Jahon | 18:56 / 21.08.2019
22354
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Grenlandiya uchun qancha pul berishi mumkinligi ma'lum qilindi

Foto: Getty Images

Amerika ma'muriyati Grenlandiyaga muddatsiz egalik qilish uchun Daniya hukumatiga yiliga 600 million dollar taklif qilish imkoniyatini muhokama qildi, deb yozmoqda Washington Post gazetasi o‘z manbalariga tayanib.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, bu summa Kopengagen mazkur avtonomiyaga har yili to‘laydigan subsidiya asosida belgilangan. Bundan tashqari, Daniyaga bir martalik yirik miqdordagi mablag‘ni ajratish ham muhokama qilingan.

O‘tgan haftada AQSh prezidenti Donald Tramp dunyodagi eng katta orolni sotib olishni xohlayotgani xabar qilingandi.

Uning o‘zi bu masalaga "strategik" jihatdan qiziqqanini tasdiqlagan.

Donald Tramp Daniya bosh vazir Mette Frederiksen Grenlandiya orolining sotilishini muhokama qilishni istamasligi sababli u bilan uchrashuvni keyinga qoldirdi.

Frederiksen avvalroq Trampning dunyodagi eng katta orolni sotib olish g‘oyasini bema'ni deb atagan, biroq Daniya AQSh prezidentining 2-3 sentyabrga belgilangan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgan.

Grenlandiya va Daniya rasmiylari orol AQSh bilan hamkorlikdan manfaatdorligini, biroq orol sotilmasligini bildirgan.

Daniya qirollik oilasi a'zolari esa Donald Trampning taklifini orol uchun maqtov hisoblanishini va orol aholisi istasa uning sotilishi mumkinligini aytishdi.  

Mavzuga oid