«Hokim bajarilmagan ishlarga mas'ul» - xalq boy bo‘lishini orzu qiladigan Erkinjon Turdimov bilan suhbat
Samarqand katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Yaqinda shaharda turistik zona qurilishi boshlandi. 2022 yil Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini o‘zida qabul qiladigan ko‘hna shaharning aeroporti ham kengaytirilmoqda. Shahar ko‘chalarida ta'mirlash ishlari, ko‘priklar qurilishi boshlangan.
Kun.uz Samarqand yana qanday o‘zgarishlarga yuz tutishi, viloyat aholisining hayot tarzida qanday o‘zgarishlar yuz berishi haqidagi savollarga javob olish uchun O‘zbekistondagi uchinchi yirik viloyatni boshqarayotgan siyosatchi, Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan suhbat uyushtirdi.
«Hokimlik hamma yerda bir xil kasb, oylik bir xil»
Suhbatimiz avvalida Erkinjon Turdimovdan Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyati hokimi bo‘lishning farqi haqida so‘radik. Suhbatdoshimizning aytishicha, rahbar har bir hududning imkoniyatidan kelib chiqqan holda ishlashi kerak. Turdimov hamma hokimlarning oyligi bir ekanini aytib, hazillashib ham qo‘ydi:
«Umuman olganda, hokimlik hamma yerda bir xil kasb, oylik bir xil. Har bir hududning bir-biriga o‘xshamaydigan jihatlari ham bor. Masalan, Navoiy hudud jihatdan eng katta viloyat, ammo aholi soni bo‘yicha eng kichik hududlardan. Bu hududda sanoat rivojlangan. Injyenerlar, texnologlar va ishchi kuchi eng rivojlangan hudud aynan Navoiy desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Navoiyda tog‘ metallurgiyasi, kimyo, umuman sanoat rivojlangan. Shu jihatdan Navoiyni sanoatchilar shahri deyish mumkin.
Navoiyning budjetiga tushadigan asosiy tushum viloyatdagi yirik sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu hududdagi boshqa tadbirkorlik sub'yektlari ham aynan mana shu yirik ishlab chiqarish korxonalariga bog‘liq. Viloyatdagi ijtimoiy muammolarni yechishda ham bu korxonalarning o‘rni katta.
Afg‘oniston bilan chegaradosh janubiy viloyat Surxondaryo esa sanoat rivojlangan hududlardan emas, ammo Surxondaryoning ulug‘ligi shundaki, u yerda dehqonchilikdan yil bo‘yi hosil olish mumkin. Aholi soni bo‘yicha eng yirik viloyat hisoblangan Samarqand o‘zining salohiyati bilan ajralib turadi. Ayniqsa turizm borasida.
Menimcha, rahbar o‘zi ishlayotgan hududning imkoniyatidan kelib chiqib ishlashi kerak. Ochig‘i, uchta viloyatda ishlagan rahbar sifatida taqdirimdan roziman. Hamma yerda ko‘p do‘stlar orttirdik, tajriba to‘pladik.
Bilasizmi, hamma hududlarimizni bir narsa bog‘lab turadi – bizning bag‘rikeng xalqimiz. Bunaqa xalq hech qayerda yo‘q. Boshqa yerlarda odamlar bunday o‘tish davrida qiynalib qolgan bo‘lardi, menimcha».
«Hokim bajarilmagan ishlarga mas'ul bo‘lishi kerak»
Turdimovning aytishicha, hokimlikni aynan biror ishdan boshlash shart emas. Shunchaki odamlar ko‘tarayotgan muammolarni, OAVda yoritilayotgan kamchiliklarni o‘rganish va ularni yechishga intilish kerak va shu bilan hokimlik boshlanib ketadi:
«Hokimlar har kuni odamlar aytib kelayotgan bir xil turdagi muammoni emas, o‘sha muammoning o‘zagini yechishi kerak. Muammo qayerdan kelib chiqyapti, mana shuni tahlil qilish kerak.
Hokimlikning vazifasi xalqni rozi qilishdan iborat. Hokimlikning instituti, maktabi yo‘q. Menimcha, hokimlar bajarilgan emas, bajarilmagan ishlar uchun mas'ul bo‘lishi kerak».
«Dada, falonchi sizni maqtadi desa, odam g‘ururlanadi»
Har bir kasbning yoqimli jihatlari bor. Turdimovning aytishicha, u uchun xalqni rozi qilish eng yoqimli narsa:
«Biror ishni qilsangiz-da, odamlar shu ishingizdan rozi bo‘lib, siz haqingizda yaxshi gapirsa, bundan yoqimli narsa yo‘q, menimcha. Masalan, siz Kun.uz’da biror maqola chiqardingiz va o‘sha muammo hal bo‘lgach, odamlar «Kun.uz’ga borgandim, muammo hal bo‘ldi», deb gapirsa, siz xursand bo‘lasiz, to‘g‘rimi?
