Sport | 13:12 / 20.08.2019
6974
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Rashidov «Qatar SK» a'zosi sifatida tanishtirildi

«Qatar SK» o‘zbekistonlik legioneri Sardor Rashidov va boshqa yangi futbolchilarini jamoatchilikka tanishtirdi.

28 yoshli hujumchi Doha klubi tarkibiga iyul oyi oxirida qo‘shilgan edi.

U shu yil yanvarda Portugaliyaning «Nasonal» klubi bilan shartnoma imzolab, jamoa Premer-ligadan ikkinchi divizionga tushib ketganidan so‘ng bitimini bekor qilgan va Qatarga qaytgan edi.

«Portugaliya chempionatida o‘ynash orqali Yevropa futboli havosidan nafas olishga erishdim va bundan xursandman. Ana endi bor diqqat-eʼtiborimni «Qatar SK» bilan muvaffaqiyatlarga erishish va grand klublarga yetarlicha qarshilik ko‘rsatishga qarataman», – degandi u.

Rashidov 2015-2017 yillarda Dohaning boshqa klubi – «Al-Jaish»da o‘ynagan, 2017-2019 yillarda esa Toshkentning «Lokomotiv» klubida to‘p tepgan.

Sardor «Qatar SK»ning mavsumoldi tayyorgarligi doirasidagi o‘rtoqlik o‘yinlarida uchta to‘p kiritdi.

Bu klubga iyul oyida ispaniyalik Karlos Alos yangi bosh murabbiy etib tayinlangan.

Kecha «Qatar SK» Rashidovdan tashqari, kongolik va niderlandiyalik hujumchilar Junior Kabananga va Abdunosir Al-Hayotiyni ham jamoatchilikka tanishtirdi.

Ma'lumot uchun, bu klub o‘tgan mavsumni Yulduzlar ligasida 11-pog‘onada yakunlab, pley-off bahslari orqali yuqori diviziondagi o‘rnini saqlab qolgan. Jamoa Qatar chempionatining yangi mavsumi ilk turini ertaga, 21 avgust kuni amaldagi vitse-chempion «Al-Duhayl»ga qarshi o‘z maydonida o‘tkazadi.

Mavzuga oid