Manba: Nodira Qodirovaga bir emas, ikki marta o‘q uzilgan
Turkiyada hukmron partiya deputatining uyidagi sirli hodisa oqibatida vafot etgan Nodira Qodirova aslida qotillik qurboni bo‘lishi mumkin.
Deutsche Welle tarqatgan xabarga ko‘ra, marhumning jasadi O‘zbekistonga keltirilgach, dafn etishdan oldin yuvish chog‘ida uning tanasida ikkita o‘q teshigi va ko‘kargan joylar borligining guvohi bo‘lishgan.
«Qizning oila a'zolari qo‘rqib qolishgan»
Bunga qadar Qodirova yuragidan biroz yuqoriroqqa o‘zi o‘q uzgani, ya'ni o‘z joniga qasd qilgani aytib kelinayotgan edi. Ammo, Nodiraning qarindoshi shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan DW muxbiriga aytishicha, marhumning oyog‘ida ham o‘q uzilganidan qolgan teshik, yelkasi va qo‘llarida esa ko‘kargan joylar bo‘lgan.
Shuningdek, tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, jasad O‘zbekistonga olib kelingach, takroriy sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagan. Qolaversa, marhum dafn etib bo‘linguniga qadar deputat Shirin Unalning odami jarayonni muntazam kuzatib turgan.
Bundan tashqari, marhumning oila a'zolari ayni jarayon davomida Turkiya elchixonasiga 2-3 marta borib kelishgani aytilmoqda.
DW manbalari oila a'zolari qattiq qo‘rqib qolishgani, OAV vakillari bilan ortiq muloqot qilishni istashmayotganini bildirgan. Oilaning uyi yaqinida noma'lum sabablarga ko‘ra 24 soat davomida ikki militsioner turgani ham iddao qilinyapti.
Ma'lum bo‘lishicha, ushbu ish yuzasidan endilikda advokat Birol O‘zturk o‘zbekistonlik oila tomonida turib shug‘ullana boshlaydi. Hozircha u oiladan tegishli vakolatni olmagan, shu bois ish materiallari, xususan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi bilan tanisha olmaydi.
DW mazkur holat yuzasidan deputat Shirin Unalning Turkiya parlamentidagi ofisi bilan bog‘langan. Qo‘ng‘iroqqa deputatning vakili javob berib, bu masalada hech qanday izoh bera olmasligini, barcha savollarga prokuratura o‘z bayonotida javob berganini bildirgan.
Anqara prokuraturasi bayonot berdi
Anqara shahar prokuraturasi jamoatchilik orasida tarqalayotgan mish-mishlarni rad etib, yozma bayonot bilan chiqdi.
Unda aytilishicha, 23 sentabr kuni soat taxminan 21:00da Nodira Qodirova ismli shaxs o‘zini o‘qotar qurol bilan otib qo‘ygani haqidagi xabar kelib tushishi bilanoq, prokuratura xodimlari darhol voqea joyiga yetib borishgan.
Idoraning rasmiy bildirishida hodisa ro‘y bergan joyni ko‘zdan kechirish, sud-tibbiy ekspertizasi va guvohlarning barmoq izlarini olish kabi protseduralar nomuvofiq tarzda o‘tkazilgani haqidagi gap-so‘zlar inkor qilingan.
Ta'kidlanishicha, voqeada Beretta markali, 9 mm kalibrli yarimavtomat to‘pponchadan foydalanilgan. O‘q qizning ko‘krak qismidan 5-6 sm yuqoriroqqa otilgan.
Shuningdek, prokuratura marhumning telefoni ekspertiza uchun olingani va undagi qo‘ng‘iroqlar haqidagi qaydlar tahlil qilinayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
Mahkama ma'lumotiga ko‘ra, hodisa atrofidagi barcha shaxslar, jumladan Shirin Unalning ham barmoq izlari olingan. Tergov davomida Shirin Unal, shuningdek, Nodiraning uch do‘sti – Abdulloh, Laylo va Nigora ham ko‘rsatma bergan.
Jasadni ko‘rgan Nodiraning akasi hamon qotillik ro‘y bergan, degan shubhada
Ayni paytda, Nodira Qodirovaning akasi Muhammad Ali singlisi qotillik qurboni bo‘lgan, deb ishonmoqda. Bundan oldin u Nodiraning o‘z joniga qasd qilish uchun sabab bo‘lmagani, singlisi jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lishi mumkinligini aytib kelayotgan edi.
