O‘zbekiston | 08:07 / 02.11.2019
14301
5 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga himoya orderi qanday tartibda berilishi ma'lum bo‘ldi

Illyustrativ foto

Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtiriladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabrlanganlar, shuningdek tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi yagona elektron ma'lumotlar bazasini shakllantiradi va uning doimiy ravishda yangilanib borilishini hamda vakolatli davlat organlariga integratsiya qilinishini ta'minlaydi.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, himoya orderi muvofiq seriya va raqamga ega bo‘lgan, qat'iy hisobi yuritiladigan, faqatgina tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga nisbatan belgilangan cheklovlarni qayd etish hujjat hisoblanadi.

Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan beriladi.

Profilaktika inspektori jabrlangan xotin-qizlarga va zo‘ravon shaxslarga quyidagilarga asosan himoya orderini beradi:

tazyiq va (yoki) zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning murojaati;

jismoniy yoki yuridik shaxslarning tazyiq va (yoki) zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar to‘g‘risidagi xabarlari.

Fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar hamda vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari yoki boshqa yuridik shaxslar jabrlangan xotin-qizlar bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lgan vaqtda uni 24 soat ichida muvofiq shakldagi xabarnomani ichki ishlar organlariga yoki profilaktika inspektoriga taqdim etadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan og‘zaki yoki aloqa vositalari orqali berilgan xabarlar, ichki ishlar organlari navbatchilik qismidagi xabarlarni qayd etish kitobiga yoki tayanch punktida yuritiladigan fuqarolarni qabul qilish kitobga qayd etiladi yoki ularning xohishiga ko‘ra sir saqlanishini ta'minlagan holda qonun hujjatlariga muvofiq qayd etiladi.

Olingan murojaatlar va xabarlar ichki ishlar organlari navbatchilik qismi navbatchisi tomonidan belgilangan tartibda qayd etilgandan so‘ng uch soat ichida profilaktika inspektoriga taqdim etadi.

Profilaktika inspektori ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari tomonidan hamda taqdim etilgan xabarlarni zudlik bilan o‘rganib chiqadi hamda mazkur xabarlarda himoya orderi berishga asos bo‘lgan holatlarni aniqlagan taqdirda himoya orderini jabrlangan xotin-qizlarga va zo‘ravon shaxslarga belgilangan tartibda rasmiylashtirib beradi.

Shaxs himoya orderini olish va uni imzolashni rad etgan taqdirda, profilaktika inspektori xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzadi.

Himoya orderi rasmiylashtirilganda barcha yozuvlar ko‘k (havorang) siyohli ruchkada, tushunarli qilib yoziladi.

Himoya orderi uch qismdan iborat:

birinchi qism (asli) to‘ldirilgandan so‘ng jabrlangan xotin-qizlarga beriladi;

ikkinchi qism (nusxasi) zo‘ravon shaxslarga beriladi;

uchinchi qism profilaktika inspektorida qoladi.

Profilaktika inspektori himoya orderini rasmiylashtirishda xotin-qizlarga nisbatan o‘tkazilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatidan kelib chiqqan holda zo‘ravon shaxsga O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasidagi bitta yoxud bir nechta cheklovni birga qo‘llashi mumkin.

Himoya orderining amal qilishi quyidagi holatlarda to‘xtatiladi:

jabrlangan xotin-qizlar himoya orderini to‘xtatishni so‘rab murojaat qilsa;

himoya orderida belgilangan muddat (uzaytirilgan muddat) tugasa;

zo‘ravon shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilsa;

sodir etgan jinoyati uchun jabrlangan xotin-qizlar yoki zo‘ravon shaxslarning biriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llansa;

jabrlangan xotin-qizlar yoki zo‘ravon shaxslarning biri sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilsa;

jabrlangan xotin-qizlar yoki zo‘ravon shaxslarning biri qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joyidan og‘ir kasalligi tufayli yoki uzoq muddatga boshqa davlatga chiqib ketgan bo‘lsa;

jabrlangan xotin-qizlar yoki zo‘ravon shaxslarning biri vafot etsa.

Mavzuga oid