Jamiyat | 19:40 / 30.07.2019
21955
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahrining tarixiy qismida zamonaviy qahvaxona qurilishi e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda

Buxoro shahrining tarixiy markazida — Nodir devonbegi madrasasining orqa tomonidagi daraxtlar ekilgan kichikroq maydon o‘rab qo‘yilgani mahalliy faollar va blogerlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda yerto‘lali zamonaviy qahvaxona bunyod etilishi rejalashtirilgan. Buning uchun avvalo bu maydonchadagi daraxtlar kesiladi, albatta.

Kun.uz’ning Buxoro shahridagi manbasi ma'lum qilishicha, 1992 yilda ushbu maydonga sharqona uch ko‘zaning dekorativ konstruksiyasi — o‘ziga xos yodgorlik o‘rnatilgan bo‘lgan. Keyinchalik ular buzib tashlangan va maydonda daraxtlar va o‘tloq qolgan.

2018 yilda Bahouddin Naqshband ko‘chasi bo‘yida joylashgan bog‘cha ichidagi aylana, silindrsimon qahvaxona buzib tashlangan va o‘rni avtomobillar turar joyiga aylantirilgan.

Bizga ma'lum bo‘lishicha, Nodir Devonbegi madrasasi orqasidagi Mehtar Anbar va Bahouddin Naqshband ko‘chalari kesishmasida joylashgan daraxtzor maydon Buxoro shahar hokimligi tomonidan o‘sha buzib tashlangan qahvaxona evaziga uning egalariga qahvaxona va turistik axborot markazi barpo etish uchun berilgan.

Yangi barpo etilishi mo‘ljallangan qahvaxonaning loyihasini kim tayyorlangani noma'lum. Lekin uning yerto‘lasi, birinchi qavati va yozgi ayvonli ikkinchi qavati ham bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, YuNeSKOning Butunjahon merosiga kiritilgan shaharlarimiz, jumladan Buxoro shahrining tarixiy markazida har qanday yangi bino va inshootlar qurishda YuNeSKOning (ICOMOS — International Council on Monumens and Sites — yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash) tavsiyalariga rioya qilish kerak. Boz ustiga, «Buxoro tarixiy markazi» obektining saqlanganlik holati Butunjahon merosi qo‘mitasining 2020 yildagi 44-sessiyada ko‘rib chiqilishi e'lon qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro shahrining qadimiy markazida joylashgan va mukammal restavratsiyadan chiqarilgan Fathulloxon va Ayoz karvonsaroylari Buxoro shahridagi «Temur’s restaurant» umumiy ovqatlanish korxonasi rahbari Temur Tillayevga ijara asosida berilayotgani, bu qadimiy va tarixiy go‘shada ovqatlanish joyi ochilishi haqidagi tashvishli xabarlar Kun.uz tahririyatiga ham kelib tushgan edi.

22 iyul kuni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev va elchi Violen de Vilmor ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyat hokimi mazkur karvonsaroylar o‘z holicha saqlanayotganini, bu yerda hech qanday restoran ochish rejasi mavjud emasligini, aksincha, bugungi kunda ishlamay turgan bu obektlarning asl ko‘rinishini saqlab qolgan holda ularda sayyohlar tashrif buyurishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ish olib borilayotganini ma'lum qilgan edi.

Shuhrat Shokirjonov

Mavzuga oid