Hukumatda «rokirovkalar»: kim ko‘tarildi? Kimda pasayish?
Hukumatda ko‘plab o‘zgarishlar yuz berdi. Birdaniga bir nechta lavozimlarda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar odamni chalg‘itib yuborishi tabiiy. Keling, hukumatdagi «rokirovkalar» qaysi yo‘nalishda amalga oshirilganiga nazar solamiz.
Vazir endi kadrlar bo‘yicha maslahatchi
Shu vaqtgacha Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimida ishlab kelgan Sherzod Qudbiyev prezidentning davlat xizmati va davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Ya'ni, endilikda sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri prezidentga kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘ldi.
Ma'lum bo‘lishicha, shu vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va kadrlar zaxirasi masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi deb o‘zgartirilgan. Bu lavozimni tushunish oson bo‘lishi uchun kadrlar bo‘yicha prezident maslahatchisi deb atash mumkin.
Shu o‘rinda vazirning prezident maslahatchisi bo‘lishi ko‘tarilishmi yoki tushish degan savol paydo bo‘ladi. Vazirda vakolatlar kengroq ekanini inobatga olsak, bu albatta ortga qadam, ammo kadrlar bo‘yicha maslahatchining vazifasi juda muhimligi Qudbiyev hamon hukumatning yuqori bo‘g‘inida kerakli shaxs bo‘lib qolganini anglatadi.
Darvoqe, Qudbiyevga kadrlar zaxirasi bo‘yicha sobiq maslahatchi Umar Sapayevich Ismoilov o‘rinbosar bo‘lgan. Sherzod Qudbiyevning birinchi o‘rinbosari esa Qahramon Quronboyev bo‘ldi. Umar Ismoilov o‘zi rahbar bo‘lgan bo‘limda endilikda o‘rinbosar bo‘lib ishlashi nimani anglatishini tushunish esa qiyin emas, bizningcha.
«Eng yulduzli» ketish
Yaqin bir necha soatlar ichida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarning eng shov-shuvlisi, shubhasiz Qahramon Quronboyevning Yoshlar Ittifoqi raisligidan ketgani bo‘ldi. O‘tgan yil vodiyda kelin-kuyovning to‘y kortejini to‘xtatib, ularni taksiga o‘tqizib yuborganini OAV xodimlariga pafos bilan hikoya qilgan Quronboyev tezda butun mamlakatga mashhur bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay Quronboyevning harakatlarini qoralagan prezident Shavkat Mirziyoyev «Bu ishlar davlat siyosatiga xiyonat», degandi.
Shu tariqa 2017 yil 30 iyunda tashkil etilgan O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqini harakat tashkil etilganidan buyon boshqarib kelayotgan Qahramon Quronboyev o‘z vazifasidan ozod qilindi. Quronboyev davlat xizmati va davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisiga birinchi o‘rinbosar bo‘ldi.
Yuqorida kadrlar zaxirasi bo‘yicha maslahatchi (endilikda davlat xizmati va davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchi) muhim lavozim ekanini ta'kidladik. Shu bois Qahramon Quronboyev uchun Yoshlar Ittifoqidan ketish katta yo‘qotish bo‘lmaganini aytsak bo‘ladi. Ammo Quronboyev oldingi lavozimida mashhur bo‘lganini inobatga olsak (qanday qilib mashhur bo‘lgani keyingi masala), uning yangi lavozimdan ketishi ko‘p muhokama qilinadi. Qo‘pol qilib aytganda, ko‘pchilik Quronboyev prezident maslahatchisiga birinchi «zam» bo‘libdi demaydi, Quronboyev Yoshlar Ittifoqidan ketibdi deydi...
23 yoshida vazirga o‘rinbosar bo‘lgan yigit 25 yoshida prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘ldi
Qahramon Quronboyevning birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Alisher Sa'dullayev Yoshlar Ittifoqiga vaqtincha rais etib tayinlandi. 23 yoshida Xalq ta'limi vazirining o‘rinbosari bo‘lgan Sa'dullayev bir vaqtning o‘zida prezidentning yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisiga birinchi o‘rinbosar bo‘ldi.
25 yoshli yigitning kar'yerasi bunchalik tez rivojlanishiga shunchaki havas qilish mumkin. Sa'dullayevning ikkita lavozimidan muhimrog‘i, shubhasiz Yoshlar Ittifoqi. Harakat rahbarligiga tayinlanishida uning yosh ekani inobatga olingani aniq. Chunki yoshlar harakatini yosh odam boshqarishi mantiqqa ham to‘g‘ri keladi.
O‘tkir Jalolxonov
Mavzuga oid
18:17 / 04.10.2024
Bosh vazir Abdulla Aripov shaxmat federatsiyasiga raislik qiladi
16:32 / 14.02.2024
Mahallalarda madhiya aytish topshirig‘ini Qahramon Quronboyev bergani ma’lum bo‘ldi
11:53 / 17.01.2024
Qahramon Quronboyev prezident administratsiyasidan ketdi
23:38 / 19.10.2023