Mandarin qanday foydali xususiyatlarga ega?
Vatani Xitoy sanaluvchi mandarinlar Yevropaga ilk marotaba XIX asr boshlarida kirib borgan.
Doimo yashil tusdagi Mandarin daraxti sitruslar oilasiga mansub. Uning shirin mevalari po‘chog‘ini ajratish oson, aynan shu xususiyati mandarinni boshqa sitruslardan ajratib turadi. Mandarin sarxil holida iste'mol qilinadi, mevali va sabzavotli salatlarga qo‘shiladi, shuningdek undan mandarin sharbati va murabbo tayyorlash mumkin.
Mandarin noyabr-dekabr oylarida pishib yetiladi. U Hindiston, Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiyada eng mashhur sitrus meva hisoblanadi. Uning daraxti Misr, Jazoir, Turkiya, Ozarboyjon, Braziliya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda ham o‘stiriladi.
Uning foydali xususiyatlari
Ushbu meva tarkibida organik kislotalar, shakar, askorbin kislotasi, tiamin, rutin va fitonsidlar mavjud. Terisida katta miqdorda efir moyi bor. Mandarinning to‘yimlilik darajasi 53 kkal.
Mandarinlar B va S vitamini uchun ajoyib manbadir. Kuz-qish mavsumida immunitetni mustahkamlash uchun organizmdagi vitaminlar zaxirasini to‘ldirib borish muhim ahamiyatga ega. Mandarin iste'moli ishtahani ochadi, organizmdagi moddalar almashinuvi jarayonini yaxshilaydi, umumiy quvvat beruvchi va mikroblarga qarshi kurashuvchi hisoblanadi.
Mandarindan olinadigan ko‘plab foydalarga qaramay, ularning me'yordan ortiq iste'moli allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Me'da shirasi kislotasi oshishi bilan kechuvchi gastrit va ichaklardagi yallig‘lanish xastaliklarida mandarin tanovul qilish tavsiya etilmaydi.
Sifatli mardarinni qanday tanlash mumkin?
Birinchi navbatda mevaning tashqi ko‘rinishiga ahamiyat qaratish lozim. Uning terisi zaxa bo‘lmagan va buzilmagan holatda yaxlit bo‘lishi kerak. Yetilib pishgan mandarinlarning tusi bir xilda bo‘ladi, ammo terisi g‘ayritabiiy yaltirab turganini xarid qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Mandarinlarni, shuningdek, ular yetishtirilgan mamlakatga qarab ham tanlash mumkin. Ispan navi shirin, to‘yingan apelsin rangiga ega va danakli bo‘ladi. Bu kabi mandarinlarni po‘stini archish juda oson.
Turkiya mandarinlari yorqin-apelsin tusida, danagi yo‘q, ammo nordon mazaga ega.
Ham shirin, ham suvli va danaksiz mandarinlar Marokashdan keltiriladi. Ularni to‘yingan qizilga moyil po‘st orqali ajratib olish mumkin.
Mavzuga oid
08:30 / 20.12.2023
O‘zbekistonda mandarin narxi rekord darajada arzonlashdi
19:59 / 08.01.2021
Mandarin narxi nega keskin oshgandi? Antimonopoliya qo‘mitasi mazkur meva importi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi
13:15 / 21.12.2020
O‘zbekiston 23,8 ming tonna mandarin import qildi
08:02 / 17.12.2020