Iqtisodiyot | 11:03 / 04.07.2019
114790
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh nega yuqori emas?

Jahonda aholining o‘rtacha maoshi qancha? Rivojlangan davlatlar, jumladan Angliyada 3461 dollar, AQShda esa 4893 dollar bo‘lsa, sobiq Sovet davlati tarkibida bo‘lgan Litva fuqarolari o‘rtacha 422 dollar maosh oladi. 

MDH davlatlari ichida Armaniston fuqarolari 386 dollar, Belarus Respublikasida esa 422 dollar o‘rtacha oylik maosh to‘lanadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 225 dollarni (qishloq xo‘jaligi va qo‘shma korxonalar maosh to‘lash statistikasi inobatga olinmagan) tashkil qilmoqda, deya o‘z tadqiqot natijasini ma'lum qildi Eskender Trushin. 

Jahon banki eksperti, iqtisodchi Eskender Trushin qariyb ikki yil davom etgan tadqiqot va izlanishlaridan so‘ng, «O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va ish o‘rnini yaratish: keng tahlil» nomli hisobotini e'lon qildi.

 Iqtisodchining bayon qilishicha, davlatlardagi o‘rtacha maoshlar orasidagi farq  o‘sha mamlakatlardagi mehnat unumdorligi bilan ifodalanadi.

  «Maosh qanday qilib yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin? Quyidagi formula buni tushuntirib bera oladi. Mana shuning uchun biz ko‘proq mehnat unumdorligiga e'tibor qaratishimiz lozim», — deydi u. 

Eskender tadqiqot xulosasida kishi boshiga to‘g‘ri kelayotgan YaIM ko‘rsatkichi barqaror rivojlanishning asosiy omili sifatida ko‘rsatib, yangi ish o‘rnini yaratish va mehnat unumdorligini oshirish iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘lishini bildirdi. 

«Ish o‘rnini yaratish maosh olish imkoniyatini beradi, mehnat unumdorligini oshirish esa maoshning ko‘proq bo‘lishini ta'minlaydi.  Unumdorlik oshishi nafaqat YaIM ko‘rsatkichiga, balki raqobatbardoshlik sifatiga ham ta'sir qiladi. Masalan, o‘zgarmagan miqdordagi resurslar bilan ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish tovar tannarxini tushirib, raqobatbardosh qiladi», — deya ta'kidladi Trushin. 

 Shu tufayli hisobotda aynan ish o‘rnini yaratish va mehnat unumdorligiga alohida e'tibor qaratilgan. 1996-2016 yillar yuqorida zikr etilgan ikki omil qay ahvolda bo‘lgan? 

«Ikki ko‘rsatkichning bir vaqtda, bir maromda o‘sishi juda muhim. Tahlillar dalolat beradiki, o‘tgan 20 yil ichida neft-kimyo, qurilish, sanoat, savdo va restoran xizmati, transport va aloqa sohalarida bu ayni kutilgandek bo‘ldi. Elektroenergetika, yoqilg‘i va metallurgiya tarmoqlarida yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lgan, mehnat unumdorligi esa o‘zgarmagan. Boshqa sohalarda, aksincha, mehnat unumdorligi o‘sishi bilan yangi ish o‘rinlari kamaydi.  Masalan, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoatida shunday holat kuzatildi», — deydi Eskender.

 Ta'kidlanishicha, 20 yil davomida O‘zbekiston YaIM 5 foizli o‘sish bilan har yili ko‘rsatkichni yaxshilab borgani inobatga olinsa, bu rivojlanishning 91 foizi mehnat unumdorligining yaxshilanishi bilan bog‘liq edi.

«Iqtisodiy faol yoxud mehnatga layoqatli kishilar ko‘payishi bilan yangi ish o‘rinlarini yaratish sur'ati teng bo‘lmadi. 2004-2016 davr oralig‘ida har yili faqat 280 mingga yaqin yangi ish o‘rni paydo bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich ta'lim muassasalari bitiruvchilarini bozorda ish bilan ta'minlashga yetmasdi, boshqa ish qidiruvchilar haqida aytmasak ham bo‘ladi. O‘zbekistondagi mehnat bozorining yana bir salbiy tendensiyasi —  ish izlovchining tajribasiz va malakasiz ekanligi. Yoshlar va ayollar o‘rtasida ishsizlik sur'ati baland, iqtisodiy turg‘un aholining soni ko‘p», — deydi u.

Trushinning ta'kidicha,  2004-2011 yillarda o‘rtacha maoshning oshib borishi aholi bandligi va yangi ish o‘rni yaratish omillariga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Bunda mavjud soliq va boshqaruv ma'murchiligi sabab bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid