O‘zbekiston | 21:27 / 27.09.2019
81015
3 daqiqa o‘qiladi

Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi

Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov lavozimidan ozod etildi. Bu ma'lumot Kun.uz’ning bir necha manbalari tomonidan tasdiqlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Toshkent shahar prokurori tomonidan holat yuzasidan Toshkent shahar hokimi nomiga taqdimnoma kiritilgan, taqdimnoma ko‘rib chiqilishi natijasiga ko‘ra Vahobov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

Qo‘shimcha qilinishicha, boshqa holatlar yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan qo‘shimcha tekshirish harakatlari davom etmoqda. Ya'ni, Bosh prokuratura shahar prokuraturasining jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilib, ishni qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.

O‘z navbatida, Toshkent shahar hokimligi Vahobovning ishdan olingani to‘g‘risidagi ma'lumotni rad etdi va bu haqda tarqalgan xabarlarni mish-mish deb atadi. Avvaliga hokimlikning telegramdagi kanalida bu haqdagi xabarlarga raddiya berildi, ko‘p vaqt o‘tmasdan bu ma'lumot o‘chirib yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, Abdurasul Vahobov joriy yilning 14 avgust kuni Kun.uz tahririyati xodimlariga tahdid qilgan edi. Oradan bir kun o‘tib, Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan A.Vahobovning videointervyusi e'lon qilindi va unda hokim o‘rinbosari Kun.uz muxbiri Rahmatillo Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif etgani haqidagi da'voni ilgari surdi.

Uning mazkur da'vosidan so‘ng Kun.uz zudlik bilan o‘z ichki surishtiruvini o‘tkazgan, muxbir R.Isroilov o‘ziga nisbatan A.Vahobov ilgari surayotgan ayblovlarni rad etgan edi. Shuningdek, R.Isroilov o‘ziga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari A.Vahobovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llagandi.

Biroz oldinroq, Toshkent shahar prokuraturasi Olmazor tuman hokimi o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid