O‘zbekiston | 19:16 / 07.10.2019
12143
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev fond bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktabr kuni fond bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

Qimmatli qog‘ozlar bozori iqtisodiyotdagi bo‘sh pul mablag‘larini jamlash va uni investitsiya jarayonlariga yo‘naltirishning muhim vositasidir. Bu boradagi islohotlarning dastlabki bosqichi sifatida joriy yil boshida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tuzildi. Davlat obligatsiyalari fond bozoriga qayta chiqarildi. 

Lekin qimmatli qog‘ozlar chiqarib, ularni fond bozorida sotish mexanizmidan samarali foydalanilmayapti. Fond bozoridagi aksiyalarning jami qiymati 25 trillion so‘m bo‘lib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6 foizga ham yetmaydi. Bu ko‘rsatkich Singapurda 188 foiz, Malayziyada 112 foiz, Rossiyada 34 foizni tashkil etadi. 

Mamlakatimizda joriy yilda chiqarilgan davlat obligatsiyalari valuta birjasi orqali faqatgina tijorat banklariga sotilgan. Fond bozori professional ishtirokchilari soni yuztagayam bormaydi.

Shu bois 2020-2025 yillarda fond bozorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Erkin muomaladagi jami qimmatli qog‘ozlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatini 2025 yil oxirigacha kamida 10-15 foizga yetkazish mo‘ljallangan.

Yig‘ilishda buning uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

Bugungi kunda bu soha 100ga yaqin normativ hujjatlar bilan tartibga solinib, ko‘plab cheklovlar o‘rnatilgan. Masalan, rivojlangan davlatlarda banklar fond bozorining faol ishtirokchisi hisoblanadi, yurtimizda banklarga boshqa sub'yektlarning aksiyalarini xarid qilish taqiqlangan. Fuqarolarning davlat obligatsiyalarini sotib olishi va sotishida ham cheklovlar bor.

Davlatimiz rahbari qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, ortiqcha cheklovlarni bekor qilish va fond bozorida ishlashni soddalashtirish zarurligini ta'kidladi. 

Bugungi kunda 605 ta aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining 85 foizi davlatga tegishli. Shundan 105 ta jamiyatning atigi 5 foiz aksiyalari fond bozorida ishtirok etmoqda.

Jahon amaliyotidan kelib chiqib, kapital bozorida muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar turlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan talabni ko‘paytirish, xorijiy birja, brokerlar va banklarni mamlakatimiz fond bozoriga jalb qilish choralari muhokama qilindi. Sug‘urta kompaniyalariga aktivlarining ma'lum foizini fond bozoriga yo‘naltirish, banklarga birlamchi bozorda yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish uchun ruxsat berish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Investorlar va minoritar aksiyadorlar huquqi himoyasini kuchaytirish, dividendlar to‘lash va undirishni takomillashtirish zarurligi ta'kidlandi. Bundan tashqari, xalqaro moliyaviy hisobot va xalqaro audit standartlariga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi.

Soha rivoji mutaxassislar malakasi va aholining bu boradagi savodxonligiga ham bog‘liq. Bugungi kunda yurtimizda tegishli malaka guvohnomasiga ega atigi 300 nafar mutaxassis bor. Rivojlangan mamlakatlarda bu sohada minglab kishilar ishlaydi. 

Shu bois Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga Toshkent moliya institutining tegishli kafedrasini otaliqqa olgan holda, ilg‘or xorijiy muassasalar bilan hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish va talabalarni o‘qitish vazifasi qo‘yildi. 

Fond bozoridagi o‘zgarishlar haqida ko‘proq axborot berib borish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish masalasiga ham e'tibor qaratildi. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid