Jamiyat | 12:05 / 19.10.2019
13509
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda yangi sement zavodi qurilmoqda

Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida 2017 yilning 5 apreldagi Rossiya va O‘zbekiston davlat rahbarlarining “Yevrosement grup” xolding hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, uyushmasi mas'ulligida “Yevrosement grup” xolding tomonidan “Ohangaronsement” AJ hududida qurilish materiallari klasterini tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati 200 mln. dollar bo‘lgan yirik loyiha amalga oshirilishi belgilangan. E'tiborlisi, mazkur bunyodkorlik ishlariga 100 mln. AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilingan.  

Loyihaga ko‘ra, bu yerda sementdan tortib, tayyor temir-beton mahsulotlarigacha ishlab chiqariladi. Xususan, yiliga 144 ming kub metr beton, 30 ming kub metr temir-beton, sement va metallurgiya sanoati uchun yiliga 3500 tonna olovbardosh g‘ishtlar tayyorlanadi. 

Yana bir yangilik, hududda yillik quvvati 3 mln. tonnani tashkil etuvchi yangi sement zavod quriladi. Zavodga jahonga mashhur energiya tejamkor, innovatsion Thyssen Krupp, Gebr Pfeiffer, Aumund, IKN, Fives Pillard texnologiyalari o‘rnatiladi. Buning natijasida energiya sarfi 2 barobarga kamayadi. Shu bilan birga 400 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Qurilish-montaj ishlari 2018 yilda boshlangan bo‘lib, loyiha 2020 to‘liq foydalanishga topshiriladi. Ayni paytda loyihalash ishlari 90, yer ishlari 86, monolit quyish jarayoni esa 70 foiz bajarildi. Bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgach bu yerda yuqori markali, sifatli sement mahsuloti ishlab chiqariladi. 

Ma'lumot uchun: “Ohangaronsement” AJ Toshkent viloyatidagi eng yirik sement ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Zavod yiliga 2,2 mln. tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega bo‘lib, bu O‘zbekistonda sementga bo‘lgan talabning 22 foizini tashkil etadi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid