Sport | 21:22 / 30.08.2019
8740
5 daqiqa o‘qiladi

Dzyudo. Yuqori vaznlarda ustun kelayotgan yevropaliklar

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. 25-31 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan turnir o‘zining yakuniy pallasiga kirib bormoqda. 

Musobaqani an'anaga ko‘ra eng yengil vazn (erkaklar -60 kg, ayollar -48 kg) boshlab berdi. Turnirning birinchi kunida o‘zbekistonlik Sharafiddin Lutfillayev gruziyalik Lkhumi Chhivimianiga yutqazib ikkinchi o‘rin bilan kifoyalangani haqida xabar qilgan edik. Bu vaznda uchinchi o‘rin Ye.Smetov (Qozog‘iston) va R.Nagayama (Yaponiya)ga nasib qilgan.  

26 avgust musobaqaning ikkinchi kunida -66 kgda yaponiyalik Maruyama Joshiro (Yaponiya) Kim Linhvanni (J.Koreya) yengib, g‘olib bo‘lgan, uchinchi o‘rinni esa Hifumi Abe (Yaponiya) va moldovalik Denis Viyeru egallagan. Bu vaznda turnirda qatnashgan ikki o‘zbekistonlik dzyudochi Shahram Ahadov va Sardor Nurillayevlar 4-davrada musobaqadagi ishtirokini to‘xtatgan. 

E'tibor qaratadigan jihatlardan biri kichik vaznlarda sovrindor bo‘lgan sportchilar aksari Osiyo mintaqasi vakillari hisoblanadi. Lekin vazn og‘irlashgani sayin bu ustunlik Yevropa qit'asi vakillari tomonga o‘tib ketdi. Bu, ayniqsa, yuqori vaznlarda yaqqol sezilib qoldi.

-73 kgda tatamiga tushgan dzyudochilar bellashuvlarida Sh.Ono (Yaponiya), R.Orujov  (Ozarboyjon), D.Iarsev (Rossiya), H.Haydarov (Ozarboyjon) shohsupaga ko‘tarilgan. O‘zbekistonlik Hikmatullo To‘rayev 2-davrada turnirni tark etgan. Bu vaznda osiyoliklar medal darajasiga ko‘ra ustunroq. 

Garchi Ozarboyjon Osiyo mintaqasida joylashgan bo‘lsa-da barcha sport musobaqalarida Yevropa qit'asi vakili sifatida qatnashadi. Gruziya va Isroil borasida ham shuni aytish mumkin. 

Keyingi kun erkaklar -81 kgda bahslarga kirishdi. Shu vazndan boshlab g‘olib sportchilar safida yevropalik dzyudochilar salmog‘i keskin oshganini ko‘rish mumkin. Bu vaznda hatto sovrindor osiyolikni ko‘rmaysiz. Muki Sagi (Isroil), M.Kassiye (Belgiya), L.Maesuradze (Gruziya), V.F.Antone (Kanada) lar ushbu vaznda tengsiz deb topildilar. O‘zbekistonlik Sh.Boltaboyev esa 7-o‘rindan joy olgan. 

-90, -100 kg tosh bosadigan dzyudochilar bellashuvlarida shohsupaga ko‘tarilganlar safida yagona osiyolik yaponlardan chiqdi.

-90 kg — Van Tend Noel (Gollandiya), Shoichiro Mukai (Yaponiya), N.Majdov (Serbiya), K.Axel (Fransiya).

-100 kg — F.Jorjye (Portugaliya), N.Ilyasov (Rossiya), A.Vulf (Yaponiya), K.Mikael (Gollandiya).

Jahon chempionatining qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahslarida ham shunday natijalarni ko‘rish mumkin. Eng yengil vaznda ukrainalik Daria Blodidga teng keladigan raqib topilmadi, keyingi o‘rinlarni Tonaki Funa (Yaponiya), U.Munhbat (Mo‘g‘uliston) va D.Kristiqi (Kosovo) egallagan.

-52 kgdagi qizlar bahslarida U.Abe (Yaponiya), N.Kuziutina (Rossiya), A.Shishima (Yaponiya), M.Kelmendi (Kosovo) shohsupadan joy olgan. O‘zbekistonlik Diyora Keldiyorova 3-davrada ishtirokini to‘xtatgan.

-57 kgdagi dzyudochi qizlar bahslarida K.Deguchi (Kanada), T.Yoshida (Yaponiya), R.Silva (Braziliya), K.Julia (Polsha) sovrindor bo‘lgan.

-63 kg — K.Agbegnenoru (Fransiya), M.Tashiro (Yaponiya), J.Franssen (Gollandiya), M.Tajdos (Germaniya) shohsupaga ko‘tarilgan.

-70 kg — M.E.Gahiye (Fransiya), B.Timo (Portugaliya), M.Pinot (Fransiya), S.Konvaylar (Buyuk Britaniya) sovrindor bo‘ldilar. O‘zbekistonlik Gulnoza Matniyazova ikkinchi davrada britaniyalik raqibasiga mag‘lab bo‘ldi va musobaqani tark etdi.

-78 kg — M.Malonga (Fransiya), Sh.Namada (Yaponiya), M.Aguiar (Braziliya), L.Kuka (Kosovo) shohsupadan joy olgan.

Hozirgacha 22 ta davlat dzyudochilari sovrindorlar qatoridan o‘rin olishdi, shundan 5 tasi Osiyo, ikkitasi Amerika va 15 tasi Yevropa qit'asi mamlakatlaridir.

Ertaga dzyudochilar mutlaq vazn bo‘yicha tatamiga tushishadi. Unda o‘zbekistonlik Bekmurod Oltiboyev ham ishtirok etadi. U ikkinchi davradan bahslarga kirishadi.

Mavzuga oid