Sport | 13:05 / 16.10.2019
46498
18 daqiqa o‘qiladi

«Boshlang‘ich nuqta». Abramov hal qilishi lozim bo‘lgan muammolar haqida

O‘tgan safar ham aytganimizdek, milliy jamoamiz o‘yinidagi kamchiliklarni aynan Vadim Abramov bilan bog‘lash to‘g‘ri emas, chunki bu qadar qisqa muddatda murabbiy to‘laqonli ravishda o‘z jamoasini qura olmasligi tushunarli. Bunday pallada yuz foizlik natija qayd etilgani eng ahamiyatli jihat edi. Vazifa bajarildi.

Shu bilan birga, bundan keyin jamoa qaysi falsafa va qadriyatlar asosida to‘p surmoqchi ekani, qanday o‘ynashga harakat qilayotgani haqida ham qisman baho berish, murabbiy chizgilarini payqash ham mumkin. Men esa mana shu boshlang‘ich nuqtada nimalarga urg‘u berish va kelajakda qanday muammolarga duch kelishimiz mumkinligi haqida fikr yuritmoqchiman.

HIMOYa

Avvalo, aytish kerakki, qanotlarda Alijonov va Sayfiyevga ega ekanimiz katta yutuqdir. Yaxshi texnika va pasga ega bo‘lgan, muhimi, jarima maydoniga yorib kira oladigan qanot himoyachilari – zamonaviy futbolda juda qadrlanadi. Agar har ikki qanot ham shunday futbolchilardan tashkil topsa, har qanday jamoa potensiali kuchli bo‘lishi bor gap. Bunday futbolchilar bilan ham qisqa, ham uzun paslar yordamida samarali harakat qilish oson. Ular yarimqanotdan (poluflang) ham yorib kirish, to‘pni nazorat qilishga qodir bo‘lishgani tufayli, jarima maydonida son jihatidan ustunlik qilish imkoni paydo bo‘ladi. Yoki hujum frontini kengaytirish orqali vingerlarga zonalar ochiladi – himoyachi butun qanot bo‘ylab o‘ynay olishi tufayli vingerlar kerak bo‘lganda bemalol ikkinchi hujumchi pozitsiyasiga o‘tib olishadi. Uch himoyachi bilan o‘ynash ehtiyoji paydo bo‘lganda ham, bunday himoyachilarning salohiyati qo‘l keladi.

Hatto boy, top-klublar ham doim mana shunday imkoniyatga ega bo‘lishi qiyin. Chunki mazkur xislatlarga ega himoyachini sotib olganingiz bilan, u shunchaki himoyachi emas, hujum tashkil qilish sistemasidagi muhim figura bo‘lishi talab qilinadi va doim ham futbolchi jamoaga mos tushavermaydi. «Barselona» Dani Alveshning o‘rnini hali ham to‘ldira olmadi, Gvardiola Mendini, Pochettino Oreni aynan shu maqsadlarda olib keldi, lekin jarohatlar tufayli bu murabbiylar ham hali «orzu jamoasi»ni qura olishmayapti. O‘z vaqtida, Karvaxal–Marselo juftligi yuqori sport formasida ekanida «Real» Yevropaning eng kuchli jamoasiga aylandi. Hozir esa, faqat «Liverpul» mana shunday kuchli qurol bilan maqtana oladi – Endryu Roberson va Trent Aleksander-Arnold.

Albatta, Alijonov–Sayfiyev juftligini hali yuqori saviyada sinab ko‘rmadik, lekin Abramov ham aynan mana shu quroldan foydalanishni istayotgani ko‘rinib turibdi. Lekin bundan samarali foydalanish, hujumkor himoyachilar jamoamizning ojiz nuqtasi bo‘lib qolmasligi, himoya chizig‘i butkul takomillashishi kerakligini anglatadi. Hali kuchli raqiblarga qarshi o‘ynamadik, ammo Singapur fonida ham himoyadagi tartibsizlik sezilgani xavotirimizni oshiradi. Malaka jihatidan u qadar kuchli bo‘lmagan singapurliklar juda oz hujum uyushtirishdi, shunday bo‘lsa ham, har bir hujumda himoyamizga savollar paydo bo‘ldi. Agar bunday vaziyatlarni payqaydigan va o‘z foydasiga ishlata oladigan kuchli jamoalar bilan o‘ynasak, bu holat kattaroq muammolar keltirib chiqarishi turgan gap.

