O‘zbekiston | 12:59 / 24.09.2019
6410
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan «Razvedka reydi» musobaqasiga start berildi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Jizzax viloyatida joylashgan «Forish» tog‘-dala o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari razvedka bo‘linmalari o‘rtasidagi «Razvedka reydi» musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda okrug hamda oliy harbiy ta'lim muassasalaridan jami 11ta jamoa ishtirok etmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Ayniqsa, razvedkachilarimiz 2018 yili Buyuk Britaniyada 133ta jamoa ishtirok etgan «Kembriya patruli» musobaqasida 1-o‘rin, joriy yilda xalqaro armiya o‘yinlarida 8ta jamoa o‘rtasida 2-o‘rin, yaqinda Qozog‘istonda o‘tkazilgan «Oltin ukki» musobaqasida esa faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbirda so‘z olganlar mazkur yutuqlarni alohida ta'kidlar ekan, ushbu musobaqada ishtirok etayotgan jamoalar orasidan ham ana shunday iqtidorli, bilimli va yuksak salohiyatli yurt himoyachilari saralanishiga ishonch bildirdi.

Ta'kidlash kerakki, mazkur musobaqa uch bosqichda o‘tkazildi. Dastlab, harbiy qism, so‘ngra okrug miqyosida g‘olib bo‘lgan jamoalar yakuniy bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Yakuniy bosqichda esa ular 10ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashadilar.

Shu kuni jamoalar ilk shartlarni bajarishga kirishdi. Dastlab harbiy xizmatchilar 7,5 kilometrlik masofaga og‘irligi 35 kilogrammga yaqin bo‘lgan yuk qopi bilan marsh yurishdi. Mashg‘ulot shartiga ko‘ra, har bir jamoa yuqori qo‘mondonlikdan berilgan maxsus vazifalarga asosan shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va qaror ishlab chiqish vazifalarini bajarishdi. Shuningdek, marsh yurish davomida minalashtirilgan yo‘laklardan betalafot o‘tish, jangda yaralangan harbiy xizmatchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish va uni bir yarim kilometr masofaga evakuatsiya qilish sinovlaridan o‘tdi. 

Shundan so‘ng uch kilometr uzoqlikdagi joylashuv hududiga yetib borish, u yerda qo‘riqlov o‘rnatish va guruh shaxsiy tarkibiga vaqtinchalik yashash joyini hozirlash, dala sharoitidan kelib chiqqan holda, zarur sharoitlar yaratish singari shartlarni bajarishdi.

Jamoalarning har bir harakati Mudofaa vazirligi mas'ul ofitserlaridan tayinlangan hakamlar hay'ati tomonidan xolisona baholab borildi. Oldinda hali ishtirokchilar belgilangan hududda razvedka ishlarini olib borish, shartli dushmanning obektini yakson qilish, suvli to‘siqlardan o‘tish, azimut bo‘yicha o‘n kilometr masofaga harakatlanish, 3 kilometr masofaga yugurish, kimyoviy zararlangan hududlardan himoyalanish, ruhiy yo‘laklar to‘sig‘idan o‘tish va mutaxassislik bo‘yicha qator me'yorlarni bajaradilar.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa joriy yilning 28 sentyabrigacha davom etadi.

Mavzuga oid