Odamning mansabga bog‘liq bo‘lmagan do‘stlari, yaqinlari bo‘ladi. Shunday insonlar yoki oila a'zolari doim to‘g‘ri gapni gapiradi. Menga farzandim «Dada, falonchi sizni maqtadi» desa, xursand bo‘laman, g‘ururlanaman».
«Samarqandda bitta ko‘prik qurilishini boshladik, yana ikkita qurishimiz kerak»
Samarqand shahri ko‘chalarida yuzaga kelayotgan tirbandliklar yo‘lovchilarga anchadan buyon qiyinchilik tug‘dirib keladi. Shu bois shaharning gavjum joylaridan hisoblangan Ro‘dakiy ko‘chasida tonnelli ko‘prik qurilishi boshlandi.
Viloyat hokimining ma'lum qilishicha, yana uchta joyda ko‘prik qurilishi rejalashtirilgan:
«Odamlar orasida ko‘p gap yuradi va biz ham ba'zan shunday mish-mishlarni eshitib, bir-ikki joyga telefon qilib surishtirib ko‘ramiz. Bu mish-mishlarni ham butkul rad etib bo‘lmaydi, chunki ularning ostida qandaydik haqiqat yotadi. Masalan, yaqinda Samarqandda kanatli yo‘l qurish haqida gap tarqaldi. Chindan mana shunday loyiha bor edi. Uning 1 kilometri 6 million dollarga tusharkan, ammo bu – hali loyiha.
Xuddi shunga o‘xshab, shaharning har xil yerlarida ko‘prik qurilarkan degan mish-mishlar ham yuribdi. Biz birinchi ko‘prikni Ro‘dakiy ko‘chasida boshladik. Bilasiz, ko‘pchilik mana shu ko‘cha doim asfalt qilinganidan keyin yana qaziladi, deb norozi bo‘ladi. Ammo bu asfaltlar vaqtincha ekanini aytish kerak. Biz bu ko‘chada tez orada kanalizatsiya va suv quvurlarini o‘tkazib bo‘lgach, to‘liq mustahkam asfalt yotqizamiz.
Keyingi ko‘prikni Samarqand tumanida quramiz. Jo‘raqulov ko‘chasidan M-39 yo‘li (Toshkent-Termiz trakti)ning narigi tomoniga o‘tadigan bu ko‘prik eshkak eshish kanali bo‘yidagi turistik zonaga olib boradi.
Yana bir ko‘prikni Samarqand avtovokzali orqa tomonida boshlaymiz. Bu ko‘prik Oqdaryo daryosi ustiga quriladi va Samarqand shahrini Farhod posyolkasi bilan bog‘laydi. Daryoning narigi tomonida ham aslida Samarqand shahriga tegishli yerlar bor, lekin bu yerlarda rivojlanish yo‘q, chunki shahardan uzilib qolgan. Bu ko‘prikning qurilishi o‘sha yerlarga va Farhod posyolkasiga ham yangi hayot beradi desak, xato bo‘lmaydi».
«Samarqanddagi 63 foiz ko‘chalar ta'mirtalab»
Turdimovning aytishicha, Samarqand shahridagi 63 foiz ko‘chalar ta'mirtalab:
«Bu yil Samarqand shahridagi ichki ko‘chalarni ta'mirlashga katta e'tibor beryapmiz. Ayni damda Samarqand shahridagi 63% ko‘chalar ta'mirtalab holatda.
Samarqand shahridagi ko‘chalar haqida gapirganda, Samarqand tumani yo‘llari ham e'tiborga olinadi. Chunki Samarqand tumanining 80 foiz yo‘llari shahar yo‘llari bilan tutash.
Bu yil viloyatda 347 milliard so‘m yo‘llarni ta'mirlashga ishlatilishi kutilmoqda. Bu – o‘tgan yilgiga qaraganda ikki barobar ko‘p degani. Keyingi yil esa yanada ko‘proq pul yo‘llar uchun ajratiladi».
O‘tkir JALOLXONOV suhbatlashdi.
Tasvirchilar – Muhammadjon G‘ANIYeV,
Faxriddin HOTAMOV.
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlandi
10:59 / 25.10.2024
Samarqand viloyati aholisi 4,3 mln kishiga yaqinlashdi
15:49 / 02.10.2024