Jamiyat | 18:15 / 18.10.2019
95272
7 daqiqa o‘qiladi

Bahriddin Isamov va Mansur Tuymayevga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi

Tadbirkor Bahriddin Isamovga 1 yil 10 oy 22 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Bugun, 18 oktabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida sudlanuvchilar Bahriddin Isamov va Mansur Tuymayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

Oliy sud matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidovning Kun.uz’ga xabar berishicha, mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi raisi Lutfulla Mamarajabov raisligida ko‘rib chiqildi.

E'lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Bahriddin Isamov (1963 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, «Hisor sarlochin» MChJda ishchi bo‘lib ishlagan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,98-moddasi (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish)da tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga shu modda bilan 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ehtiyot chorasi sifatida 2019 yil 21 iyuldan 2019 yil 29 avgustga qadar 1 oy 8 kun qamoqda o‘tirgan kunlari tayinlangan jazodan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 62-moddasi (dastlabki qamoq vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan chegirilib, qat'iy o‘tash uchun 1 yil 10 oy 22 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

Mansur Tuymayev (1976 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti - oliy, oilali, Yakkabog‘ tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-1-moddasi (xususiy mulk huquqini buzish) 3-qismi «a» bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda eng kam oylik ish haqining 510 baravari miqdorida ya'ni, 103 392 300 so‘m jarima jazosi tayinlandi. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilandi. Tuymayevning jinoiy harakatlari oqibatida 61 nafar tadbirkor va 30 nafar fuqaroga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplab berish majburiyati Yakkabog‘ tuman hokimligi zimmasiga yuklatildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirilgan.

Jinoiy ish tarixi

Shu yilning yozida tadbirkor Bahriddin Isamov Yakkabog‘ tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan Mansur Tuymayev «Hisor sarlochin» MChJning do‘konlarini buzishga kelganida uning ustiga benzin sepib yoqib yubormoqchi bo‘lgandi.

Tadbirkor 21 iyul kuni Isomov Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibda ushlangandi. 22 iyul kuni Isomovga ayb e'lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tuman hokimi o‘rinbosari ham egallab turgan lavozimidan bo‘shatilib, unga nisbatan ham JKning tegishli moddalari bilan jinoiy ish ochilgan edi.

17 sentabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida sudlanuvchilar Bahriddin Isamov va Mansur Tuymayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlangandi.

Ozodlikni cheklash - bu qamalish emas

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida bu borada izoh bergan.

«Ozodlikni cheklash jazosi, bu jaydari tilda aytganda - uy qamog‘i. Lekin bunda ham har doim mahkumni kun davomida uyiga qamab qo‘yishar ekan, umuman uyidan chiqarmaskan, deb o‘ylamaslik kerak.

Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga binoan, ozodlikni cheklash jazosi sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat bo‘lishi ham mumkin. Masalan, kechki soat 20:00dan ertalabki soat 8:00gacha yashash joyidan chiqishni cheklashadi. Kunduz kuni esa bemalol erkin harakatlanaveradi. Katta ehtimol bilan tadbirkor Bahriddin Isamovga ham shunga o‘xshash cheklov o‘rnatilgan bo‘lsa kerak (Oliy sud xabarida bunga aniqlik kiritilmagan).

Aslida tadbirkor aybdor deb topilgan jinoyat bo‘yicha (98-modda, kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ya'ni tadbirkorga ushbu modda sanksiyasida nazarda tutilgan eng yengil jazoni berishibdi. Menimcha, tadbirkorga nisbatan adolatli hukm chiqarilgan. Har holda tirik insonning ustiga benzin quyib yoqib yuborishni har qanday vaziyatda ham oqlab bo‘lmaydi.

Endi hokim o‘rinbosariga masalasiga kelsak. Ayrimlar «uni qamash kerak edi», deyishmoqda. Bu fikrga ham uncha qo‘shilmayman. Hokim o‘rinbosari juda va juda noto‘g‘ri ish qildi, bu shubhasiz. Ammo hammani qamayvermaslik kerak, aslida. Bu davlat budjeti uchun ham qo‘shimcha zarar, jinoyatchini bir necha yil boqish kerak bo‘ladi. Va bunaqa qilmishlar uchun qamalgan bilan biror narsa o‘zgarib, jamiyatga foyda kelib qolmaydi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llayverish kerak.

«Mayli, qamoq bo‘lmasin, lekin hech bo‘lmasa hokim o‘rinbosariga ham ozodlikni cheklash jazosini qo‘llagan ma'qulmikin», deguvchilar ham topilsa kerak. Ularning gapida ham jon bor, inkor etmayman. Ammo mansabdor shaxsning qilmishi tufayli o‘zgalarga eng avvalo moddiy zarar yetgan, demak uning o‘zidan ham katta miqdorda jarima olish, unchalik ham mantiqsiz qaror emas. Mol achchig‘i, jon achchig‘i deganlariday...

Har ne bo‘lganda ham, ushbu voqealarga boshqalarga ham o‘rnak bo‘lib, bu kabi ko‘ngilsiz va noxush holatlar qayta sodir etilmaydi, degan umiddamiz», deya yozadi bloger.

 

Mavzuga oid