O‘zbekiston | 14:20 / 26.10.2019
14255
3 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi elchixona konsullik ro‘yxatida turuvchi o‘zbekistonliklarning umumiy soni ochiqlandi  

Foto: O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi konsullik ro‘yxatida turuvchi o‘zbekistonliklarning umumiy soni 3700 kishini tashkil etadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining 25 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan seminarida ma'lum qildi.

Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, seminarda O‘zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Javlon Vahobov Amerika Qo‘shma Shtatlari hududida ikkita saylov uchastkasi – Vashington shahridagi elchixonada 12-son va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonada 33-son saylov uchastkalari tashkil etilganligi to‘g‘risida axborot berdi. Ikkala uchastka saylov komissiyalarining tarkibi shakllantirilgan.

Qayd etilishicha, diplomatik vakolatxonalar tomonidan AQSh va Kanada hududida vaqtincha yoki doimiy yashaydigan O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Diplomatik missiya bergan ma'lumotga ko‘ra, hozirgi paytda konsullik ro‘yxatida turuvchi O‘zbekiston fuqarolarining umumiy soni 3700 kishini tashkil etib, ularning 740 nafari Vashington shahridagi O‘zbekiston elchixonasida va 2960 nafari esa Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonada konsullik ro‘yxatiga olingan.

Bo‘lajak parlament saylovida saylov uchastkalaridan uzoqda yashovchi vatandoshlarning faol ishtirokini ta'minlash uchun O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan diaspora tashkilotlari, jumladan Turkiston-Amerika assotsiatsiyasi (Nyu-York shahri), AQSh va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi (Nyu-York shahri), Katta Filadelfiyadagi o‘zbekistonliklar hamdo‘stligi (Pensilvaniya shtati), «Vatandosh» tashkiloti (Pensilvaniya shtati), Chikago shahridagi O‘zbekiston-Amerika assotsiatsiyasi (Illinoys shtati), Atlantadagi o‘zbek jamiyati (Jorjiya shtati), Amerika davlatlaridagi O‘zbekiston yoshlar assotsiatsiyasi (Vashington shahri) va o‘zbekistonliklarning boshqa birlashmalari bilan birgalikda tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bo‘lajak saylovida AQShning nufuzli xalqaro kuzatuvchilari ishtirok etishini ta'minlash uchun elchixona O‘zbekiston Senati rahbariyati bilan birgalikda Vashington shahrida AQSh kongressmenlari, siyosiy arboblari va nohukumat tashkilotlarning ekspertlari ishtirokida qator brifinglar o‘tkazilib, hamkorlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rishning borishi, O‘zbekistonning saylov qonunchiligidagi yangiliklar va saylov shaffofligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Mavzuga oid