Aynan Alijonov va Sayfiyevning ko‘p hollarda o‘z joylarini yo‘qotib, markaziy himoyachilar bilan tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘yganiga alohida e'tibor qaratish mumkin.

Yuqoridagi suratga e'tibor bersangiz, himoyada jamoamiz ancha zich o‘ynashga harakat qilmoqda va bu yaxshi. Bunday himoyani yorib o‘tish uchun juda yuqori individual mahorat kerak bo‘ladi. Ammo jamoa har qancha kompakt harakat qilmasin, raqibning har bir o‘yinchisi nazorat qilinishi, bir pas bilan hujum yo‘nalishi o‘zgarib ketishiga tayyor turishi lozim. Suratdagi vaziyatda esa, Alijonov negadir markaziy himoyachilar e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan hujumchi bilan o‘ynamoqda. Chap qanotda ochiq qolgan o‘z futbolchisi esa e'tiborsiz qoldirilgan. Singapur xavfli vaziyat yaratish uchun qiyinchilikka duch kelmadi – ikki pas bilan to‘p o‘sha ochiq turgan futbolchiga kelib tushdi. Uning zarbasi esa, darvozamiz ustuniga tegdi.

Yoki quyidagi suratlarga e'tibor bering:

Bu safar Sayfiyev shunday xatoga yo‘l qo‘ydi. Birinchi rasmga qarasangiz, singapurliklar qanotdan hujum qilayotganda Sayfiyev ham, Ashurmatov ham o‘z o‘yinchilarini qattiq qo‘riqlayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Lekin oradan sekundlar o‘tmay, uzoq burchakda yana bir hujumchi paydo bo‘ldi. E'tiborini to‘pga qaratgan Sayfiyev esa, nafaqat uni, balki o‘z futbolchisini ham unutdi. Agar personal ta'qib amalga oshirilsa, futbolchilar o‘z o‘yinchilarini qo‘riqlashlari, to‘pni qaytarishga esa, bo‘sh futbolchi harakat qilishi kerak edi. Agar zonal ta'qib bo‘lsa, Sayfiyev emas, markaziy himoyachilardan biri to‘pga peshvoz chiqishi lozim edi. Bu holatda esa, ikki futbolchi qarshisida qolgan Sayfiyev to‘pni o‘z futbolchisini ham, zonasini ham tark etib, to‘pni qaytarishga harakat qildi.

Bunday holatlarga alohida e'tibor berayotganimning sababi, raqib gol urgan vaziyatda ham himoya shunday xatoga yo‘l qo‘ygandi. Nafaqat markaziy himoyachilarimiz bo‘yi baland hujumchiga yuqori qavatni yutqazishdi, balki umuman o‘sha vaziyatda barcha pozitsiyalar boy berilgandi.

Qarang, hujumchiga ikki himoyachi xalaqit beryapti, bunday noqulay sharoitda darvozaga zarba berishning o‘zi qiyin. Gap hujumchining omadi kelganida ham emas. Agar zarba ko‘ngildagidek chiqmaganda yoki hujumchi shunchaki, to‘pni sheriklariga yetkazishga uringanda ham, unda imkoniyatlar bor edi. Ashurmatov e'tiborini to‘pga qaratgani uchun, oldidagi ikki futbolchini nazorat qila olmayapti va agar to‘p o‘sha zonaga tushganida, raqib gol urish imkoniyatiga ega bo‘lardi. Agar to‘p orqaga o‘tib ketganda ham, negadir bor e'tiborini markazga qaratgan Sayfiyev yana o‘z futbolchisini unutgan. Birgina mana shu soniyalarda raqibning barcha futbolchisi gol urish salohiyatiga ega bo‘lib turgani chindanam xavotirli.

Faol qanotlarga ega bo‘lishning eng muhim sharti – markaziy himoyachilar ham ancha yuqorida o‘ynashga majbur bo‘ladi. Bu esa, raqibga qarshi hujum uchun keng zonalar taqdim etadi. Ushbu sharoitda barcha himoyachilarning, shuningdek tayanch futbolchilarining ham o‘zaro tushunish darajasi juda yuqori bo‘lishi, yanayam muhimi, jarayonni boshqarib turadigan yetakchi futbolchi ham mavjud bo‘lishi kerak. «Liverpul» faol qanotlardan qachonki, Virjiyl van Deyk sotib olingach, samarali foydalana boshladi. Shu bilan birga, top-raqiblarga qarshi markazdagi uchala futbolchi ham himoyalanish koeffitsiyenti yuqori bo‘lgan futbolchilardan (Veynaldum, Milner, Henderson, Fabino, Keyta) tuziladi. Ya'ni, bundan keyin ham qanotlardan faol foydalanmoqchi bo‘lsak, yarim himoyachilar yanada faol bo‘lishlari shart.

Raqibning qarshi hujumiga e'tibor bering. Ahamiyatlisi, bu holat bizning qanaqadir standart vaziyatimizdan keyin yuzaga kelmadi. Raqib autdan to‘pni o‘yinga kiritdi va paslar asosida himoyadan chiqib ketib, uzun pasni amalga oshirdi. Go‘yoki, hamma o‘z o‘rnida bo‘lishi kerak bo‘lgan vaziyat.

Lekin Ashurmatovni kadrda ko‘rmayapmiz, raqib hujumchisini esa, Alijonov muvaffaqiyatsiz ta'qib qilib bormoqda.

Hujumchi To‘xtaxo‘jayevni ortda qoldirdi. Yaxshiyamki, unda vaziyatni baholash va juda qulay turgan sherigiga to‘pni uzatishga malaka yetarli bo‘lmadi, agar raqib individual kuchliroq futbolchilarga ega bo‘lganida, bemalol hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Qaysidir jihatdan, bu vaziyat Falastinning ikkinchi golidagi holatni esga soldi. Yaxshiyamki, To‘xtaxo‘jayev bu vaziyatda hujumchiga oxirigacha qarshilik qila oldi.

Xulosa qilib, nima deyish mumkin? Ikkinchi golga Sayfiyev assistentlik qildi. O‘tgan o‘yinda ham, Farruxning to‘p uzatishidan keyin Shomurodov boshi bilan gol urgandi. Alijonov ham ancha xavf tug‘dirdi, hatto bir vaziyatda uning o‘zi ham gol urishi mumkin edi. Bu juda yaxshi. Himoyadagi xatolar aynan mana shunday vaziyatlar, gollar bilan ham kompensatsiya qilinadi. Agar qanotdagilarga xatosiz o‘ynash buyurilsa, hujumdagi unumdorligimiz sezilarli darajada tushib ketishi ham shubhasiz. Yuqorida aytganimdek, «Liverpul» kerakli muvozanatni topib, qanot himoyachilarni hujumdagi eng asosiy quroliga aylantirib olguncha, juda ko‘p pand yegan, raqibga ko‘p imkoniyat taqdim etgan. Abramovning vazifasi ham shunday – imkon qadar himoya va hujum muvozanatini topishi, kerakli paytda futbolchilar bir-birlarini straxovka qilishlarini ta'minlovchi ko‘rsatmalarni ishlab chiqishi, eng muhimi, himoyalanishda yarimhimoyachilarning o‘rnini oshirishi mumkin. To‘g‘ri, ba'zi vaziyatlarda Odil yoki Qodirqulovning juda ajoyib shaklda to‘pni raqibdan olib qo‘yganini ko‘rdik. Lekin himoyalanish individual emas, jamoaviy jarayon va bu borada hatto Singapur qarshisida ham kamchiliklar ko‘zga tashlandi.

To‘g‘ri, biz o‘ta talabchanlik qilib yuborayotgandirmiz, lekin keyingi bosqichlarda raqiblarning bosimi ham, yuklamasi ham oshib borishini nazarda tutgan holda, jamoa ham tayyor bo‘lib, o‘sib borishi lozim bo‘ladi. Bu borada qilinadigan ishlar yetarli.

HUJUM

Ikki o‘yinda sakkizta gol. Asosiy hujumchimiz Eldor Shomurodov ikki o‘yinda uch gol urgani odamni xursand qiladi, go‘yoki, biz bu quroldan samarali foydalanmoqdamiz. Ammo agar qarshilikni biroz oshirsak-chi? Singapurga qarshi o‘yinda hisob 2:1 bizning foydamizga bo‘lib turgan vaziyatni eslang. O‘shanda agar raqib hisobni tenglashtirsa, biz darrov reaksiya qilib, vaziyatlar yaratishimiz va kerakli golni urishimizga ishonch katta edimi sizda? Menda yo‘q. Chunki jamoaning o‘yin sifatida tartibli raqibga qarshi yaratilayotgan vaziyatlarning miqdori bilan o‘lchanadi. Ya'ni, to‘pni darvozabonimizdan boshlab, himoyadan hujumga olib chiqish, shu orqali xavfli vaziyatlar yaratayotgan holatlar u qadar ko‘p emas.

Misol uchun, Singapurga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida Eldor raqib darvozasiga atigi bir marta zarba berdi. Ikkinchi bo‘limda, ya'ni raqib hisobda ortda qolib, biroz tavakkal, biroz tartibsiz o‘ynay boshlagach esa, Shomurodovning zarbalari soni 5ta bo‘ldi. Ikki gol, bir marta ustunga tegdi, bir marta bo‘sh qolgan darvozaga va yana bir zarba juda qulay vaziyatda amalga oshirildi. Xo‘sh, nega farq bunaqa katta? Yoki Abramov ikkinchi bo‘limda kerakli o‘zgarishni amalga oshirdimi? Yo‘q, Shomurodovda paydo bo‘lgan bu erkinlikni, yuqorida aytganimdek, ko‘proq Singapur taqdim etdi. Raqib tartibli himoyalanganda yoki Shomurodov yaxshi qo‘riqlanganda, biz bundan boshqa futbolchilar yordamida foydalana olmayapmiz. Bu yerda gap taktik jihatdan ko‘ra, tarkibdagi o‘yinchilar xarakteridan kelib chiqadi.  

Keling, Yevropa futbolida uslub jihatdan Shomurodovga yaqinroq bo‘lgan taran hujumchilardan foydalanadigan jamoalarni ko‘rib chiqamiz. «Bavariya», «Atletiko», «Tottenhem», «PSJ», «Inter»... Londonliklar jamoasi safida Harri Keynning oldida Son Xin Min to‘p suradi. «Inter»da Lukakuga Lautaro sheriklik qiladi. «Bavariya» tarkibida Myuller bor. Ya'ni, raqib himoyasiga tinimsiz bosim uyushtiradigan hujumchilar yonida «insayd» – ikkinchi hujumchining ham bo‘lishi muhim. U sherigi hosil qiladigan zonalarni poylashi, yuqori qavatlar uchun kurashilganda, «podbor»larga tayyor turishi lozim bo‘ladi. Lukaku «Manchester Yunayted»da to‘p surganda ham, qanotlarda vingerlar emas, Reshford, Marsiyal kabi, himoyachilar orqasidan «ochila» oladigan hujumchilar bor edi.  

Masharipov ham, Hamdamov ham, ko‘proq vinger hisoblanishadi. Albatta, ular ham ko‘p gol ura olishadi, sermahsul o‘yin ko‘rsatishlari mumkin, yaxshi zarba va texnikaga ega. Ammo asosan to‘pni egallab, markazga o‘tib zarba berish yoki krosslardan so‘ng gol ura olishadi, xolos. To‘pga egalik qilayotgan paytimizda jarima maydoniga to‘psiz yorib kirib, vaziyat yaratishda u qadar usta emas. Masalan, Singapurga urilgan uchinchi golni eslang – Aliboyev ajoyib tarzda Shomurodovni to‘p bilan ta'minladi. Xuddi shunday pozitsiyada Shomurodov o‘rnida Hamdamov yoki Masharipovni tasavvur qilishimiz qiyin, shunday emasmi?

Ya'ni to‘pni nazorat qilayotgan paytimizda, o‘tkir paslar uchun tayyor turadigan ikkinchi hujumchiga muhtojmiz. Aks holda, Shomurodovni tartibli qo‘riqlayotgan raqib himoyasi u qadar qiyinchilikka duch kelmayapti. U tomon uzatiladigan uzun paslar ham hech qanday xavf sodir qilmayapti. Eldorning bu qo‘riqlashidan foyda chiqaradigan va hujumlarni samarali yakunlaydigan futbolchi bilan hujumlarimiz yanada rang-barang bo‘lardi, deb o‘ylayman. Masharipov–Shomurodov–Hamdamov uchligi bilan 4-3-3 sxemasi kuchliroq raqiblar bilan o‘yinda ish bermasligi, raqib osonlik bilan bu futbolchilarni yopib qo‘yishi mumkin.

XULOSA

Vadim Abramovning kelishi terma jamoa kayfiyatiga ijobiy ta'sir qilgani, o‘yin borasida o‘sish kuzatilganini e'tirof etish shart, albatta. Lekin haqiqiy salohiyatimiz nafaqat noyabrdagi Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda, balki, ko‘proq kelasi yili yuzaga chiqadi, deb o‘ylayman. Chunki bunga yaqin vaziyatni so‘nggi yillarning o‘zida ikki marta guvohi bo‘ldik.

Birinchisi, Mirjalol Qosimov ketgach, Samvel Babayan keldi va jamoamiz qatorasiga bir nechta o‘yinda ishonchli g‘alabaga erishdi. Lekin oradan yetarlicha vaqt o‘tgach, jamoa yangi g‘oyaga, poydevorga muhtojlik sezganida, Babayan buni bera olmadi. Jamoa avvalgidan badtar ilojsiz ahvolga tushdi. Ikkinchisi, «Manchester Yunayted»dan Mourino ketib, Sulsher kelganidagi holat. Bu yerda ham xuddi shunday, jamoa qatorasiga bir nechta o‘yinda g‘alabaga erishdi, lekin bu o‘zgarish ham vaqtincha bo‘ldi. Aslida, Babayan Qosimovdan, Sulsher Mourinodan kuchliroq murabbiy deb ham aytolmaymiz, unda bu o‘sishning sababi nima edi?

Bu haqida avvalgi maqolada ham aytgandim. Inqirozga tushib qolgan jamoaning muammolari chetdan yaxshiroq ko‘rinadi. Inqirozdagi murabbiy shu holatga o‘z qarorlari orqali tushgani uchun, buni ko‘rmaydi – muammo uslub yoki taktikada emas, bularning amaliyotda ko‘chmayotganida deb bilaveradi. Futbolchilarni aybdor deb biladi. Hech qachon o‘z qarashlarini tubdan o‘zgartira olmaydi, bunga ehtiyoj ham sezmaydi. Chetdan kelgan murabbiy esa, asosiy muammolarga yechim bilan keladi va tezda natijaga erishishi mumkin. Qisqa muddatda u o‘z jamoasini qurmaydi, balki muvaffaqiyatsiz jamoani ta'mirlaydi. Albatta, ta'mirlangan variant eskisidan yaxshiroq bo‘lgani uchun natijalar ijobiy tomonga o‘zgarishi turgan gap. Lekin qachonki, endi, jamoani tuzish, o‘z falsafasini singdirishga kelganda, buning ustiga, bu jarayon natijalarga putur yetmagan holda amalga oshirilishi lozim bo‘lganida, haqiqiy muammolar boshlanadi.

Shu nuqtayi nazardan, albatta, o‘zbek muxlislari eyforiyaga berilmayotganini to‘g‘ri deb bilaman. Albatta, g‘alaba, gollar, keltirilgan ochkolar juda muhim. Xuddi shu jarayon qandaydir talafotlar bilan ham amalga oshishi mumkin edi. Unday bo‘lmagani uchun xursand bo‘lsak, murabbiylar shtabiga va futbolchilarga rahmat aytsak arziydi. Lekin shu bilan birga, vaziyatga real ko‘z bilan qarash, tahlil qilish, orzularimizni imkoniyatlardan uzoqlashib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz ham zarurdir. Omad tilayman.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid