O‘zbekiston | 12:24 / 16.09.2019
10227
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi raisining yangi o‘rinbosari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisining qayta ishlash, investitsiya va innovatsiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tasdiqlandi.

Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan 2019 yil 15 sentabr kuni imzolangan hujjatga ko‘ra, Miryashin Mirhosilovich Sagatov “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisining qayta ishlash, investitsiya va innovatsiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tasdiqlandi.

Shu munosabat bilan, bundan avval ushbu lavozimda ishlab kelgan A'zam Abdurazzoqovich Abdullayev vazifasidan ozod etildi.

Ma'lumot uchun: Miryashin Sagatov “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi Pillani qayta ishlash va ipak matolar to‘qish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.  

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2856-sonli qarori bilan tashkil etilgan.

Qarorga ko‘ra Uyushmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

a) ozuqa bazasini takomillashtirish bo‘yicha:

tarmoqning ozuqa bazasini mustahkamlash, tut qatorlari va tutzorlarni kengaytirish maqsadida sug‘oriladigan yer maydonlari ajratish bo‘yicha tegishli davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni ta'minlash;

ipak qurti parvarish qilinmaydigan davrlarda pillaxonalar va tutzorlarda ikkilamchi faoliyatni amalga oshirish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, ularni ichki va tashqi bozorlarda sotish;

b) ipak qurti urug‘i va pilla yetishtirish, tayyorlash va birlamchi qayta ishlash bo‘yicha:

Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga ipak qurtining yuqori mahsuldor zotlarini yaratish, parvarish qilish va sifatli urug‘ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish;

respublika hududlari bo‘yicha pilla yetishtirishning prognoz hajmlarini belgilash, pilla tayyorlash va qayta ishlash tashkilotlari bo‘yicha pilla yetishtirish uchun buyurtmalarni joylashtirish;

sifatli pilla yetishtirish va tayyorlash, uni dastlabki qayta ishlash, xom ipak va ipak kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishni tashkil etish;

v) pillani chuqur qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha:

ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va uning sifatini yanada yaxshilash, uning eng xaridorgir turlari va dizaynini o‘zlashtirish, tarmoq mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni ta'minlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etishga doir ishlarni samarali tashkil etish;

mahsulot sotish bozorlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlari olib borish, ipak mahsulotlari narxini shakllantirishning maqbul mexanizmini yaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda tayyor ipak mahsulotlari eksporti hajmini oshirish;

g) tarmoqni jadal rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha:

pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasida qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsiyaviy va eksport siyosatini izchil yuritish hamda ichki va tashqi bozordagi narxlar monitoringini olib borish;

normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, imtiyoz va yengilliklar berish, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning mablag‘larini jalb qilish orqali Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ko‘maklashish.

Mavzuga oid