Muhammad Ali «Bir Kun» gazetasiga bergan intervyusida voqeaga oid yana bir shubhali holatni tilga olgan.
«Voqea yuz bergan kechasi, Shirin Unal telefon qilib chaqirgach, uyga yetib borganimda politsiya va prokuratura xodimlari o‘sha yerda edi. Prokuratura xodimi: «Qarama, ahvoling yaxshi emasga o‘xshaydi», deb singlimni ko‘rishimga ruxsat bermadi. Men talab qilavergach, politsiyachi telefonda olingan suratni ko‘rsatdi. [Rasmda] singlimning yuzi qonga belangandi.
Keyin sud-tibbiy ekspertizasi institutiga bordim. Ruxsat olib, singlimni yana ko‘rdim. Yuzidagi qon yuqi yuvib tashlangan edi», – deydi Muhammad Ali.
U singlisi o‘zini otganiga ishonmayotganini yana bir bor ta'kidlar ekan, unga yetarlicha uzoq masofadan o‘q uzilgani, natijada o‘q tekkan joyda kuyuk izlari qolmaganini aytadi.
«Odam o‘z ko‘kragiga o‘q uzsa-yu, qanday qilib kuyuk izlari qolmasligi mumkin?
O‘q tanani teshib kirgan joy atrofida kuyuk belgilari yo‘q edi. Tanasida kaltak alomatlari bor edi. Menimcha, avvaliga qattiq jism bilan singlimning boshiga urishgan, keyin esa masofadan turib o‘q uzilgan. Men uni o‘ldirilgan, deb hisoblayman. Yaqin-yaqingacha menda qo‘rquv bor edi, lekin endi qo‘rqmayman», – deydi marhumning akasi.
Muhammad Ali, shuningdek, jasad O‘zbekistonga yetkazilganida takroran ekspertizadan o‘tkazilmaganini tasdiqladi.
«Singlimni O‘zbekistonga olib borganimizda qayta ekspertizadan o‘tkazishlarini xohladik. Lekin ular «Bunga zarurat yo‘q», deb aytishdi bizga. Nimani yashirishmoqchi?» deya savol bergan u.
Nodiraning Turkiyada ishlash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan
«Jumhuriyat» nashrining Turkiya Migratsiya bosh boshqarmasidan olingan ma'lumotga tayanib xabar berishicha, 1996 yilda tug‘ilgan Nodira Qodirovada ushbu mamlakatda ishlash uchun tegishli ruxsatnoma bo‘lmagan.
Bundan tashqari, qiz Shirin Unalning uyida sug‘urtalanmagan holda ishlab kelgan.
Ma'lum bo‘lishicha, Nodira Qodirova Turkiyada turist vizasi bilan yashab kelgan. 2019 yil 17 yanvaridan amal qila boshlagan viza bir yilga – 2020 yil 17 yanvariga qadar berilgan edi.
Parlament deputatining uyida bir yildan buyon xizmatchilik qilib kelgan qizning maoshi qancha bo‘lgani hozircha matbuotga ma'lum emas.
Turk OAVdagi xabarlarga qaraganda, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi rasmiylari juma kuni Anqara prokuraturasida bo‘lib qaytishgan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan oxirgi marta seshanba kuni ma'lumot bergan, unda vaziyat nazoratga olingani aytilgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda norozilik kampaniyasi ketmoqda
Yuqori martabali amaldorning uyida ro‘y bergan shubhali voqea bosdi-bosdi qilinmoqda, deb hisoblayotgan faollar ijtimoiy tarmoqlarda norozilik aksiyasini tashkil etishdi.
Tarmoq foydalanuvchilari qo‘llarida Nodira Qodirova ishida adolat ta'minlanishi so‘ralgan talabnoma bilan tushgan foto va videolarini o‘z sahifalariga joylashtirishmoqda.
Mavzuga oid:
TIV: Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida
Huquqshunos: «Ular Nodira Qodirovani fohishalikda ayblash orqali o‘zlarini oqlab olishmoqchi»
Nodira Qodirova ishi bo‘yicha deputatning o‘zi qanday ko‘rsatma bergani ma'lum – OAV
Mavzuga oid
23:31 / 24.09.2020
Savollar hali javobsiz: Nodira Qodirovaning shubhali o‘limiga bir yil bo‘ldi
10:46 / 26.07.2020
Nodira Qodirovaning sirli o‘limi Turkiyada yana kun tartibiga chiqdi
08:02 / 09.11.2019
Turkiya elchisi Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga tushuntirish olish uchun TIVga taklif qilindi
19:00 / 08.11.2019