Jamiyat | 22:10 / 10.07.2019
25176
3 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyatidagi 800 yillik chinorga nega arra botirildi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida 800 yoshli chinor kesilayotgani haqidagi xabar va fotosuratlar tarqaldi.

«Yuksalish» umumilliy harakati Kosonsoy tuman hokimligi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasi mutaxassislari bilan voqea joyiga borib, vaziyatga oydinlik kiritgan.

Aytilayotgan ko‘p yillik daraxt Kosonsoy tumani markazidagi, ayni paytda «Obod markaz» dasturi bo‘yicha rekonstruksiya qilinayotgan va obodonlashtirilayotgan madaniyat va istirohat bog‘ida o‘sib turibdi.

Ekologiya va atrof-muhit muhofaza qilish sohasida nazorat bo‘yicha tuman inspeksiyasi boshlig‘i Otamirzayevning aytishicha, 800 yillik chinor tabiat yodgorligi hisoblanadi va alohida nazorat ostiga olingan. Ushbu daraxtni kesib tashlashga ruxsatnoma berilmagan, shunchaki qurib qolgan shoxlaridan birini kesib olib tashlashga qaror qilingan. Uning ichi zararkunandalardan zararlanish oqibatida g‘ovaklab ketgan.

Tuman obodonlashtirish bo‘limi mutaxassislari Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yilning 17 yanvaridagi qarori bilan tasdiqlangan, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ekish, parvarishlash, kesish va inventarizatsiya qilish to‘g‘risidagi nizomga asosan sanitar kesishni amalga oshirishgan.

Mahalliy aholi bu daraxtga «Ulug‘ chinor» deb nom berishgan.

Kosonsoy tuman hokimligi vakilining aytishicha, chinor bundan keyin ham istirohat bog‘i va tumanning osori atiqasi bo‘lib qolaveradi. Bu ichki turizmning punktlaridan biridir, chunki ko‘p asrlik chinorni ko‘rish uchun qo‘shni respublikalardan ham mehmonlar kelishadi. «Obod markaz» dasturi bo‘yicha daraxt atrofidagi hudud obodoshtiriladi. Chinor atrofi o‘ralishi va uning tarixidan hikoya qiluvchi peshtaxta o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Kosonsoy tumanidagi 800 yoshli chinor ildizidan kesilmagan, shunchaki sanitar kesishga duchor bo‘lgan. Biroq bir qator savollar dolzarbligicha qolmoqda.

Chunonchi, bunday sanitar kesishdan so‘ng daraxtning ahvoli nima bo‘ladi? Uni parvarishlash, profilaktika qilish hamda turli hasharot va kasalliklardan himoya qilishni qaysi tuzilma o‘z zimmasiga oladi? Bunday vaziyatlar yana yuzaga kelmasligi uchun ko‘p yillik daraxt va butalarni mas'ul shaxslarga biriktirish, ularning turlari, tanasi diametri va holati ro‘yxatga olinib, to‘liq inventarizatsiya qilish qachon o‘tkaziladi?

Mavzuga oid