Jahon | 01:16 / 24.07.2019
18536
2 daqiqa o‘qiladi

Hongkongda namoyishchilarga hujum qiluvchi shafqatsiz to‘da paydo bo‘ldi

Foto: Reuters

Hongkong metrosida oq futbolkalarda bo‘lgan bir necha o‘n erkakdan iborat to‘da namoyishchilarga kaltaklar bilan hujum qilgan. Oqibatda 45 kishi jabrlangan. South China Morning Post nashrining xabar berishicha, hujum qilganlardan aksariyati jazosiz qolgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, yuzida niqobi bo‘lgan erkaklar ommaviy norozilik namoyishlaridan qaytayotgan namoyishchilarga hujum qilgan. Ulardan ba'zilari Xitoy bayroqlarini hilpiratib yurgan. Bosqinchilar asosan bir-birlarini tanish uchun qora kiyimda bo‘lgan namoyishchilarga hujum qilgan. To‘daning hujumi haqidagi xabardan keyin namoyishchilarga metro stansiyalarida turli rangdagi kiyim tarqatila boshlangan.

O‘tkinchi odamlar ham to‘da zo‘ravonligidan jabr ko‘rgan. Yog‘och va metall kaltaklar zarbasidan o‘nlab odamlar jabrlangan. Politsiya uyushgan hujumda 100 dan 150 nafargacha kishi ishtirok etganini aniqlagan, biroq 6 kishinigina ushlashga muvaffaq bo‘lingan. Shuningdek, nashr Xitoyni qo‘llab-quvvatlovchi deputat Yunius Xo oq futbolkalarda va Xitoy bayroqlari bilan bo‘lgan erkaklarning qo‘llarini siqayotgani videosini e'lon qilgan.

Hongkongda uzoq vaqtdan beri Xitoyga ekstradatsiya qilish qonun loyihasiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Qonun loyihasini ko‘rib chiqish qoldirilganiga qaramay, namoyishlar to‘xtamayapti.

Mavzuga oid