Peterburgda O‘zbekiston fuqarosiga suiqasd qilishda gumonlanganlar hibsga olindi
Sankt-Peterburgning Krasnogvardeysk sudi milliy adovat negizida O‘zbekiston fuqarosini o‘ldirmoqchi bo‘lganlikda gumon qilingan Roman Kulev va Vladislav Smolikovni hibsga oldi. Gumonlanuvchilar asli moskvaliklar bo‘lib, Kulev Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining 6-bosqichida o‘qiydi, Smolikov esa ishsiz. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi xabar berdi.
Tergov versiyasiga ko‘ra, 16 sentyabrda Kulev va Smolikov O‘zbekistonning 1987 yilda tug‘ilgan fuqarosiga tajovuz qilishgan. Smolikov jabrlanuvchining yuziga ko‘zni yoshlatuvchi gaz purkaganlikda va ko‘kragiga kamida ikki marta pichoq bilan zarba berganlikda ayblanmoqda. Shundan keyin Kulev jabrlanuvchini itarib, yuziga ko‘zni yoshlatuvchi modda purkab, pichoq bilan zarba bergan. O‘zbekistonlik tirik qolib, shifoxonaga yetkazilgan.
Gumonlanuvchilar 17 sentyabrda qo‘lga olingan. Ta'kidlanishicha, ular ayblarini tan olishmayapti va ko‘rsatmalar berishdan bosh tortishmoqda. Rossiya tergov qo‘mitasida ma'lum qilinishicha, gumonlanuvchilar millatchi qarashlarga ega bo‘lib, ularning irqchilik va milliy adovat negizida sodir etilgan boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Mavzuga oid
07:47 / 23.08.2024
Peterburgda murakkab vaziyatda qolgan o‘zbekistonliklarga moddiy yordam ko‘rsatildi
13:50 / 11.03.2024
Peterburg yaqinida dron urib tushirildi va kuchli yong‘in chiqdi
14:45 / 24.01.2024
Peterburg portida bojxona bir tonnadan ortiq kokainni musodara qildi
08:34 / 03.06.2023