O‘zbekiston | 16:12 / 30.07.2019
55383
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» 6ta samolyotni sotuvga qo‘ydi

«O‘zbekiston havo yo‘llari»  milliy aviakompaniyasi 6ta samolyotni sotuvga qo‘ydi. Ushbu ma'lumotni kompaniya rahbariyati Kun.uzʼga tasdiqladi. 

«Ikkita Boeing 767, ikkita Boeing 757, yuk tashuvchi ikkita Boeing 767 samolyotlari sotuvga qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad — aviapark tarkibini unifikatsiya (turlarni kamaytirish) qilish. Yil yakuniga qadar, MAK faoliyatida restrukturizatsiya bo‘lishi kutilyapti, avia bozorda yangi kompaniya xizmat ko‘rsatishi boshlandi. Shu bilan MAK xarajatlarni kamaytirib, optimizatsiya qilishni ko‘zlamoqda» , — deydi kompaniyaning moliya-iqtisod departamenti direktori Alisher Sattarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya sotuvga qo‘yilgan samolyotlar 20 yillik tarixga ega, park tarkibi yangilanishi kerak. Shuningdek, bir turdagi samolyotlarning jamlanishi ehtiyot qismlarni sotib olish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytiradi.

«O‘rta masofaga uchish uchun mo‘ljallangan A320 oilasiga tegishli samolyotlar sotib olinishi rejalashtirilgan. Albatta, bular uzoq muddatli rejada belgilangan vazifalar bo‘lib, xaridlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi» , — deydi u.

Kompaniya vakili MAK tasarrufidagi «Drimlayner» larni sotish masalasi ko‘rilmayotganini aytdi.

«Bu masalada aniq qaror yo‘q. Balki Sale and Lease back ko‘rinishida ishlarmiz, bu hali muhokama qilinadi» , — deya qo‘shimcha qildi u.

Ma'lumot uchun, Sale and Lease back aktivlarni sotib, ularni ijaraga olishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid