O‘zbekiston | 09:25 / 12.10.2019
25391
12 daqiqa o‘qiladi

Prezident sholichilikka oid yangi qaror imzolashi kutilyapti

Foto: Dreamstime

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Sholichilikni barqaror rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashining sholi yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotishga ixtisoslashtirilgan “O‘zbeksholichiligi” uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

sholichilikni rivojlantirish borasida qabul qilingan dasturlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;

yuqori sifatli sholi mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda aholini bunday mahsulotlar bilan ta'minlashni tashkil etish;

sholi urug‘chiligini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalar asosida yuqori hosilli mahalliy sholi navlarini yaratishda Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlik qilish;

sholichilik sohasida faoliyat yuritayotgan xorijiy tashkilotlar bilan o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, xodimlarning mazkur tashkilotlarda doimiy ravishda malakasini oshirib borishni tashkil etish hamda xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilish;

hududlar kesimida sholi yetishtirishning prognoz hajmlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etish;

sholi yetishtirish, qabul qilish, sifatini aniqlash, saqlash, qayta ishlash va hisobini yuritish hamda ushbu mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;

zamonaviy qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish, yopiq sig‘imlar qurish va ushbu maqsadlar uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashish;

sholi va guruch mahsulotlarining ichki hamda tashqi bozorlaridagi narxlari monitoringini yuritish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari Uyushma, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda har yili 1 martga qadar suv balansi prognozidan kelib chiqqan holda sholi ekinlarini joylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Uyushma qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda sholichilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

birja savdolari orqali sotuvga qo‘yiladigan va haqiqatda sotiladigan guruch narxlari o‘rtasidagi ijobiy farq summasining 30 foizi;

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari;

xalqaro grantlar va texnik ko‘mak mablag‘lari;

qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma manbalari Uyushmaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sholichilik sohasida seleksiya ishlarini yaxshilash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa tadbirlar uchun yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2020 yil hosili uchun sholichilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha takliflarni 2020 yil 1 yanvariga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Sholichilik klasterlarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:

ishlab chiqarishning (xizmat ko‘rsatish) innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda sholi yetishtirish yoki shartnoma asosida sotib olish, qabul qilish, saralash, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish ta'minlanadi;

sholichilik klasteri iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritayotgan, zaruriy infratuzilma obektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarga ega bo‘lgan, birinchi navbatda, salohiyatli mahalliy investorlar tomonidan tashkil etiladi;

sholichilik klasteriga yer maydoni ijara huquqi asosida yuridik va jismoniy shaxslarga ajratilmagan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan, zaxiradagi yerlardan, qayta tiklanadigan hamda foydalanishga kiritiladigan yer maydonlaridan o‘rnatilgan tartibda ellik yilgacha bo‘lgan, lekin o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga ajratiladi;

hosil yili uchun sholichilik klasterini tashkil etish bo‘yicha takliflar har yilning 1 yanvariga qadar shakllantiriladi;

sholichilik klasterini tashkil etish uchun alohida normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi talab etilmaydi;

sholichilik klasteriga qishloq xo‘jaligida foydalanish maqsadida ajratilgan yer maydonlaridan bir yil mobaynida foydalanmaslik, tuproq unumdorligining pasayishiga, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishiga, atrof muhitning buzilishiga, respublika hududida karantin obektlarining paydo bo‘lishiga va tarqalishiga olib keluvchi usullardan foydalanish yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Belgilanishicha:

sholichilik klasteriga yer maydoni ajratish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va tashabbuskorlar o‘rtasida yozma ravishda tuziladigan bitim asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;

xorijiy investorlar ishtirok etayotgan sholichilik klasterlariga yer maydoni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan tuziladigan investitsiya kiritish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandan so‘ng Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratiladi.

Bunda, sholichilik klasterini tashkil etuvchi tashabbuskor tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimliklariga yoki O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

sholichilik klasterini tashkil etish bo‘yicha ariza;

yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnoma;

sholichilik klasteri faoliyatini tashkil etishda fermer xo‘jaliklarida sholi yetishtirishni moliyalashtirish, sholini quritish, saqlash, qayta ishlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha investitsiya loyihalarni amalga oshirish yuzasidan biznes reja yoki texnik-iqtisodiy asosnoma;

tashabbuskorning bankdagi hisobvarag‘ida biznes rejani amalga oshirish uchun yetarli va majburiyatlardan ozod bo‘lgan pul mablag‘larining mavjudligi haqida xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan taqdim etilgan ma'lumotnomadan ko‘chirma;

sholichilik klasterlarining faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma obektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarning mavjudligi haqida ma'lumotnoma.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, 2020 yil sholi hosilidan boshlab:

tuman hokimligi qaroriga asosan fermer xo‘jaliklari kesimida belgilangan sholi yetishtirish hajmidan kelib chiqib, sholichilik klasterlari bilan sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar o‘rtasida fyuchers shartnomalari tuziladi;

sholichilik klasterlariga sholi hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun mahsulot qiymatining 60 foizi miqdorida xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki tomonidan markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan foizlarda kredit mablag‘lari ajratiladi;

sholichilik klasteri ajratilgan kredit mablag‘larini o‘zaro tuzilgan fyuchers shartnomasiga asosan sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklarga bo‘nak tariqasida to‘lab beradi va ushbu mablag‘lar urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, yonilg‘i moylash mahsulotlari, mexanizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi;

sholichilik klasteri bo‘nak mablag‘lar yoki moddiy resurslar ajratmagan taqdirda, yetishtirilgan sholi to‘lig‘icha fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qoldiriladi;

sholichilik klasteri sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklarga mahsulot qiymatining 60 foizidan kam miqdorda bo‘nak ajratgan taqdirda, fermer xo‘jaliklari ajratilgan bo‘nak miqdoriga teng qiymatda sholi yetkazib beradi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi sholi maydonlarida agrotexnik tadbirlarining o‘z vaqtida o‘tkazilishi va bo‘nak mablag‘larining maqsadli foydalanishi ustidan doimiy nazorat olib boradi;

sholichilik klasteri tomonidan xarid qilinadigan sholining narxi sarflanadigan haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, fermer xo‘jaliklari bilan tuziladigan shartnoma asosida bozor bahosida belgilanadi;

sholichilik klasteri sholi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklaridan xarid qilingan sholi uchun yakuniy hisob-kitoblarni hosil yilining 31 dekabriga qadar to‘liq amalga oshiradi;

lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikasi xarid qilish, mineral o‘g‘itlar, urug‘lik, yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va boshqa resurslar yetkazib berish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari uchun normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan shartlar hamda tartiblar sholichilik klasterlariga ham tatbiq etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jalik vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi bilan birgalikda bir oy muddatda sholichilik va g‘allachilik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada kengaytirish, hududning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos, yangi serhosil sholi, boshoqli va dukkakli don ekinlari navlarini yaratish ishlarini jadallashtirish maqsadida Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Stansiyaning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos, erta va o‘rtapishar, yuqori hosilli, kasalliklarga chidamli sholi, boshoqli va dukkakli don ekinlari navlari va duragaylarini yaratish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish;

yangi va istiqbolli sholi, don va dukkakli don ekinlari navlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish;

zamonaviy resurstejamkor yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;

kasallik va zararkunandalarga qarshi atrof-muhit ekologik muvozanatiga ta'sir etmaydigan kurash usullarini ishlab chiqish;

sohaning yetakchi xorijiy ilmiy muassasalari bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

sholi, don va dukkakli don ekinlarini yetishtirishni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirish va takomillashtirish.

Stansiyaning moliyalashtirish manbalari etib:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa manbalar belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasi balansida bo‘lgan Nukus tumanidagi 232 gektar sug‘oriladigan yer maydonlari, ma'muriy va ishlab chiqarish binolari hamda qishloq xo‘jalik texnikalarini doimiy foydalanish huquqi asosida Stansiyaga ilmiy-tadqiqot ishlari uchun ajratilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid