O‘zbekiston | 13:39 / 11.10.2019
10365
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning MDHdagi raisligida qaysi yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratilishi ma'lum bo‘ldi

Foto: TASS/Sharifulin Valeriy

O‘zbekiston Ashxobodda boshlangan sammitda 2020 yil MDHga raislik qilish bo‘yicha o‘z konsepsiyasini taqdim etadi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«2020 yilda O‘zbekiston tashkilot raisligini qabul qilib oladi. Biz bir qator muhim tadbirlar va davlat rahbarlari sammitini o‘tkazamiz. O‘zbekiston raislik qilishdan oldin yaxshi tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi. O‘zbekistonning 2020 yilda MDHga raislik qilishi bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqilgan va u Ashxobod sammitida taqdim etiladi», - dedi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining o‘rinbosari Sanjar Valiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda O‘zbekiston ushbu tashkilotda o‘zini qanday ko‘rayotganiga doir asosiy ustuvorliklar aks etadi.

«An'anaga ko‘ra, biz iqtisodiy rivojlanish masalalariga katta e'tibor qaratamiz. Bundan tashqari, xavfsizlik masalalari ham e'tibor markazida bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qildi Valiyev.

Shuningdek, u ushbu konsepsiya barcha asosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutishini ta'kidladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni 2030 yilgacha MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini yakunlashni rejalashtirmoqda.

«Konsepsiya kelgusi o‘n yillikda tashkilot qaysi tomonga qarab harakatlanishi bo‘yicha o‘ziga xos tizim bo‘lib xizmat qiladi. 2008 yilda birinchi shunday konsepsiya qabul qilindi. Endi bizda yangi konsepsiyani yakunlash uchun sa'y-harakatlar qilish uchun imkoniyat bor», - deya xulosa qildi Valiyev. 

Mavzuga oid