Jahon | 18:24 / 10.08.2019
117955
7 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev birinchisi emas. Qirg‘izistonning ta'qibdagi prezidentlari

Qardosh Qirg‘iziston xalqi inqiloblarni “xush ko‘radi”. Mustaqillikka erishganidan buyon o‘z xalqi saylagan barcha prezidentlar ayni shu xalq vakillari tomonidan yo quvib solingan, yo ta'qibga uchragan. Xo‘sh, bu qadar murosasizlik sabablari nimada?

Qirg‘iz Respublikasi ahli hokimiyat vakillarini xushlamaydi

Biz Qirg‘iziston deya ataydigan, asl nomi Qirg‘iz Respublikasi bo‘lgan bu davlat O‘zbekistondan bir kun oldin – 1991 yilning 31 avgustida o‘z mustaqilligini e'lon qilgan. O‘shanda bu mamlakat aholisining ko‘pchiligi qalbiga o‘rnashgan “mustaqillik hokimiyatni istagan paytda ag‘darib tashlash” degan tushuncha hali-hanuz tark etmayapti. Yuqorida ta'kidlanganidek, xalqning o‘zi saylagan prezidentlarning birortasiga hali o‘z vakolatini tinchgina tugatgan yoki pensiyaga xotirjam ketgan emas. Muvaqqat prezident Roza Otunbayeva bundan mustasno, uni ag‘darishga yoki ta'qib qilishga shunchaki ulgurmadilar chog‘i.

Keling, ular bilan birma-bir tanishamiz:

Askar Akayev

Askar Akayev
Foto: Yekaterina Chesnokova / RIA Novosti

Qirg‘izistonning jami prezidentlari bir-biri bilan solishtirganda ko‘pchilik Akayevni hurmat bilan eslaydi. Sababi mustaqillikning dastlabki og‘ir yillarida davlatni boshqargani, o‘zi haqiqiy olim bo‘lgani, madaniyatli inson ekanligi va o‘rinbosarlaridan farqli ravishda boylikka ular qadar ruju qo‘ymaganidir. Hozir ko‘pchilik Akayev oldida xijolat hissini tuyadi, lekin g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan, u quvg‘in qilinib o‘rniga olib kelingan prezident vaziyatni battar chalkashtirib yuborgan.

1944 yilning 10 noyabrida tug‘ilgan Askar Akayev ilm yo‘lidan ketdi. Mamlakat prezidentligiga saylanishidan oldin, 1989-1990 yillarda u Qirg‘iziston Fanlar akademiyasi prezidenti edi. Keyinchalik u o‘tish davrida bu davlatning dastlabki rahbari bo‘ldi. 1995 yilda esa o‘z maqomini saylovlar orqali mustahkamlab oldi.

Akayevning MDH doirasida, xalqaro arenada ham obro‘si yaxshi edi. Ammo olim tobora cho‘kayotgan iqtisodni qutqara olmadi. 2005 yilda g‘alayon ko‘targanlar barchasida prezidentni aybladilar va uning iste'foga chiqarilishi barcha masalalar yechimi ekanligiga qattiq ishondilar. Dastlab bunga qarshilik qilgan Akayev keyinchalik qon to‘kilishining oldini olish maqsadida prezidentlikdan voz kechdi va mamlakatdan chiqib ketdi. O‘shanda uning ish kabinetigacha kirib borgan va hamma yerni vayron qilgan isyonchilar haqidagi lavhalar keyinchalik bu mamlakatdagi boshboshdoqlik ramziga aylandi.

Akayev hozirgi kunda Moskvada, ilmiy ish bilan shug‘ullanmoqda. Qirg‘iziston tarafining ekstraditsiya bo‘yicha so‘rovlariga Rossiya javob bermagan.

Kurmanbek Bakiyev

Kurmanbek Bakiyev
Foto: ITAR-TASS/ Vadim Rymakov

1949 yilning 1 avgustida tug‘ilgan, oilada yetti aka-ukaning biri bo‘lgan Kurmanbek Bakiyev “Qirg‘iziston xalq harakati” blogi lideri bo‘lib, Akayev davrida ma'lum muddat bosh vazirlik ham qilgandi. 2005 yildagi “Lolalar inqilobi”da u o‘z rahbariga qarshi chiqdi hamda hokimiyatni egalladi. 2009 yildagi prezident saylovlarida ham g‘olib chiqdi. Ammo oradan bir yil o‘tmay shu saylovchilarning o‘zi uni taxtdan ag‘darib tashladilar.

Sabablar o‘ta oddiy edi – ne-ne umidlar bilan, inqiloblar ortidan kelgan prezident tez orada shundoq ham korrupsiyaga botgan davlatni yanada ko‘proq bu muammoga o‘ralashtirdi, qarindosh-urug‘chilik avj oldi, mamlakat iqtisodi teshik kemadek cho‘ka boshladi, tashqi qarz ko‘paygandan-ko‘paydi.

2010 yilning 7 aprelidan 15 apreligacha davom etgan navbatdagi inqilobda qirg‘izistonliklar yana bir marta o‘z hovurlarini chiqarib oldilar, hukumatga nisbatan to‘plangan alamlarini to‘kib soldilar. Bakiyev vaziyatni o‘nglamoqchi bo‘ldi va o‘ziga qadrdon Jalolobodga borib, tarafdorlarini to‘pladi. Ammo baribir qochishga va Belarusdan, Lukashenko himmatidan panoh topishga majbur bo‘ldi.

Keyinchalik uni qaytarish ishlari samara bermadi va 2013 yilda Qirg‘iziston sudi uni sirtdan 24 yillik qamoqqa hukm qildi.

Roza Otunbayeva

Roza Otunbayeva
Foto: Sputnik

Qirg‘izistonning quvg‘inga uchramagan va hozircha ta'qibga olinmagan yagona prezidenti. To‘g‘rirog‘i, o‘ziga xos o‘tish davridagi davlatning muvaqqat rahbari.

1950 yilning 23 avgustida tug‘ilgan Roza Otunbayeva Bakiyev quvg‘in qilinganidan keyin dastlab Qirg‘iziston muvaqqat hukumati rahbari, keyinchalik o‘tish davridagi prezident vazifasini bajardi. Yana bir o‘ziga xos jihati – Otunbayeva asosiy aholisi musulmonlar bo‘lgan davlatning ikkinchi ayol rahbari sifatida tarixga kirdi (birinchisi —Indoneziya prezidenti Megavati Sukarnoputri).

2011 yilning 1 dekabriga qadar davlat rahbari bo‘lgan Otunbayeva xonim saylovlar natijasiga ko‘ra Almazbek Atamboyevga o‘z o‘rnini bo‘shatib berdi.

Almazbek Atamboyev

Almazbek Atamboyev
Foto: EPA-EFE/IGOR KOVALENKO

1956 yilning 17 sentyabrida tug‘ilgan Almazbek Atamboyev Qirg‘izistonning saylovlarda g‘olib chiqqan va keyinchalik xotirjamlik bilan vakolatini topshirib ketgan hamda ta'qibga uchramagan birinchi prezidenti bo‘lishi mumkin edi. Ammo unday bo‘lmadi. Dastlab turli vajlar bilan har qanday ayblovlardan himoyalovchi, butun umrga amal qiladigan immuniteti bekor qilindi. Shunda uning tarafdorlari Qo‘ytoshdagi rezidensiya atrofiga to‘plana boshladilar.

Vaziyat taranglashgan bir paytda Atamboyev Moskvaga bordi va Putin bilan uchrashdi, ammo ko‘pchilik o‘ylaganidek, katta og‘adan panoh ola olmadi, yoki buni istamadi. Shundan so‘ng uning qarorgohiga ustma-ust hujum qilindi va qator to‘polonlardan so‘ng, qurbonlar berilgandan keyin sobiq prezident qo‘lga olindi. Hozirgi kunda uni 26 avgustga qadar hibsda saqlash bo‘yicha ajrim chiqarilgan.

Oldingilari qochib qutilgandi. Bunisi tutildi. Hozir uning barcha mol-mulklari xatlanmoqda. Sabablar o‘sha-o‘sha – korrupsiya, tanish-bilishchilik, hokimiyatni suiiste'mol qilish va hatto davlatga xiyonatgacha...

Demak, an'analar davom etmoqda.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid