida qurilgan, chunki bu yerdan rahbarlar va mehmonlar o‘tadi. Garchand bu yerga gaz va suv olib kelish muammo, garchand yerosti suvlari yaqinligi uchun devorlar yarmigacha sho‘rlaydi, garchand kanalizatsiya o‘tkazilishi uchun sharoit yo‘q, chunki bu uylar daryo sathidan pastlikda qurilgan. Faqat chet elliklarning olisdan ko‘zi tushsa bo‘ldi!

Odatda uy qurish uchun yer tanlashning tarixiy an'analari va ulkan ilmi bor. Hatto qadimiy hindular turli yerlarga daraxt ekib, qay yerda nihol yaxshi unsa, o‘sha yerda imorat solganlar. Uy yoki namunali kvartal qurganda seysmik, geodezik tadqiqotlar o‘tkazib tanlanishi kerak, kattalar o‘tadigan yo‘ldan ko‘rinib turishi shart emas.

So‘ngso‘z

Biz bu borada so‘z aytgan birinchi odam emasmiz va so‘nggisi ham bo‘lib qolmaymiz. Lekin millatimiz va xalqimiz taqdiri bog‘liq bo‘lgan bugungi islohotlar izchilligi hammamizning taqdirimizda va bolalarimizning istiqbolida aks etadi.

Jamiyatdagi qator muammolarning, shu jumladan, kam ta'minlangan qatlam uchun quriladigan uylarga daxldor muammolarning kelib chiqish sabablari – iqtisodiyotga, qonunchilikka, ma'naviyatga borib qadaladi. Ularning yechimi o‘tkazilishi va'da qilinayotgan ma'muriy, moliyaviy, sud-huquq, soliq, mulk sohalari islohotiga, monopoliyadan voz kechish, korrupsiyaga qarshi kurashish sur'atiga, fuqarolik jamiyati shakllanishi va so‘z erkinligiga bog‘liqdir. Sobiq ma'muriy-buyruqbozlik tizimi asoratlari to‘la barham topmas ekan, har qaday tashabbus samarasiz qolaveradi. Adolat — shohlikning mezoni, deb uqtirgan Navoiy. Jamiyat farovon, mulki obod bo‘lishi sirini Navoiy allaqachon aytganlar: 

«Shahikim, anga adl bunyod o‘lur, Natija bukim — mulki obod o‘lur. Qayu shahki, yo‘q adl ila dod anda, Ulus birla mulk o‘lmas obod anda». 

Namunali uy singari har qanday ezgu orzuni chippakka chiqaradigan narsa «adl»​ga, ya'ni adolatga xiyonatdir. Bu uylarni chala-chulpa, omonat qurdirgan va qurayotganlar malakasiz ekani uchun emas, ochko‘z, o‘g‘ri ekani uchun shunday bo‘lmoqda. Bunga qarshi kurash – korrupsiyaga qarshi kurashdir. Bu esa – jamoat nazorati va so‘z erkinligi bilangina bo‘ladi.

Ikkinchi bir fikr. Mamlakatda mavjud tizimning demokratlashuvi jarayonida ijtimoiylikka e'tibor berishdir. Ijtimoiylik, ya'ni sotsializm g‘oyasini sho‘rolar tuzumi badnom qildi, chunki unda real tenglik bo‘lmadi. Ammo bugun Shvetsiyada, Finlyandiyada va qator Skandinaviya davlatlarida amalda sotsializmdir, ya'ni boylar boyishi uchun imkon yaratilgani holda, aholining aksariyat qismi kambag‘allashmagan. Sotsializmdan so‘ng biz qanday tuzumga o‘tdik? Kapitalizmgami? Feodalizmgami? Avtoritarizmgami?

Mana, boylar uchun «siti»​lar qurilmoqda. Ularda sifat ham bor, hashamat ham bor, joylashgan yerlari ham markazda va go‘zal tumanlardadir. Mabodo biror oddiy insonga bu yuz millionlab turadigan uy sovg‘a qilinsa ham, uning yillik solig‘i va kommunal to‘lovlarini to‘lay olmaydi. Sotib, chetroqqa, arzonroq tumanga jo‘navoradi. Jamiyatda segretsiya, tabaqalashuv chuqurlashmoqda. Mabodo oligarxiya kapitalizmi yo‘lini tanlagan ekanmiz, aholining quyi tabaqasini chuqur himoya qiladigan tizim yaratishimiz kerak. Aks holda, ijtimoiy bo‘hronlar domida qolamiz.

Mavzuga oid