O‘zbekiston | 19:20 / 06.11.2019
7116
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Lazzatli O‘zbekiston» xalqaro kulinariya chempionati bo‘lib o‘tmoqda

Bugun, 6 noyabr kuni, «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuida «Lazzatli O‘zbekiston» (Delicious Uzbekistan) xalqaro kulinariya chempionatiga start berildi. 6–8 noyabr kunlari o‘tkaziladigan ushbu musobaqa O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Ochilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Oshpazlar uyushmasi rahbari Akbar Umarov, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Oqqulov va boshqa xalqaro ekspertlar qatnashdi. Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, O‘zbekistonning turistik imkoniyati, chempionat ahamiyati haqida fikr bildirdi.

«Uch kun davom etadigan «Lazzatli O‘zbekiston» xalqaro kulinariya chempionatida 80dan ortiq mamlakatdan 250 nafar yetakchi oshpaz ishtirok etishmoqda. 20 nafar hakamlarga qatnashchilarni baholashadi. Ularning asosiy qismi xorijlik ekspertlardan iborat. Chempionat O‘zbekistonning gastronomik turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Bu bo‘yicha yana bir qancha harakatlar olib borilyapti. Jumladan, o‘zbek nonushtasini «Uzbek breakfast» nomi ostida xalqaro miqyosda olib chiqish, targ‘ib qilish rejaga kiritilgan. Nonushta asosan, sutli mahsulotlar, meva, shirinlik, non va non mahsulotlaridan tarkib topadi. «O‘zbek nonushtasi» nomli alohida kitob nashrdan chiqarildi. Unda barcha ma'lumotlar batafsil yoritilgan», deya Abduhakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, chempionat doirasida taom tayyorlashda zarur bo‘lgan oshxona jihozlari, ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

Mavzuga oid