Jamiyat | 14:05 / 18.08.2019
13419
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik hojilarning dastlabki guruhi Toshkentga qaytib keldi

O‘zbekistonlik hojilarning dastlabki guruhi 17 avgust kuni Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga qaytib keldi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati ma'lum qildi.

Xabar berilishicha, ziyoratchilar bir oyga yaqin vaqt davomida Makka va Madina shaharlarida bo‘lib, haj amallarini mukammal bajargan. Shuningdek, u yerdagi muqaddas qadamjolarga ziyoratlar ham tashkil etilib, safarning samarali o‘tishi ta'minlangan.

Joriy yilgi haj mavsumida o‘zbekistonliklarga «al-Hidoya» shirkati tomonidan Madinai munavvarada 5 yulduzli «Zam-zam Pulman» hamda Makkai mukarramada «Abroj al-Hidoya» mehmonxonalarida yuqori saviyada xizmat ko‘rsatilgan.

Bu yilgi mavsumida O‘zbekistondan jami 7000 nafardan ortiq mo‘min-musulmon yurtdoshimiz haj ibodatini ado etgan. Ularga 35 nafar ishchi guruhi, 35 nafar shifokor, 15 nafar oshpaz hamda 140 nafar guruh rahbari xizmat ko‘rsatgan.

«O‘zbekistonlik hojilar 17 avgustdan 1 sentabr kuniga qadar Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab O‘zbekistonga qaytadi» deyiladi xabarda.

Mavzuga oid