Jamiyat | 16:54 / 07.09.2019
19081
5 daqiqa o‘qiladi

«Alaqo‘yliq» mahallasida amaliy ishlar boshlandi, ammo murojaatchilarga kim tazyiq o‘tkazmoqda?

Kun.uz saytida biroz avvalroq «Alaqo‘yliqliklar «Obod qishloq» bo‘yicha olib borilgan ishlardan norozi: Kitob hokimligi barcha ishlarni qog‘ozda bajarganmi?» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi «Alaqo‘yliq» mahallasida «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilayotgan ishlardagi mavjud muammolar yoritilgandi.

Xususan, o‘tgan vaqt ichida amalga oshirilgan ishlar qoniqarli emasligi, elektr simyog‘ochlari holati abgorligi, ko‘chalar sifatsiz ta'mirlangani va yakuniga yetkazilmagani o‘rganishlar asosida qalamga olingandi.

Ushbu maqola yuzasidan tahririyatga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari boshlangani haqida ma'lumotnoma taqdim etildi.

«Tanqidiy maqolada keltirilgan holatlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan chuqur o‘rganildi.

Ma'lum bo‘lishicha, prezidentning «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risidagi qaroriga asosan, Kitob tumanidagi «Alaquyliq» MFY 2019 yil «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. Qishloqda jami 25,1 km 0,4-10 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari (418 dona ustun) va 12 dona transformator punktlari mavjud.

Dasturga ko‘ra, 2019 yilda qishloq hududidagi havo elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarida mukammal ta'mirlash, rekonstruksiya-modernizatsiya ishlarini bajarish, 2 dona yangi transformator punkti hamda 6,5 km 0,4-10 kVli yangi elektr uzatish tarmog‘i qurilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda Alaquyliq qishlog‘idagi 10 km 0,4-10 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari va 12 dona transformator punktlarida mukammal ta'mirlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, 1,9 km uzunlikdagi yangi havo elektr uzatish tarmog‘i qurilib, bir dona, quvvati 100 kVAli transformator punkti o‘rnatildi.

Shuningdek, bir dona yangi quvvati 160 kVA bo‘lgan transformator punkti keltirilib, o‘rnatish ishlari boshlandi. Hozirgacha qishloq hududida 45 dona yangi temir-beton ustunlar o‘rnatilib, 1,6 km uzunlikdagi 0,4 kVli zamonaviy (SIP) va 0,3 km uzunlikda 10 kV havo elektr tarmog‘i qurib bitkazildi. Qo‘shimcha 55 dona yangi temir-beton ustunlar yetkazilib, qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Dastur doirasida elektr ta'minoti yuzasidan rejalashtirilgan ishlar belgilangan muddatlarda bajarilib kelinmoqda. Hozirgi kunda ushbu yo‘nalishda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda va qisqa fursatlarda barcha ishlar amalga oshiriladi», — deyiladi ma'lumotnomada.

Shuningdek, aksionerlik jamiyati matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, ushbu mahalladagi elektr energiya bilan bog‘liq holat «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyevning shaxsan nazoratiga olingan.

Xo‘sh, mahalladagi boshqa muammolar yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Ushbu maqoladan keyin murojaatchilarning tahririyatga ma'lum qilishicha, ularga kuchli bosim boshlangan. «Alaqo‘yliq» mahalla fuqarolar yig‘ini mas'ullari va boshqa mutasaddilar tomonidan ulardan majburiy tushuntirish xati olinayotganini ma'lum qilishdi.

Dastlabki o‘rganish jarayonida murojaatchilar mahalla raisi A.Xidirov va mahalla fuqarolar yig‘inida kotib bo‘lib ishlayotgan J.Xidirovning xatti-harakatlaridan, qo‘pol muomalasidan noroziligini ham bildirishgan edi. Fuqarolarning ta'kidlashicha, shuning uchun murojaatchilarga ular tomonidan tazyiq yanada kuchaygan.

Ma'lum bo‘lishicha, «Alaqo‘yliq» mahallasi raisi A.Xidirov o‘rta-maxsus ma'lumotga ega. Buni u bilan suhbatimizda o‘zi ham tasdiqlagan edi.

«Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida mahalla raisi oliy ma'lumotga ega bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, mahalla raisi biz bilan suhbatda fuqarolar yig‘inida qarindoshi ham ishlayotganini inkor etmagandi. Bu holatlarni Kitob tumani hokimligi o‘z nazoratiga olib, o‘rganib chiqishi maqsadga muvofiq.

Kun.uz murojaatchilarga nisbatan boshlangan tazyiqlar, mahallada «Obod qishloq» dasturi asosida sarflanayotgan mablag‘lar tegishli tashkilotlar tomonidan jiddiy o‘rganib chiqilishi, shuningdek, mahalladagi boshqa mavjud muammolarni ham bartaraf etish yuzasidan viloyat, tuman mutasaddilari tomonidan amaliy choralar ko‘rilishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid