Light | 13:50 / 30.06.2019
353267
6 daqiqa o‘qiladi

Qon bosimi tushganda nima qilish kerak? Beshta tezkor usul

Yaxshi yangilikdan boshlaymiz: bosim tushishi — noxush holat, ammo ko‘p hollarda xavfli emas. Biroq gipotoniya xurujlariga e'tiborsizlik qilish ham mumkin emas.

Qon bosimi tushishi nima va u qay holatda xatarli

Yodda tuting, chegaraviy bosim 90/60. Tonometr shu yoki bundan baland darajani ko‘rsatsa, demak, hammasi joyida. Ammo u yoki bu son kamaysa, yoxud ikkisida ham pastlash kuzatilsa, bu qon bosimi tushib ketayotganidan darak beradi.

Muhim bo‘lgan kichik farq mavjud. Qon bosimi ko‘tarilishi hamma uchun birdek tahlikali bo‘lsa, bosim pasayishi organizmning o‘ziga xos xususiyati bo‘lishi ham mumkin. Agar u darmonsizlashish bilan birga kelmasa, salomatlikdagi buzilish deb hisoblanmaydi, u bilan kurashish shart emas.   

Unga qo‘shimcha tarzda quyidagi alomatlar kuzatilsa, ogoh bo‘lish lozim:

  • holsizlik;
  • bosh aylanishi, o‘zini tashlab yuboradigandek hissiyot;
  • ko‘z xiralashishi;
  • ko‘ngil aynishi;
  • qaltirash;
  • terlash ortishi;
  • diqqat susayishi.

Bu holatlar hayot tarziga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi, ishlash va muloqotga kirishishga xalaqit beradi. Lekin eng asosiysi: noxush alomatlar bilan boshlangan bosim tushishining o‘zi ham boshqa kasallikning shunchaki alomati bo‘lishi mumkin.

Arterial qon bosimi pasayishi sabablari turli xil: oddiy suvsizlanish va stressdan tortib to gormonal buzilishlar, ichki qon ketish va miokard infarktigacha.

Davolashni boshlashda aynan qaysi kasallik gipotoniyaga omil bo‘lganini aniqlashtirish zarur. Asosiy xastalikka lozim bo‘lgan choralar ko‘rilganidan so‘ng, qon bosimi o‘z-o‘zidan me'yoriy holatga qaytadi.

Qachon tez tibbiy yordamga murojaat qilish kerak?

O‘zingizda yoki yoningizdagi odamda bosim pasayishi va quyida keltirilgan belgilar uchrasa, zudlik bilan tez yordam chaqiring:

  • sovuq, yopishqoq, rangi o‘chgan teri;
  • tez sayoz nafas olish;
  • kuchsiz va tez yurak urishi;
  • o‘zini ushlab turolmaslik.

Bular kuchli arterial gipotenziya (kollaps, shok) alomatlari hisoblanadi. Bu holat hayot uchun xavflidir, miya va ichki organlar gipoksiyasiga olib kelishi mumkin. Shu sababli tez tibbiy yordamni kechiktirish mutlaqo mumkin emas.

Uy sharoitida bosimni ko‘tarish yo‘llari

Yodda tuting: qon bosimi noxush sezgilar bilan tushsa, terapevt qabuliga uchrang. Aks holatda ehtimoliy yashirin va kattaroq xastalik kuchayib ketishiga olib kelishingiz mumkin. Shifokor qabuliga borishdan oldin yoki tibbiyot xodimi lohaslikka olib kelgan tashxisni aniqlagunga qadar uy sharoitida amalga oshirish mumkin bo‘lgan oddiy foydali tavsiyalar ham mavjud.

O‘zingizga eng qulayini tanlang yoki bir nechtasini birga bajaring.

1. Tuzlangan mahsulot iste'mol qiling
Dudlangan baliq, tuzlangan bodring, brinza yoki pishloqning tuzli boshqa turi, soya qaylasa qo‘shilgan bir qoshiq pishirilgan guruch...

Natriy xlor (osh tuzining ayni o‘zi) qon bosimini ko‘taradi. Ba'zida juda tez, shuning uchun gipertoniya bilan og‘ruvchi bemorlarga tuz iste'moli qat'iyan taqiqlanadi. Lekin mumkin bo‘lmagan holat mavjud.

Diqqat qiling! Doimiy ravishda qon bosimini tuz orqali ko‘tarish man qilinadi. Tanada natriyning oshishi yurak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin, ayniqsa katta yoshli kishilarda.

2. Bir stakan suv iching
Iloji bo‘lsa, ikki stakan. Suyuqlik qon hajmini orttiradi (tomir devorlaridagi qon bosimini ham). Shuningdek ehtimoliy suvsizlikni bartaraf etadi.

3. Kompress uchun mo‘ljallangan golf yoki paypoq kiying
Elastik paypoqlar (chulkilar) odatda oyoqdagi shishni qaytarishda va vena tomirlari kengayishini kamaytirishda foydalaniladi. Lekin bundan tashqari, ular oyoqdagi qon hajmini kamaytiradi. Qisilgan qon tananing asosiy tomirlaridagi bosimni orttiradi.

4. To‘g‘ri holatni tanlang
Bu kompress paypoqlarning o‘ziga xos maqbulidir.

Oyoqlaringizni bir biriga bosib o‘tiring. Natijada oyoqning pastki qismida qon hajmi kamayadi, asosiy tomirlarda bosim ko‘tariladi. Shu sababli bu holat gipertoniyadan aziyat chekuvchi bemorlarga taqiqlanadi.

5. Kofe iching
Bu nisbatan eng keng tarqalgan usul, biroq foydasi isbotlanmagan. Kofein faqatgina kofeni kam ichuvchi insonlardagi arterial bosimni ko‘tarishi mumkin. Agar siz kofeman bo‘lsangiz, foyda ehtimoli juda kam.

Qon bosimini uzoq muddatga  dorilarsiz qanday ko‘tarish mumkin?

Birinchi navbatda, aniq tashxis va tibbiy davolanish yordam beradi. Alomatlarni bartaraf etish uchun shifokorlar ma'lum dori preparatlari qabulini buyurishadi, pasaygan qon bosimi normaga keladi.

Shuningdek, siz hayot tarzingizni o‘zgartirib ham tanangizga yordam bera olasiz. Shifokorlar quyidagilarni tavsiya etishadi:
1. Ko‘proq suv ichib yuring, ayniqsa jaziramada yoki haroratingiz ko‘tarilganda.
2. Alkogolli mahsulotlar iste'mol qilmang. 
3. Doimiy jismoniy mashqlar bajaring, hech bo‘lmaganda aylanishga chiqib turing: jismoniy toliqish tomirlar tonusini yaxshilaydi.
4. Uzoq vaqt bir holatda qolishdan qoching. O‘tirib ishlovchi kasb egasi bo‘lsangiz, tez-tez harakat qilib turing: yuring, o‘rindiqsiz o‘tiring, sakrang, raqsga tushing...
5. Uzoq davom etuvchi issiq vanna qabul qilmang. Eng sog‘lom yo‘l — kontrast dush.
6. Ovqatlanish ratsioningizdagi uglevodlar miqdorini kamaytiring. Ko‘nglingiz shirinlik tusasa, meva tanovul qiling.
7. Kuniga oz-ozdan 4-5 marta ovqatlaning.

Mavzuga oid