O‘zbekiston | 23:00 / 01.07.2019
48964
7 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan qanday o‘zgarishlar joriy etildi?

Quyida 2019 yil 1 iyuldan qonunchilikda nimalar o‘zgarishi haqida ma'lumot beramiz.

O‘zbekistonda 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi majburiy qilingan(di). Lekin bu tartib o‘z muddatida kuchga kirmayapti. IIV YHXBB «Kameralar butunlay bekor qilingani yo‘qligi, faqat muddatlarini uzaytirish rejalashtirilayotgani» to‘g‘risida bayonot berdi.

 «Xodimlarni bodi kameralar bilan ta'minlash yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bir necha vazirlik va tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda bodi-kameralarni ishlatish yuzasidan texnik shartlar, ularni xarid qilish bo‘yicha tender tanlovlari shartlari ishlab chiqildi, e'lon qilindi. Turli savdo tashkilotlariga yuborildi. Ularning takliflari jamlandi.

Maxsus komissiya tomonidan har bir taklif atroflicha va batafsil o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar jarayonida kameralarning narxidan boshlab, yetkazib berish shartlari va muddatlarigacha ko‘rib chiqildi. Navbatdagi vazifa kameralarni turli ob-havo sharoitlarida, turli ko‘rinishlarda, har xil xolatlarda, vaziyatlarda ishlatib ko‘rish va sinovdan o‘tkazish edi. Bu bosqich ham muvaffaqiyatli yakunlandi.

Bodi-kameralar xarid qilinadigan tashkilot aniq bo‘ldi. Endi butun diqqat-eʼtibor ma'lumotlarni saqlash qurilmalarini xarid qilish, dasturiy ta'minotni ishlab chiqishga qaratildi. Bu oson vazifa emas. Ertaga yo‘llarda turli kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, bahs-munozaralar kelib chiqmasligi aynan mana shu dasturiy ta'minotni to‘g‘ri va aniq ishlashiga ko‘p jihatdan bog‘liq. 

Shuni hisobga olgan holda dasturiy ta'minotni ishlab chiqish ishlariga yetuk mutaxassislar, kompaniyalar jalb etildi. Hozirgi kungacha bu ishlarning deyarli 80 foizi bajarildi. Bodi-kameralarni xarid qilish yuzasidan tuzilgan shartnomada ularni yetkazib berish muddati 120 kun qilib belgilangan. Bu ta'minotchining talabi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu muddat qaror ijrosini o‘z vaqtida bajarishga mos kelmaydi.

Shularni hisobga olgan holda Vazirlar Mahkamasiga bodi-kameralarni ishga tushirish muddatlarini uzaytirish bo‘yicha taklif berildi. Kameralar butunlay bekor qilingani yo‘q, faqatgina uning ishga tushirish muddatlarini uzaytirish rejalashtirilmoqda. Shuni to‘g‘ri tushunish va qabul qilish kerak», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB matbuot xizmati xabarida.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, 2019 yilning 1 iyulidan boshlab YPX xodimlari o‘z xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishi kerak edi. Ya'ni, bodi-kamerasisiz yo‘lda xizmat olib borayotgan YPX xodimi — noqonuniy YPX xodimiga aylanishi kerak edi.

Qayd etish kerakki, qonun bo‘yicha videokamerasiz YPX xodimiga hujjat ko‘rsatmaslik mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandi 4-xatboshisiga binoan, haydovchilar mobil videokamerasiz xizmatni olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega.

Ushbu tartibni 2020 yil 1 yanvargacha uzaytirish loyihasi mavjud, ammo hali u shunchaki loyiha xolos, rasmiy hujjat emas. Agar mabodo YPX xodimi Sizga «bu tartib 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi, hujjatlarni ko‘rsatishga majbursiz» desa, Vazirlar Mahkamasining 975-sonli qaroriga hech qanday o‘zgarish kiritilmaganligini, shu sababli YPX xodimining talabi noqonuniy ekanligini tushuntiring. Kuchda turgan qarorga bo‘ysunishga hamma majbur.

O‘zbekistonda 1 iyuldan sirtqi ta'limga hujjatlar qabuli boshlandi. Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga kiritilgan qo‘shimchalar bilan sirtqi ta'limga hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

Sirtqiga hujjat topshirish uchun ish joyidan tavsiyanoma ham shart emas. Hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi. Abituriyentlardan pasport va diplom talab qilinadi. Kirish imtihonlari har yili 16 avgustdan 25 avgustgacha bo‘lgan muddatda o‘tkaziladi. Imtihonlari kamida 3ta fandan muayyan ta'lim yo‘nalishida o‘qitish tilida o‘tkaziladi. Imtihonlar test yoki kasbiy (ijodiy) va yozma imtihon shaklida o‘tkaziladi. Qaysi OTMda test bo‘ladi, qaysi birida ijodiy imtihon bo‘ladi, bunisi Davlat qabul komissiyasi tomonidan oldindan tasdiqlanadi.

29 avgustga qadar imtihon natijalari e'lon qilinadi va abituriyentlarni talabalikka tavsiya etish to‘g‘risida OTM rektorining buyrug‘i chiqariladi.

Eski banknotlar muomaladan chiqarildi. 2019 yil 1 iyuldan boshlab, 50 va 100 so‘mlik tangalar hamda 50 va 100 so‘mlik eski namunadagi banknotlar muomaladan qaytarib olindi.

Ularning o‘rniga 2018 yil namunasidagi 50 so‘mlik,  100 so‘mlik, 200 so‘mlik va 500 so‘mlik tangalar muomalaga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil iyulida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2001-2002, 2004 va 2009 yillarda chiqarilgan eski namunadagi 50 hamda 100 so‘mlik tangalar 2019 yilning 1 iyuliga qadar hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi va bankka kelib tushgan ushbu tangalar qayta muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ma'lum qilingandi.

«50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotlar ham 2019 yilning 1 iyuliga qadar muomalada bo‘ladi.

200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotlar esa 2020 yil 1 iyulga qadar qabul qilinadi va shundan so‘ng muomaladan chiqariladi.

Eski namunadagi tangalar va banknotlarni yangi namunadagi tangalar muomalaga chiqarilgan kundan boshlab banklar orqali yangi tangalarga almashtirib olish mumkin. Eski namunadagi 200 va 500 so‘mlik banknotlarni esa 2019 yil 1 iyuldan boshlab bank kassalarida almashtirish mumkin», deyilgandi Markaziy bank bayonotida.

2019 yil 1 iyuldan OTM o‘qituvchilari maoshi oshadi. Oliy ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda budjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari oshirilgan miqdorlarda to‘lanadi.

Mavzuga oid